Jizzaxda yoshlarni sportga jalb etish tizimi takomillashtiriladi

Sport 14:42 / 19.07.2019 2854
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Jizzax viloyatida yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish tizimini takomillashtirish hamda mavjud sport inshootlari quvvatidan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Quyidagilar:

Jizzax viloyatida 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning kamida 30 foizi (204 ming nafari)ni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb etish, mavjud sport inshootlarining quvvatidan samarali foydalanish, olis va chekka qishloqlarda sport inshootlarini barpo etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”;

“Yo‘l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirilishini tashkillashtirish va nazoratini olib borish bo‘yicha ishchi guruhi tarkibi;

jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishida mavjud oliy va o‘rta maxsus ta'lim muassasalari bitiruvchilarini pedagogik amaliyot o‘tashi belgilangan muassasalar ro‘yxati;

Jizzax davlat Pedagogika institutida umumta'lim maktablarining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilarini to‘garak yuritishi bo‘yicha tashkil etiladigan bir martalik o‘quv kurslariga jalb etish jadvali;

Jizzax viloyati tuman (shahar)lari hokimlariga jismoniy tarbiya va sport masalalari bo‘yicha biriktirilgan sport yo‘nalishi bo‘yicha maslahatchilar ro‘yxati tasdiqlanadi.

Ishchi guruh “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan vazifalarning ijrosini har chorakda kamida bir marta tahlil qilib, ularni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni bartaraf etib borish choralarini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi va Jizzax viloyat hokimligining:

“O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi”, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvonlariga va “Xalqaro toifadagi O‘zbekiston sport ustasi” unvoniga ega sportchilar hamda Jahon va Olimpiya o‘yinlari sovrindorlarini Jizzax viloyati tuman (shahar)lari hokimlariga jismoniy tarbiya va sport masalalari bo‘yicha jamoatchilik asosida maslahatchi lavozimiga tayinlash to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.

Jizzax viloyatining tuman (shahar)lar hokimliklari maslahatchi sifatida biriktirilgan sportchilar va malakali mutaxassislar bilan faol hamkorlikni yo‘lga qo‘ysin hamda ularning joylarda samarali faoliyat yuritishlari uchun yetarli shart-sharoit yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziriga zarurat taqozosiga ko‘ra tuman (shahar)lar hokimlariga jismoniy tarbiya va sport masalalari bo‘yicha maslahatchi sifatida biriktirilgan sportchilar ro‘yxatiga tegishli o‘zgartirish kiritish huquqi berilganligi belgilab qo‘yiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yilgi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Xalq ta'limi vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga asosan umumta'lim maktablari hamda sport muassasalarini zarur sport anjomlari va o‘quv qo‘llanmalar bilan bosqichma-bosqich ta'minlash hamda ularni yangilab borish uchun zarur mablag‘larni nazarda tutadi.

Belgilanishicha, “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish ishlarini amalga oshirishda birinchi navbatda umumta'lim maktablari imkoniyatlaridan keng foydalaniladi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Jizzax viloyati hokimligi bilan birgalikda:

yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish borasidagi barcha mavjud imkoniyatlardan samarali va to‘liq foydalanish hamda umumta'lim maktablari o‘quvchi-yoshlari va maktablarga tutash hududdagi mahalla yoshlarini jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida viloyatdagi barcha umumta'lim maktablarida yoshlar qiziqqan sport turlari bo‘yicha to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.

Bunda:

Xalq ta'limi vazirligi to‘garaklar faoliyatini tashkil etish, umumta'lim maktablarida turli tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish, ularning mazmundorligini ta'minlash;

to‘garaklarni samarali faoliyat yuritishi, tadbirlar o‘tkazilishi uchun sport zallarida tegishli shart-sharoit yaratish, ularga o‘quvchi-yoshlar qatnovini ta'minlash;

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Jizzax viloyat hokimligi bilan birgalikda, ajratilgan mablag‘lar doirasida umumta'lim maktablari va bolalar-o‘smirlar sport maktablariga zarur bo‘lgan sport jihozlarini xarid qilish hamda joylarga o‘z vaqtida yetkazish choralarini ko‘radi.

Belgilanishicha, davlat xaridlari doirasida xarid qilinayotgan sport anjomlari va jihozlari sifati, belgilangan davlat va xalqaro standartlar talablariga to‘liq javob berishi va tegishli muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lishi shart.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Jizzax viloyat hokimligi bilan birgalikda:

viloyatning malakali trenerlarga talab yuqori bo‘lgan tuman (shahar)lari uchun tasdiqlangan qabul kvotalari doirasida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga davlat granti asosida bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha 2020/2021 o‘quv yilida 20 ta va kelgusi o‘quv yillarida Jismoniy tarbiya va sport vazirligining buyurtmasiga asosan maqsadli qabul kvotalari ajratish;

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Jizzax Davlat Pedagogika instituti sirtqi bo‘limida “Sport faoliyati” ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash choralarini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi:

a) Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Jizzax viloyati hokimligi bilan birgalikda:

2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan Jizzax viloyati Jizzax shahridagi Sport o‘yinlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabining TIP-1 sport majmuasini rekonstruksiya ishlari uchun 10 mlrd. so‘m ajratish hamda mazkur obektni bolalar-o‘smirlar futbol akademiyasiga aylantirish ishlarini amalga oshirilishini;

2020 yil O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirishda Jizzax viloyati Yangiobod tumani bolalar–o‘smirlar sport maktabining rekonstruksiya qilib, 18x42 o‘lchamdagi sport zal qurish ishlari uchun zarur markazlashgan kapital quyilmalar limitlari ajratilishini ta'minlaydi.

b) Jizzax viloyati hokimligi bilan birgalikda umumta'lim maktablari va sport muassasalarida to‘garaklar tashkil etish uchun zarur bo‘ladigan sport anjomlari va o‘quv qo‘llanmalarni mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan ta'minlash choralarini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Jizzax viloyati hokimligi bir oy muddatda umumta'lim maktablari, oliy ta'lim muassasalari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning sport zallari, yirik sport inshootlariga yoshlarni jalb etib, ularni sportga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish, yosh sportchilarni Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida Respublikamizning nomdor va taniqli sportchilari, jahon va Olimpiyada chempionlari bilan 2019-2020 yillar davomida uchrashuvlarini tashkil etish jadvalini ishlab chiqadi va ijrosini ta'minlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: