Samarqand shahridagi bog‘chalardan birida tarbiyalanayotgan bolaning barmog‘i uzilib tushgan

Jamiyat 19:03 / 11.07.2019 36015

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi 11-maktabgacha tarbiya muassasasi tarbiyalanuvchisi S.H.ning barmog‘i uzilib tushgani, hodisa mazkur muassasada sodir bo‘lgani haqda xabar tarqaldi.

Jumladan, bolaning yaqinlari ham ijtimoiy tarmoqda xabar qoldirib, huquq-tartibot idoralari buni baxsiz hodisa deb baholaganidan norozi bo‘lmoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, voqea joriy yilning 29 mart kuni Samarqand shahridagi 11-MTMda sodir bo‘lgan. Ehtiyotsizlik sabab bolaning o‘ng qo‘lining jimjilog‘i uzilib tushgan. Tarbiyalanuvchi, 2013 yilda tug‘ilgan S.H.ning yaqinlari ma'lum qilishicha, mazkur voqea sodir bo‘lgandan keyin ham bolaga besh soat davomida tibbiy yordam ko‘rsatilmagan.

Viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, 29 mart kuni taxminan soat 12:00 larda tarbiyalanuvchi S.H. ikki kishiga mo‘ljallangan karavot ustidan o‘yinchog‘ini olayotgan vaqtda karavot o‘ng qo‘lining kichik barmog‘ini qisib qolib, baxsiz hodisa yuz bergan. Holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilgan. Aniqlangan holat yuzasidan MTM xo‘jalik mudiriga nisbatan ma'muriy bayonnoma tuzilib, eng kam ish haqining uch baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Shuningdek Samarqand shahar prokuraturasining 2019 yil 13 maydagi taqdimnomasiga asosan holat Samarqand shahar MTM bo‘limida kengaytirilgan majlisda muhokama etilgan. Muassasa tarbiyachisiga «hayfsan» intizomiy jazosi berilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: