«Ichak yallig‘lanishidan kelib chiqadigan saratonga endi o‘zimizda davo bor» 

Jamiyat 03:20 / 11.07.2019 15924

Dunyo bo‘yicha ichak kasalliklari keng tarqalgan bo‘lib, ba'zilarining asorati inson hayotiga xavf solishi mumkin. Oshqozon yarasi, ichak yallig‘lanishi kabi kasalliklarni erta aniqlash, profilaktika qilish va davolash bo‘yicha Skandinaviya, Shimoliy Amerika, Kanada, Isroil yuqori o‘rinlarda turadi. Keng tarqalgan bu kasalliklar uchun dunyo olimlari tomonidan preparatlar, dori vositalari yaratilgan. Mamlakatimiz aholisi ham ushbu dorilardan imkon darajasida foydalanib kelmoqda.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan e'lon qilingan grantlar tanlovida «Ichak yallig‘lanish kasalliklarini oldini olish va davolash yangi biopreparat ishlab chiqish»  mavzusi ham e'lon qilingandi. Amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan loyiha uchun ajratilgan grantni biologiya fanlari doktori Go‘zal Kutliyeva yutib oldi. Loyihaga 300 million so‘m miqdorda mablag‘ ajratilgan bo‘lib, mahsulotni tayyor holga keltirish uchun uch yil muddat belgilangan.

Ichak yalig‘lanishi kasalliklari barvaqt oldi olinmasa, insonda o‘lim holatlari ham kuzatilishi mumkin. Kuzatishlar natijasi shuni ko‘rsatadiki, kasallik bilan og‘riganlarning ko‘p qismini bolalar tashkil qiladi. Kasallikning asosiy asoratlari:

  • Yo‘g‘on ichakning parchalanishi;
  • Ingichka ichakning torayishi;
  • Ichakdan qon ketish;
  • Jigar shikastlanishi;
  • Qon kamayishi;
  • Yo‘g‘on ichak saratoni rivojlanishi.

O‘z vaqtida profilaktika va muolaja boshlanmasa, bemor salomatligi og‘irlashadi, uning nogiron bo‘lib qolishi yoki hayotdan ko‘z yumishi xavfi ortadi.

«Tayyor bo‘lgan dori tabiiy ekologik toza muhitlardan ajratilgan bakteriyalar bo‘lib, ichak mikroflorasida kasallik chaqiruvchi bakteriyalarga qarshi xamda yallig‘lanishga qarshi ta'sirga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, immunobiologik tasiri o‘rganilib, immunitetga xam ijobiy ta'sir ko‘rsatishi ko‘zda tutilgan. Bunday preparat analoglari chet ellarda bor, lekin biz aynan o‘z mahalliy, mikroorganizmlardan foydalanib , jahon tajribasini o‘rgangan holda, o‘z yangiliklarimizni kiritishni ham rejalashtiryapmiz» , — deydi biologiya fanlari doktori Go‘zal Kutliyeva.

Chet mamlakatlarida ham ichak xastaliklari bilan og‘rigan bemorlar uchun dorilar qimmat. Ayniqsa, import orqali dorixona rastalarida paydo bo‘lgan bunday dori vositalari yanada qimmatlashadi.

«Narxi xammyonbop bo‘lishi aniq. Lekin hali aniq bir summani aytishga vaqt bor. Mahsulot tayyor holga kelganidan so‘ng,e'lon qilinadi. Dori quruq kapsula ko‘rinishida ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda» , — deydi biologiya fanlari doktori Go‘zal Kutliyeva.

Loyiha mavzusi qishloq xo‘jaligi veterinariya sohasidagi muammolarni o‘rganishni ham o‘z ichiga olgan. Bugungi kunda fermalarda boqiladigan buzoqlarda dispepsiya, ya'ni ovqat hazm qilishning buzilishi, me'da-ichak faoliyatining izdan chiqishi kasalligi keng tarqalgan.

«Veterinariya qo‘mitasi bilan hamkorlikda ushbu preparatni ham tatbiq qilish ishlarini olib boryapmiz. Mahalliy hom-ashyodan foydalanib zararsiz bo‘lgan biopreparatlarni yaratishni rejalashtirganmiz. Bu kelgusida fermerlar uchun ham foyda bo‘ladi. Chunki hozirda chetdan kelgan dorilardan foydalaniladi va ular katta mablag‘ni talab qiladi» , — deydi u.

Ozoda VALIYeVA

Ko‘proq yangiliklar: