G‘ijduvonda iqtidorli yoshlar uchun qurilib, axlatga «botib» qolgan uy: mutasaddilar esa beparvo

Jamiyat 10:50 / 21.07.2019 19969

Yaxshiyam hidni OAV orqali uzatishning iloji yo‘q. Yo‘qsa, Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani, «Fayzulla Xo‘jayev» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 86-uy — «Yoshlar uyi»da manzara ta'bingizni xira qilishi turgan gap bo‘lar edi. Iqtidorli yoshlar uchun qurilgan ko‘p qavatli uyda najosatning badbo‘y, qo‘lansa hididan uning yaqiniga kelib bo‘lmaydi (Har holda biz borgan vaqtda shunday edi). Uyning asosan old va yon tomonlarida shundoqqina ochiq holda kanalizatsiya oqovasi qaynab chiqqan.

Tabiiyki, axlat kechib o‘tlarni tozalashni hech kim istamaydi. Shuning uchun bo‘lsa kerak «tabiiy o‘g‘it» ustidagi o‘tlar manzarasi ham binoni tashlandiq holatda ko‘rsatib turadi.

«Binoga ko‘chib kirganimizga to‘rt yil bo‘lgan bo‘lsa, shuncha vaqtdan beri ana shu badbo‘y hidga chidab kelishga majburmiz. Biz murojaat qilmagan tashkilot qolmadi hisob. Muammoni o‘rganish, hal etish o‘rniga «yozuvchi» kimligini aniqlash holatlari ham bo‘lgan. Muammo esa hamon turibdi», deydi 86-uyda istiqomat qiluvchi yoshlardan biri.

Yoshlarning ma'lum qilishicha, uy atrofi oqovaga botishining sababi quyidagicha: 64ta xonadon joylashgan bino yonida bo‘yi uch metrli kanalizatsiya quyiladigan mo‘'jaz hovuz bo‘lib, deyarli 15-kunda to‘lib qolar ekan. Oqova hovuzi to‘lib borgan sari bosim kuchayib, uy atrofi va yerto‘lasidagi quvurlardan chiqa boshlaydi. Shu tarzda ba'zan yerto‘la to‘lib qolib katta mehnat va mablag‘ bilan xonadon egalari tomonidan tozalab olinadi. Ammo ma'lum muddat o‘tib yuqoridagi hovuz to‘lgan sari yana yerto‘laga najas tusha boshlaydi. Ba'zi hollarda yerto‘ladagi oqova salkam yarim metrga yetishi, ana shunday so‘ng, bu yerda qay darajada antisanitar holat yuzaga kelishini tasavvur qilish qiyin emas

Rostdan ham, iqtidorli yoshlarning, yosh oilalarning ushbu ayanchli yashash tarzini tuman rahbariyati, mutasaddi idoralar bilmagan, bilsa-da his qilmagan ko‘rinadi. Sababi, har oy bir yoki ikki marta uy egalarining o‘zi xususiy firmalarga murojaat qilib, har bir xonadondan 35000 so‘mdan pul yig‘ib axlatni tozalattirishadi. Umuman, shuncha yildan beri hali biror bir rahbar muammoga e'tibor qaratmaganini bilish uchun ikki daqiqa uy yaqinida nafas olishning o‘zi kifoya.

Tuman davlat sanitariya va epidemiologiya nazorat markazi rahbariyati tumanda «Toza hudud» korxonasi borligi, axlatlar o‘z vaqtida har doim olib chiqib ketilishini, aholidan shikoyat kelmaganini ma'lum qilmoqda. To‘g‘ri, tuman DSENM «ertaga albatta voqea joyiga borib muammoni o‘rganamiz», deb va'da berishdi. Ammo tumandagi sanitar holatni NAZORAT qilish lozim bo‘lgan idoraning shuncha yildan beri 64ta oila ayanchli antisanitar holatda yashayotganini bilmasligi yoxud bilsa-da, bong urmasligi, qat'iy harakatlarni amalga oshirmasligi tushunarsiz baribir. 

Umuman olganda muammo faqat DSENM bilan ham bog‘liq emas. To‘lib ketgan oqovani vaqtida olib ketishga mas'ul korxona ham bor (Yoshlarning bildirishicha, shu vaqtgacha «Toza hudud»ga tegishli maxsus texnikalar bu tomonlarga biror marta kelmagan. Oqovaning uy atrofi va yerto‘laga oqishi esa fikrimizcha, qurilish jarayoni haminqadar bo‘lgani, uni qabul qilishda ham aftidan, kamchiliklar bo‘lganini ko‘rsatib turibdi. Hatto bu uyda bolalar o‘yingohi qurilmagani ham g‘alati. Bino yonidagi bo‘sh maydon esa yuk mashinalari uchun norasmiy tarzda to‘xtash joyi bo‘lib turgani shundog‘am muammodan chiqolmayotgan uy egalari uchun yana bir boshog‘riq bo‘lib turibdi.

Anvar MUSTAFOYeV,

Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: