Samarqandda chinor kesilgan va Registon ansambli restavratsiyasida mardikorlar ishlatilgan - Turdimov mutasaddilarni ishdan oldi

Jamiyat 00:23 / 12.07.2019 24996

Samarqand viloyat hokimligida madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishda qonun talablariga rioya etish, ko‘p yillik daraxtlarni asrab-avaylash borasida olib borilayotgan ishlar atroflicha muhokama etildi. Bu haqda Samarqand viloyat hokimining shaxsiy veb sahifasida ma'lum qilinmoqda.

Viloyat hokimligi, prokuraturasi, sohaga mas'ul korxona va tashkilotlar hamda direksiyalar vakillari ishtirok etgan muhokamada madaniy meros obektlarida olib borilayotgan restavratsiya jarayonida, obektlar hududini obodonlashtirish jarayonida, shuningdek, chinor, tol kabi ko‘p yillik daraxtlarni asrash hamda shahrimizga tashrif buyurayotgan mehmonlar va turistlarga zaruriy shart-sharoit yaratish borasidagi ishlarda yo‘l qo‘yilayotgan xato-kamchiliklar tanqid qilindi.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrida «Park-ozero» nomi bilan yuritiladigan dam olish maskanida «Aleksandr» mehmonxonasi ma'muriyati va ular jalb qilgan quruvchilar tomonidan ko‘p yillik chinorning hech qanday ruxsatsiz kesilishi masalasi atroflicha muhokama etildi.

Muhokama davomida viloyat prokuraturasi tomonidan 3 kun muddatda Samarqand shahridagi «Park-ozero» nomi bilan yuritiladigan dam olish maskanidagi holat atroflicha o‘rganib chiqilishi, aybdorlarga nisbatan qonuniy jazo choralari ko‘rilishi va jamoatchilikka bildirilishi ma'lum qilindi.

Samarqand viloyat hokimligi kotibiyat mudiri Ulug‘bek Obloqulov hamda ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi xodimi Alisher Muhammadiyevlarni ma'muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risida ma'muriy sudga murojaat qilinishi belgilandi.

Atrof muhitni muhofaza qilish sohasida va tizim boshqaruvida qo‘pol xatoliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i G‘olib Negmatov egallab turgan vazifasiga noloyiq ekanligi, xuddi shunday Registon ansamblini ta'mirlash va undan foydalanish mustaqil direksiyasi direktori Marufi Behruz Raufzoda ham o‘ta qo‘pol xato, ya'ni Registon majmuasini ta'mirlash uchun hech kim bilan kelishmasdan, mardikorlarni jalb qilgani, ishdagi mas'uliyatsizligi uchun vazifasiga noloyiq ekanligi ta'kidlanib, ularni egallab turgan lavozimidan bo‘shatish to‘g‘risida yuqori turuvchi idoralarga taqdimnoma kiritildi.

Shuningdek, o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda sansolarlikka yo‘l qo‘yganligi, boqibeg‘amlik, mas'uliyatsizlik bilan yondashganligi uchun Bibixonim majmuasi rahbari Gulbahor Oqilova tegishli kengashdan ruxsatnoma olmasdan Bibixonim majmuasida zamonaviy liksan o‘rnatganligi (bugungi kunda liksan olib tashlanib, eski holatiga qaytarildi) uchun rasman ogohlantirildi hamda viloyat muzeylar boshqarmasi boshlig‘ining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Xoliqul Rajabovga «hayfsan» intizomiy chora qo‘llanildi.

Muhokama yakunida mazkur yo‘nalishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishi kechirilmasligi, qat'iy jazo choralari ko‘rilishi hamda bu borada shikoyatga o‘rin yo‘qligi ishtirokchilarga yana bir bora uqtirildi.

Ko‘proq yangiliklar: