Ozodlikdan mahrum etilgan sobiq talabalarga aloqador hukumat qarori qabul qilinadi

O‘zbekiston 14:15 / 15.07.2019 20620

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Ozodlikdan mahrum etilgan sobiq talabalarni oliy ta'lim muassasalaridagi o‘qishini davom ettirishiga sharoit yaratish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Ozodlikdan mahrum etilgan sobiq talabalarni oliy ta'lim muassasalaridagi o‘qishini davom ettirishini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, mahkumlarning  o‘qishini davom ettirish ularning o‘qishini sirtqi ta'lim shakliga tiklash (ko‘chirib tiklash) va internet tarmog‘i orqali masofadan (on-layn) o‘qitishni tashkil etish asosida amalga oshiriladi.

Mahkumlarning o‘qishini tiklash (ko‘chirib tiklash) ta'lim yo‘nalishlarining xususiyatlaridan kelib chiqqan holda belgilangan tartibda vakolatli komissiyalar qarorlariga asosan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan oliy ta'lim muassasasidagi o‘qishini davom ettirish istagini bildirgan mahkumlarning o‘qishini tiklash (ko‘chirib tiklash) to‘g‘risidagi ariza va tegishli hujjatlari (pasport nusxasi, reyting daftarchasidan yoki belgilangan shakldagi akademik ma'lumotnomadan nusxa) ularning jazoni ijro etish muassasalari ijro joyi va turini inobatga olgan holda ko‘rib chiqiladi.

Arizalarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘qishini tiklashga (ko‘chirib tiklashga) tavsiya etilgan mahkumlarning ro‘yxati umumlashtirilib arizalar va tegishli hujjatlar ilova qilingan holda, har yili 5 avgust kuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga taqdim etilishi ta'minlanadi.

Taqdim etiladigan ro‘yxatda mahkumlarning o‘qigan va o‘qishini qayta tiklamoqchi (ko‘chirib tiklamoqchi) bo‘lgan oliy ta'lim muassasasi nomi, ta'lim yo‘nalishi nomi, ta'lim shakli, o‘qishdan chetlatilgan yili va kursi hamda nima sababga ko‘ra ozodlikdan mahrum etilganligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar aks ettiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan arizalar Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta'lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq belgilangan tartibda ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun har yili 15 avgust kuniga qadar vakolatli komissiyalarga taqdim etiladi.

Arizalar vakolatli komissiyalar tomonidan 30 avgust kuniga qadar ko‘rib chiqilib ta'lim yo‘nalishlarining xususiyatlaridan kelib chiqqan holda qaror qabul qilinadi va natijasi haqida arizani ko‘rib chiqqan komissiya yoki tegishli oliy ta'lim muassasasi tomonidan Ichki ishlar vazirligiga tegishli xat yo‘llanadi.
 
O‘qishi tiklanishi (ko‘chirib tiklanishi) ruxsat etilgan mahkum talabalarning (keyingi o‘rinlarda mahkum talabalar deb ataladi) tahsil olishlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan jazoni ijro etish muassasalarida Internet tarmog‘iga ulangan kompyuter texnologiyalari ajratiladi.

Mahkum talabalarning dars mashg‘ulotlari, o‘quv sessiyalarida ishtirok etishi, ajratilgan kompyuter jihozlaridan belgilangan muddatlarda foydalanishi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yoki vazirlik tomonidan vakolat berilgan tashkilot tomonidan ta'minlanadi va nazorat qilinadi.
 
Mahkum talabalarning tahsil olishlari belgilangan tartibda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Mahkum talabalarning o‘qishini tiklashni (ko‘chirib tiklashni) rasmiylashtirishda oliy ta'lim muassasasi rektori (filial direktori) belgilangan tartibda o‘quv rejalari va dasturlardagi mavjud akademik qarzlarni yoki farqlarni (namunaviy o‘quv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) fanlari bo‘yicha farqlar 4 tadan oshmasligi lozim) topshirish muddatlarini (joriy semestr davomida), o‘qitish kursi (semestri) hamda o‘qishga qabul qilishning qonun hujjatlarida belgilangan boshqa shartlarini belgilaydi va bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga ma'lum qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birga o‘quv jarayonini tashkil etish maqsadida mahkum talabalar uchun ajratilgan kompyuter jihozlarini elektron ta'lim platformasiga ulanishini ta'minlaydi.

O‘qishi tiklanishi (ko‘chirib tiklanishi) ruxsat etilgan mahkumlar o‘quv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik fanlari bo‘yicha akademik farqlarni onlayn tarzda oliy ta'lim muassasasi tomonidan belgilangan muddatlarda va shaklda (og‘zaki yoki yozma yoki test shaklida) topshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan mahkum talabalar tegishli elektron darslik, o‘quv qo‘llanma va adabiyotlar bilan ta'minlanadi.

Mahkum talabalar o‘quv sessiyasini onlayn tarzda belgilangan shaklda (og‘zaki yoki yozma yoki test shaklida) topshiradi.

Mahkum talabalar tasdiqlangan o‘quv rejalariga muvofiq malakaviy amaliyotlarni jazoni ijro etish muassasalarida tashkil etilgan kasb-hunarga o‘qitish markazlarida, umumta'lim maktablarining jazoni ijro etish muassasalari qoshidagi filiallarida va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ruxsat etilgan boshqa joylarda o‘taydi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan mahkum talabalarga malakaviy amaliyot o‘tash joyidan mas'ul rahbarlar biriktirilishi ta'minlanadi.

Mahkum talabalarning malakaviy amaliyotni o‘taganligi bo‘yicha natijalar oliy ta'lim muassasasiga taqdim etiladi.

Jazoni o‘tash davrida, ta'lim yo‘nalishining o‘quv rejasini nazariy va amaliy qismini to‘liq tugatgan mahkum talabalar Davlat attestatsiya sinovlari va bitiruv malakaviy ishi himoyasini ozodlikka chiqarilgandan so‘ng belgilangan tartibda topshiradi va davlat namunasidagi diplomni olishi mumkin.

Mahkum talabalar o‘qishi davrida ozodlikka chiqarilgan taqdirda o‘quv jarayonini bevosita oliy ta'lim muassasasida davom ettiradi.

Ko‘proq yangiliklar: