O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga berilgan vakolatlar doirasida respublika hududida sodir bo‘layotgan insofsiz raqobat holatlarini oldini olish va ushbu holatlar ustidan doimiy monitoring olib borishni davom ettirmoqda, deya xabar qiladi qo‘mita axborot xizmati.
Qo‘mita tomonidan respublika hududida ro‘yxatga olingan, non va non-bulka mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, shuningdek umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi “ARTISAN BREAD” MChJga tegishli bo‘lgan “BREADLY” tovar belgisidan noqonuniy foydalanish holati bo‘yicha ish ko‘rib chiqildi.
Ushbu mahalliy tovar belgisi Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston Respublikasidagi xalqaro franchayzing sistemasi bo‘yicha bugungi kunda ancha rivojlangan, bundan tashqari MDH bir necha mamlakatlari hududida huquq egasi tomonidan ro‘yxatdan o‘tilgan.
Joriy yilning 24 iyun kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga “ARTISAN BREAD” MChJ (O‘zbekiston) tomonidan “CRANBERRY” MChJning bir kafesiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuning 13 moddasiga asosan chora ko‘rish to‘g‘risidagi murojaati tushdi.
Murojaatda aytilishicha, kafe egasi bo‘lgan MChJ tomonidan “ARTISAN BREAD” MChJga tegishli bo‘lgan “BREADLY/BReDLI” tovar belgisidan noqonuniy foydalanilgan, ya'ni taomnomadagi taomlarni nomini “Bredli nonushtasi” deb nomlab, ijtimoiy tarmoqlarda keng reklama qilinmoqda.
“ARTISAN BREAD” jamiyati amal qilish muddati 10 yil bo‘lgan “BREADLY/BReDLI” tovar belgisini egasi bo‘lib, ushbu tovar belgisi belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligida ro‘yxatdan o‘tgan.
Murojaatni ko‘rib chiqish natijasida Qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan tegishli qaror qabul qilindi va MChJga ko‘rsatma berildi. Ushbu ko‘rsatmaga asosan qonunbuzuvchi “ARTISAN BREAD” jamiyatiga tegishli bo‘lgan “BREADLY” tovar belgisi ostida tovarlarni sotishni va ko‘rsatilayotgan xizmatlarini reklama qilishni to‘xtatishi shart.
O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi barcha xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarni huquq egasiga tegishli bo‘lgan intellektual faoliyat natijalarini hurmat qilishga va o‘z faoliyatini amaldagi qonunchilik va insofli raqobat tamoyillariga asoslangan holda amalga oshirishga chaqiradi, deyilgan xabarda.