Namangan, Qo‘qon va Farg‘onada yangi «Yulduzcha»lar saralanmoqda

Jamiyat 18:09 / 12.07.2019 5865

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Yoshlar media markazi va “Mening yurtim” telekanallari tomonidan yosh iqtidor sohiblarini qo‘llab-quvvatlash, ularning iste'dodlarini yuzaga chiqarish va mustaqil ijod yo‘lini boshlashlariga ko‘maklashish maqsadida 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun “Yulduzcha” va 16 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlar uchun esa “Men yulduzman” musiqiy televizion vokal tanlovi o‘tkazib kelinmoqda. Yoshlar intiqlik bilan kutgan mazkur televizion vokal shoularining yangi mavsumi uchun saralash bosqichlari boshlandi. Bu gal tanlovning hududiy bosqichlari har bir viloyatning o‘zida  bo‘lib o‘tyapti.

Tanlov saralash bosqichlarining dastlabkisi Namangan viloyatidagi Yoshlar markazida bo‘lib o‘tdi.  Jami 116 nafar iste'dodli yigit-qizlar 3 yo‘nalishda, ya'ni an'anaviy ijro, akademik ijro va estrada yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etmoqda.

Qo‘qon shahridagi  Yoshlar markazida ham 40 nafarga yaqin musiqasevar yoshlar “Yulduzcha” va “Men yulduzman” musiqiy televizion vokal tanlovida jam bo‘ldi. Bugun esa Farg‘ona viloyatidagi Yoshlar markazida 100 nafardan ortiq havaskor yoshlar tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishga bel bog‘lagan.  Hakamlar hay'atining qatnashchilar ijro mahoratiga talabchanlik bilan yondashgani ishtirokchilarga katta mas'uliyat yuklamoqda. Tanlov hududiy bosqichlarining oxirgisi 10 avgustda Toshkent shahridagi bahs bilan yakunlanadi. Tanlov natijalari 15 avgustda e'lon qilinib, g‘oliblar keyingi bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. 

“Yulduzcha” va “Men yulduzman” musiqiy televizion vokal tanlovi Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning chinakam amaliy namunasiga aylandi. Bu orqali yoshlarning san'atga bo‘lgan qiziqishlari ortib, yangi iste'dodlar kashf etilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: