Farg‘onada qabul jarayoni. DXMga borishni istamagan, yo‘nalishni qayta o‘zgartirayotgan abituriyentlar

Jamiyat 10:50 / 11.07.2019 17606

Shu kunlarda qaysi oliy ta'lim muassasasiga bormang, har birida yuzlab, minglab yoshlarga ko‘zingiz tushadi. Ularning aksariyati o‘zlari tanlagan yo‘nalishlar bo‘yicha hujjat topshirish uchun tong otar-otmas yo‘lga chiqib, shu yerga yetib kelishgan. Bu yerda esa navbat kutishga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, yozning jazirama issig‘ida terlab-pishib navbat kutishning o‘zi bo‘lmaydi. Hatto ayrim oliy ta'lim muassasalarida issiqning beayov zabtiga chiday olmay hushini yo‘qotib qo‘yayotgan abituriyentlar haqida ham eshityapmiz. Bunday holatlar kuzatilishi, uzundan-uzun navbatlar yuzaga kelishi qabul jarayonida o‘ziga yarasha kamchiliklar, muammolar borligini ko‘rsatib turibdi.

Bu borada Farg‘ona shahridagi ishlar qanday yo‘lga qo‘yilgan? U yerda abituriyentlar qiynalib qolmasligi uchun barchasi inobatga olinganmi? Abituriyentlarda e'tirozlar yo‘qmi?

Biz shu kabi savollarga javob topish maqsadida Farg‘onadagi oliy ta'lim muassasalarida hujjat qabul qilish jarayonini kuzatdik.

Dastavval Farg‘ona davlat universitetida bo‘ldik. Oliygohga kiraverishda «ajiotaj» ko‘zga tashlanmadi. Universitet hovlisiga kirib borganimiz sari «qabul jaziramasi» sezila boshlashini kutgandik, lekin u yerdagi holatni «iliq» deb baholasak bo‘laverar ekan. Boshqa joylarda navbat talashish holatlariga guvoh bo‘lganimiz bois ko‘zlarimizga ishongimiz kelmadi. Biroq hujjatlar rasmiylashtirilayotgan ikki binoda ham o‘ziga xos sokinlikka duch keldik.

Bir argumentni aytib o‘tish joiz, mazkur ta'lim dargohiga ham kuniga 2-3 ming atrofida abituriyent kelyapti, faqat qabul komissiyasi ish tashkil qilishga mas'uliyat bilan yondashgan. Oddiygina qilib aytganda, universitet ostonasini xatlab o‘tgan abituriyentga navbat raqami tushirilgan «jyeton» beriladi va ushbu qog‘ozda o‘z tartib raqamini bilgan abituriyent to‘polonsiz o‘z navbati kelgunicha shahar aylanib ham kelishi mumkin. To‘polon va «ur-sur»lar yo‘q.

Buning sababi sal keyinroq qabul komissiyasining mas'ul kotibi Ravshanbek Pirnazarov bilan suhbatlashgan chog‘imizda oydinlashdi.

— Qabul jarayonini ikkita binoda tashkil etganmiz. Abituriyentlarning hujjatlarini rasmiylashtirish uchun 42 nafar xodim jalb etilgan. Shuncha kompyuter ham uzluksiz ishlab turibdi. Ayrim hollarda DTM dasturida uzilishlar ro‘y berayotgani sababli o‘ziga xos muammolar yuzaga kelmoqda. Masalan, kechagi kuni tushlikdan keyin hujjatlarni kutilgan darajada qabul qila olmadik. Dastur yaxshi ishlab tursa, bitta abituriyentning hujjatlarini rasmiylashtirishga atigi 5 daqiqa vaqt ketadi.

— Ayrim shaharlarda uzundan-uzun navbatlarga, abituriyentlarning o‘rin talashishlariga guvoh bo‘lgandik. Sizlarda esa hammasi batartib ekan. Buning boisi nimada?

— Bizda ham navbatda turganlar qatorlashib ketadi. Lekin har biri uchun jyeton joriy etganmiz. Bu jyetonlarda tartib raqami va sanasi yozib qo‘yilgan. Abituriyentlar shunga qarab hujjat topshirishadi. Aytaylik, 100-raqamli jyeton egasi hujjatlarini topshirayotgan paytda kelgan yigit yoki qiz 400-raqamli jyetonni olsa, orada necha soat vaqti borligini chamalab, shaharga chiqib aylanib keladi. Shu bois, bizda o‘rin talashish degan narsa yo‘q. Bundan tashqari, abituriyentlarga Davlat xizmatlari markazlariga ham boringlar, universitetimiz ham o‘sha oltilik ro‘yxatiga kiritilgan, deyapmiz. Lekin baribir shu yerga kelishyapti. Bittasi u yerda hujjat qabul qilishmayapti, degandi. Darrov qo‘ng‘iroq qildim. DXM vakili telefonni o‘sha abituriyentga berishimni so‘radi. Haligi yigit esa u bilan gaplashishdan bosh tordi. Negaki, DXMga bormagan. Buni ham to‘g‘ri tushunish kerak aslida. Chunki aksariyat abituriyentlar universitetning o‘ziga hujjat topshirsam, ishonchliroq bo‘ladi, deb o‘ylaydi.

Mas'ul kotibning aytishicha, ayrim abituriyentlar tanlagan yo‘nalishini bir necha martadan o‘zgartirib ketishyapti. Bugun hujjatni rasmiylashtirib uyiga ketadi. Ertasiga esa ikkinchi yo uchinchi yo‘nalishni o‘zgartirish uchun keladi. O‘g‘il yoki qizining tanlovidan qoniqmagan ota-onalar ham kelib turishadi.

«Biz bunga qarshi emasmiz. Lekin yo‘nalishni o‘zgartirish uchun kelayotganlar bilan bir-ikkita xodimimiz band bo‘lib qolyapti. Bunday vaziyatda ishning bir maromda ketishiga putur yetib qolishi mumkin. Shuningdek, biz Farg‘onadagi boshqa institutlarga ham hujjat qabul qilyapmiz. Chunki tumanlardan qatnovchi ko‘plab transport vositalari universitetimiz yonidan o‘tadi.

Shuni ta'kidlash kerakki, mazkur OTMga hujjat topshirgan abituriyentlar soni 12,5 ming nafardan oshdi. Sirtqi ta'limga esa hozircha 3200 nafardan ortiq talabgor hujjat topshirdi. Kunduzgi ta'limda eng ko‘p hujjat maktabgacha ta'lim yo‘nalishiga rasmiylashtirildi (1356ta). Boshlang‘ich ta'lim, jismoniy madaniyat va biologiya yo‘nalishlarida ham talabgorlar ko‘p», deya qo‘shimcha qildi Ravshanbek Pirnazarov.

Universitetni tark etish chog‘ida abituriyentlar bilan qisqacha suhbatlashdik. Ular noliydigan holatlar yo‘qligini aytishdi. Xususan, Dilafro‘z Hasanboyeva ertalab soat yettilarda kelganini, 274-raqamli jyetonni olgani bois navbati kelishini kutayotganini ta'kidladi. Farg‘ona tumanidan, Chimyon tomondan kelgan abituriyent qiz esa ertalab kelib 521-raqamli jyeton olgan ekan. Endi hamma qatori sabr-toqat bilan navbati kelishini kutyapti. Bu yerda ham minglab abituriyentlar hujjat topshiryapti, lekin ko‘rib turibmizki, talashib-tortishish, «ur-sur» degan narsalar umuman yo‘q.

Bunday holatni Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Farg‘ona filialida ham kuzatdik. Qabul hay'atining ma'ul kotibi Ravshanbek Zulunov quyidagicha ma'lumot berdi:

— Filialimiz uchun kunduzgi ta'limga 330ta, sirtqiga 75ta kvota ajratilgan. 5ta yo‘nalish bor. Hozirgacha kunduzgiga hujjat rasmiylashtirgan abituriyentlar soni 900 nafardan oshdi, sirtqida esa 230 nafar bo‘ldi. Bular birinchi yo‘nalish sifatida tanlaganlar xolos. Boshqa institutlarda filialimizni ikkinchi yoki uchinchi yo‘nalish sifatida tanlaganlar soni haqida hozircha bizda ma'lumot yo‘q. Lekin ular ham tanlovda qatnashadi. Qabul jarayonini kuzatish asnosida amin bo‘ldikki, navbat kutayotgan har bir abituriyent uzog‘i bilan bir soat ichida hujjatlarini rasmiylashtirib uyiga qaytyapti.

Farg‘ona OTMlarida biz borgan 10 iyul kuni holat me'yorda ekaniga guvoh bo‘ldik.  

Elmurod Ermatov, Farg‘ona

Ko‘proq yangiliklar: