Favqulodda vaziyatlar vazirligi vertolyotlardan foydalanishi bo‘yicha qaror qabul qilinadi

O‘zbekiston 21:10 / 16.07.2019 4602

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutasaddi xodimlari ishtirokida jurnalistlar bilan intervyu bo‘lib o‘tdi.

Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi, uning hududiy va tarkibiy tuzilmalari Ichki ishlar vazirligidan Favqulodda vaziyatlar vazirligiga o‘tkazilishi natijasida soha oldiga yangi vazifalar qo‘yilgani ma'lum qilindi.

Endi FVV — yong‘in xavfsizligini ta'minlashda davlat siyosatini yurituvchi vakolatli organ hisoblanadi.

Nukus, Qarshi, Samarqand, Farg‘ona shaharlarida yirik ko‘lamli favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga mo‘ljallangan hududiy yong‘in qutqaruv otryadlari tuzilishi aytildi.

OAV vakillari tog‘li hududlarda tezkor yordam zarurati tug‘ilganda yoki katta hajmli maydonlarda yong‘in kelib chiqqanda voqea joyiga yetib borish uchun foydalaniladigan texnikalar xususida savol berdi.

Mutasaddilar ayni vaqtda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tasarrufida vertolyot mavjud emasligini bildirdi.

“Vertolyot kerak bo‘lganda Mudofaa vazirligidan olib turamiz, bunda biz yoqilg‘i bilan bog‘liq xarajatlarni qoplab beramiz”, — dedi Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Dadaxonov.

Vazirlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, FVVni vertolyot bilan ta'minlash masalasi o‘z yechimini topadi.

“Favqulodda vaziyatlar vazirligiga vertolyot ajratish va vertolyotlardan foydalanish bo‘yicha Qaror loyihasi tayyorlangan, — dedi Yong‘in xavfsizlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Zufarov. — Bu masala hatto davlat Dasturiga ham kiritilgan. Rejaga muvofiq 2020 yilda bizning tizimga ham vertolyot berilishi mumkin”.

Ko‘proq yangiliklar: