Kombayn uchun «dolya» so‘ralganmidi? Oqdaryo tuman IIB rahbari bu savolga javob berdi

Jamiyat 22:49 / 12.07.2019 44236

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyat Oqdaryo tumani IIB boshlig‘i g‘alla o‘rimi vaqtida fermerlardan kombaynni berish uchun tovon puli talab qilgani haqida xabar tarqalgandi. Bu holatni o‘rganish uchun Samarqand viloyat IIB tomonidan ishchi guruh tuzildi va Oqdaryo tuman IIB boshlig‘i holatga izoh berdi.

Oqdaryo tumani IIB boshlig‘i Bahodir Ibragimovning aytishicha, tuman fermerlari davlatga g‘alla sotish rejasini 5 kun avval bajarib bo‘lishgan va ichki ishlar xodimlari reja to‘lganidan so‘ng g‘alla yig‘imiga aralashmaydi: «Biz reja to‘liq bajarilganidan so‘ng g‘alla yig‘imiga aralashmaymiz, bizning ishimiz davlatga g‘alla sotish rejasi to‘liq bajarilguniga qadar o‘rim maydonlari va kombaynlarning xavfsizligini ta'minlash. Bunday gap qayerdan chiqqanini bilmayman, balki kimdir tuman nomiga dog‘ tushirishni xohlagandir»,- deb Ibragimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Oqdaryo tuman hokimining qishloq xo‘jaligi ishlari bo‘yicha o‘rinbosarining aytishicha, kombaynlar fermerlarning yerlariga qarab taqsimlanmoqda: «Har kuni ertalab MTPlarda kombayn taqsimlanadi. Bu jarayonda IIB qatnashmaydi, hammasini o‘zimiz hal qilamiz»,- deb o‘rinbosarning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Yig‘ilishda Samarqand viloyat IIB tomonidan tuzilgan ishchi guruh rahbari sifatida qatnashgan viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari - kadrlar boshqarmasi boshlig‘i Farhod Xatamov ham ichki ishlar xodimlari davlat rejasi bajarilganidan so‘ng g‘alla o‘rimi ishlariga aralashmasligini ma'lum qildi.

Uchrashuv davomida Oqdaryo tuman IIB boshlig‘iga yig‘ilishdan ketishga ruxsat bergan podpolkovnik Xatamov fermerlarga murojaat qilib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar borasida fikr so‘radi va agar tuman IIB rahbari chindan qandaydir tovlamachilik qilgan bo‘lsa, viloyat IIB unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishini ma'lum qildi.

Yig‘ilishda Oqdaryo tumani fermerlari va MTP rahbarlari qatnashishdi, ammo ulardan birortasi internetda tarqalgan ma'lumotlarni tasdiqlamadi. Samarqand viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Xatamov tarmoqda tarqalgan majlis suratini fermerlarga ko‘rsatdi va ular surat chindan kechagi, ya'ni 11 iyuldagi majlisdan olinganini tasdiqlashdi. Ammo fermerlar uchrashuv vaqtida zal to‘la bo‘lganini, tarmoqda tarqalgan surat uchrashuv boshlanishidan avval olingan bo‘lishini taxmin qilishdi. Tuman IIB boshlig‘i Ibragimov esa u majlisda umuman qatnashmaganini ma'lum qildi.

Kun.uz rasmiy vakillardan xoli tarzda fermerlar bilan uchrashdi va ulardan tarqalgan gaplar qanchalik haqiqatga yaqin ekanini so‘radi. Yig‘ilishda qatnashgan fermerlar esa bu yil yig‘imdan nolishga asos yo‘qligini aytishdi: «Odamlarda rejani to‘ldirganidan so‘ng 8-10, hatto 31 gektargacha o‘rilmagan g‘alla qolyapti. Qanaqasiga nolish mumkin?»,- deydi fermerlardan biri. Kun.uz muxbiri barcha fermerlarga yig‘imga bog‘liq qandaydir muammo bo‘lsa, murojaatchining nomi sir saqlangan holda surishtiruv o‘tkazishini aytdi. 

Hurmatli o‘quvchi, nafaqat oqdaryolik, balki boshqa yerlarda ham ayni damda dolzarb mavzu bo‘lib turgan g‘alla yig‘im-terimi bilan bog‘liq muammoli holatlar bo‘lsa, Kun.uz'ga murojaat qilishingiz mumkin. Biz xolis surishtiruv o‘tkazib, masalaga oydinlik kiritishga tayyormiz.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: