IIV Surxondaryoda kaltaklangan haydovchi voqeasiga izoh berdi

Jamiyat 14:36 / 11.07.2019 33393

Ichki ishlar vazirligi Kun.uz saytida yoritilgan “Surxondaryoda profilaktika inspektori va unga yordamchi posbon yuk mashina haydovchisini kaltaklashdi” sarlavhali maqola yuzasidan o‘z munosabatini e'lon qildi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabariga ko‘ra, ushbu ma'lumot Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi.

Aniqlanishicha, 2019 yilning 25 iyun kuni Sariosiyo tumani tibbiyot birlashmasidan tuman IIBga kelib tushgan xabarnomaga ko‘ra, joriy yilning 24 iyun kuni soat 23.20larda Sariosiyo tumani “Marjona” mahallasida yashovchi “To’palang MG Holding” mas'uliyati cheklangan jamiyatga qarashli “MAN” rusumli yuk avtomashinasi haydovchisi Abdusalom Nurovni “Chilonzor” mahallasi profilaktika inspektori Quvondiq Eshmirzayev urib tan jarohati yetkazilganligi bildirilgan.

Mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar Sariosiyo tumani IIB Navbatchilik qismida qayd etilgan.

Haydovchi Abdusalom Nurov va profilaktika inspektori Quvondiq Eshmirzayevlarning ko‘rsatmalarida qarama-qarshiliklar hamda amaldagi qonunchilikka asosan ichki ishlar organlari xodimlari bilan bog‘liq huquqbuzarlik holatlari prokuratura organlari tomonidan ko‘rib chiqilishini inobatga olib, barcha materiallar tegishliligi bo‘yicha ko‘rib chiqish uchun Sariosiyo tumani prokuraturasiga yuborilgan, deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: