2019 yil 9 iyul kuni Kun.uz'da «Biz quraveramiz, hokim qarori keyin keladi» – sartepaliklar «burnining tagida»gi qurilishdan norozi» sarlavhasi bilan surishtiruv e'lon qilingan va unda mahalliy aholining o‘zlari yashaydigan ko‘p qavatli uy oldida noqonuniy qurilish bo‘layotgani haqidagi da'volari keltirilgandi.
Mahalliy aholi quruvchi ko‘rsatgan hujjatda qurilishga 180-uy oldida ruxsat berilgani, lekin ishlar 180 emas, 18-A uy oldida olib borilayotganidan noroziligini ma'lum qilgandi. Kun.uz'ning bu boradagi surishtiruvi e'lon qilingach, shahar hokimiyati vakillari bu holatga oydinlik kiritishdi. Aniqlanishicha, hammasiga Samarqand shahar hokimi tomonidan berilgan qarordagi orfografik xato sabab bo‘lgan.
2017 yil berilgan hokim qarorida «18-A uy» so‘zi «180-uy» deb xato yozilgan, chunki arxitektura bo‘limi hokimiyatga xato ma'lumot bergan. Bu esa ko‘pchilikni sarson qilgan muammoni keltirib chiqargan. Kun.uz'ga Samarqand viloyat arxitektura va qurilish boshqarmasining shahar hokimi o‘rinbosariga yuborgan xatining nusxasi taqdim etildi. Unda 2017 yil berilgan hokim qaroridagi «180-uy» so‘zi «18-A uy» deb o‘zgartirilishi so‘ralgan.
Taqdim etilgan hujjatda arxitektura va qurilish bo‘limi 2017 yil 11 aprelda shahar hokimiyatiga yuborgan xatida texnik xato ketgani yozilgan.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi