38 yildan so‘ng: Quvasoyda ko‘p qavatli arzon turarjoylar foydalanishga topshirildi

Jamiyat 22:15 / 21.07.2019 9868

Aholini uy-joy bilan ta'minlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Binobarin, mana shunday ezgu tashabbus va bunyodkorlik tufayli respublikamiz bo‘ylab yuzlab turar joylar qad rostlamoqda. Odamlarning yillar davomida ushalmagan orzulari ro‘yobga chiqmoqda.  Bunda davlatimiz rahbarining 2016 yil 22 noyabrdagi “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p qavatli uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal bo‘layotir.  

Ma'lumotlarga ko‘ra, bugungi kunga qadar respublikamiz bo‘yicha jami 602 ta ko‘p qavatli arzon uy-joylar foydalanishga topshirilgan. Birgina o‘tgan yilning o‘zida 16 ming  937  ta xonadondan iborat jami 411 ta ko‘p qavatli arzon uylar bunyod etilgan. Joriy yilda esa bu ko‘rsatkich 355 tani tashkil etadi. Davlatimiz rahbari 2018 yil 12-13 iyun kunlari  Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida Quvasoy shaharida 5 ta ko‘p qavatli arzon turarjoylar qurish bo‘yicha ko‘rmatma bergan edi. Shu tariqa shaharning “Pakana” MFY  hududida 2 ta 5 qavatli va “Yoshlik”  MFY  hududida 3 ta 5 qavatli, jami 5 ta 5 qavatli 225 xonadonga mo‘ljallangan uylar barpo etilishi boshlangandi. 

Kuni kecha “Yoshlik”  MFY  hududida qurilgan 3 ta 5 qavatli uylarnining kalitlari o‘z egalariga topshirildi.  Qayd etish joizki, shu tariqa respublika bo‘yicha 2019 yil dasturi asosida qad rostlayotgan arzon uy-joylarni foydalanishga topshirilishga “start” berildi. Tadbirda tuman hokimi xonadon sohiblariga kalitlarni torshirar ekan, ushbu bunyodkorlik aholini yillar davomida kutilgan orzusi ekanligini ta'kidladi. 

Ma'lumot uchun Quvasoyda ko‘p qavatli turarjoy binolari qurilishining oxirgisi 1983 yilga to‘g‘ri keladi. Shundan buyon tumanda birorta ham ko‘p qavatli bino qurilmagan. Albatta, bu uylar shaharning 65 yillik yubeleyiga munosib sovg‘a bo‘ldi.  

Imtiyozli ipoteka kreditlari asosida foydalanishga topshirilgan zamonaviy turar-joylar “O‘zshahar qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan bunyod etildi. Har biri 45ta xonadondan iborat ko‘p qavatli uylar 1,2 va 3 xonadonlidir.  

Joriy yildan boshlab qurilayotgan arzon ko‘p qavatli turar joylarning tashqi kommunikatsiya tarmoqlari va obodonlashtirish ishlari ham “O‘zshahar qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan tomonidan amalga oshirilishi obektni yaxlit holda bir vaqtning o‘zida foydalanishga topshirilishiga xizmat qilmoqda. Muhtasham bolalar maydonchasini to‘ldirib o‘ynayotgan bolajonlar quvonchi hamda yuzlarida tabassum ila atrofga boqayotgan nuroniylar nigohi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorliklarga shukronalikdan dalolat. 

Tadbirda kuy-qo‘shiqlar yangradi. Yangi xonadon sohiblariga kalit bilan birgalikda qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi. Qurilishda namuna ko‘rsatgan ishchilar ham qimmatbag‘o sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonda bugungi kunda amalga oshirilayotgan keng qurilish-bunyodkorlik ishlari natijasida odamlarning hayoti yaxshilanib, kelajakka umid hissi yanada kuchaymoqda. Ayniqsa, hududlarda barpo etilayotgan  ko‘p qavatli arzon uy-joyga ega bo‘layotgan yosh oilalarning quvonchi cheksiz.

Ko‘proq yangiliklar: