Nishonda bir vaqtlar eksportyor bo‘lgan tadbirkor «sinib» bormoqda: uning qonuniy yerini talon-toroj qilgan kimlar?

Jamiyat 22:27 / 11.07.2019 17609

Qashqadaryoning Nishon tumanida joylashgan «Alp G‘iyos» xususiy korxonasi qariyb o‘ttiz yildan buyon chorvachilik, chorva uchun ozuqa va qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish bilan shug‘ullanib kelardi. O‘z vaqtida korxona Latviyaga qovun eksportini ham yo‘lga qo‘ygan. Ammo keyingi yillarda korxona o‘ziga tegishli yer va binolarning bir qismiga egalik qilolmayapti. Bugun shu korxona o‘z hisobidan 500 million so‘m sarflab hamda bank krediti mablag‘lari ko‘magida yirik, zamonaviy chorva kompleksini yangidan tashkil qilmoqchi. Ammo bir muammo chiqdi — korxona yeriga noqonuniy ravishda yangi ega paydo bo‘lishi tadbirkorning erkin faoliyat ko‘rsatishiga to‘siq bo‘lib turibdi.

Korxona rahbari G‘iyosjon Husanov KUN.UZ tahririyatiga yo‘llagan murojaatida, jumladan, shunday deydi:

«50 gektar ochiq yerda asosiy faoliyatimizni yuritib kelayotgan edik. Bundan tashqari, 2014 yilda tuman hokimi qarori bilan 2 gektar yerda joylashgan chorva majmuasi uchun bino va inshootlarga egalik huquqini beruvchi qaror chiqdi. 2016 yil to‘liq kadastr hujjatlari berildi. Dastlab tashlandiq binoni qaytadan ta'mirlab oldik. 2017 yil bankdan qo‘shimcha kredit oldik. Garov sifatida ana shu 2 gektar yerdagi bino va inshootlarimiz notarial tartibda ro‘yxatga olinib kadastr hujjatiga taqiq qo‘yildi. Xullas, barcha tegishli hujjatlar bo‘lgan, ular notarial tasdiqlangan ham.

Faoliyatimizga bo‘layotgan asosiy to‘siq esa shu qonuniy yerimizdagi bino va inshootlariga 2016 yildan beri boshqa birovlar egalikka da'vo qila boshlashdi. O‘z binolarimizdan ma'lum qismiga o‘zimiz egalik qila olmay qoldik. Bu yerga biz soliq to‘laymiz, ulkan loyihalarni boshlab qo‘yganmiz. Ammo hech qanday hujjatsiz birovning binolarimizga kirib olishi hamma ishimizni to‘xtatib qo‘ydi. Bir necha yil tortishuvlar davom etdi. Qator binolar yana xarob holatga kelib qoldi. Nihoyat 2019 yil 15 yanvarda bu masala bo‘yicha tuman kadastri bizga ma'lumot berib bu yerning Qarshi magistral kanaldan foydalanish boshqarmasi balansida ekanligini ma'lum qilishdi».

Mazkur murojaatni o‘rganar ekanmiz «Alp G‘iyos» xususiy korxonasining qonuniy mulklari qanaqasiga boshqa tashkilot balansida bo‘lishi, unda nega kadastr hujjatlari berilgani, qanday qilib notarial tasdiqlangani haqdagi savollarga javob topa olmadik. Tuman hokimi Muxtor Hayitmurodov esa muammo yuzasidan o‘z pozitsiyasini bildirdi: «Bugun tadbirkorning yerini birov tortib oladigan zamon emas. Agar tadbirkor kadastr hujjatlariga ega bo‘lsa-yu uning yeri yana kimgadir berilgan bo‘lsa, demak hokimlik bilan bir qatorda prokuratura tomonidan bu ish to‘liq va xolis o‘rganib chiqiladi».

Tuman hokimi tadbirkordan shu kunning o‘zida hokim va prokuror nomiga ariza yozib berishni so‘radi. Tegishli o‘rinbosariga masalani o‘rganib chiqishni buyurdi. Ariza yozildi va topshirildi. Ammo oradan bir oy o‘tdi hamki masalani na hokimlik o‘rganib chiqdi va na prokuratura. Tadbirkorning o‘shanda uyg‘ongan umidi ham asta-sekin so‘na boshladi.

Aslida «Alp G‘iyos» xususiy korxonasiga tegishli binoga boshqa shaxslar qanday qilib ega chiqqan. Tadbirkorning fikricha, uning yeri Davlat raqobat qo‘mitasi Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan boshqa shaxsga berilgan ekan. Ma'lumotga aniqlik kiritish maqsadida ushbu boshqarmada bo‘ldik. Hududiy boshqarma vakillarining ma'lum qilishicha, «Alp G‘iyos»ga tegishli mazkur yer Nishon tuman Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri tomonidan davlat raqobat qo‘mitasi Qashqadaryo viloyat boshqarmasiga «bo‘sh yotgan yer» sifatida taqdim etilgan va yer tanlov asosida boshqa shaxsga berilgan. O‘z navbatida bu yerlar shu vaqtgacha o‘ziniki bo‘lgani haqida Qarshi magistral kanalidan foydalanish boshqarmasi ham ma'lumot bergan.

Tuman kadastri esa tadbirkorga javob xatida bu yerning Qarshi magistral kanalidan foydalanish boshqarmasiga tegishli deb ko‘rsatgan.

Xullas, tadbirkor mana bu shubhali sxemadan norozi: Uning yeri avval Qarshi magistral kanalidan foydalanish boshqarmasi (QMK FB) balansiga o‘tkazilmoqda. Oradan ma'lum muddat o‘tib, QMK FB balansidan ham chiqarilmoqda va tanlov orqali navbatdagi xaridorga berilmoqda. Savol: Modomiki, bino va inshootlar QMK FB balansidan ham chiqarilarkan, unda nega oldinroq uning balansiga o‘tkazilayotgandi. Xo‘p, buning ham sababi bordir. Agar bino QMK FB balansida bo‘lsa nega «Alp G‘iyos» XKga kadastr qilib berilgan?

G‘.Husanovning ta'kidlashicha, aslida «Alp G‘iyos» korxonasi bu yerlarga 25 yildan beri oshkora egalik qilib keladi. Korxonaning eng katta xatosi o‘z vaqtida tegishli hujjatlarni to‘liq rasmiylashtirmaganida.

«Fuqarolik kodeksining 187-moddasida Mulkdor bo‘lmagan, lekin ko‘chmas mol-mulkka o‘n besh yil davomida yoki boshqa mol-mulkka besh yil davomida o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs bu mol-mulkka mulk huquqini oladi (egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat) deb ko‘rsatilgan. Mening 25 yildan beri egalik qilib kelgan yerlarimni 2 gektar qilib qisqartirib tashlashganida ana shu kodeks hisobga olinmadi. Xo‘p, 2 gektar uchun kadastr hujjatini berishdi. Egalik huquqini ham oldim. Ammo ana shu qonuniy yerlarimni kimlardir «yo‘lini topib» qo‘rqmasdan birovga berib yuborayotganiga hech tushunolmayman. Eng qizig‘i, haliyam biz shu yerlarga soliq to‘lab kelyapmiz. Ana shu nizolar boshlangach, to‘lamay turgan soliqlarimiz iqtisodiy sudning qarori bilan majburiy undirildi», — deydi tadbirkor.

Darvoqe, o‘zining aytishicha, yaqinda tadbirkor tuman kadastrdagi adolatsizlikdan arz qilib O‘zbekiston Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasiga ham murojaat qilib borgan. Murojaat qo‘mitaning Qashqadaryo viloyat organiga yuborilgan bo‘lsa, viloyat tashkiloti sudga murojaat qilishni tavsiya qilgan(!). 

Gapning indallosi shuki, Nishonda ishlayman, faoliyatimni kengaytiraman degan tadbirkorning qonuniy yerlari talon-taroj qilinmoqda. Yer aslida tadbirkorga tegishli ekanini Qashqadaryo viloyat Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi ham javob xatida e'tirof etgan. Ammo tadbirkorga amaliy yordam beradigan tashkilot hozircha topilmayapti. Xolbuki u katta mablag‘ sarflab faoliyatini yanada kengaytirib Yevropadan naslli mollar keltirish tashvishida yurgandi.

Bir vaqtlar tadbirkor obod qila boshlagan, bugun egalik qilolmay turgan bino ayni vaqtda ana shu ahvolda foydalanilmay yotibdi:

Tadbirkorning bu chigal vaziyatiga befarq bo‘lmaganlarga voqealar rivojini Kun.uz’da kuzatib borishni tavsiya qilamiz.

Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: