Qamoqda 24 yil jazo o‘tab chiqqan Samandar Qo‘qonov oqlanmadi. U nazorat tartibida shikoyat bermoqchi

Jamiyat 20:00 / 10.07.2019 64764

10 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati 24 yil qamoqda jazo o‘tagan sobiq siyosiy mahkum Samandar Qo‘qonovning reabilitatsiya qilishni so‘rab yozgan arizasini qanoatlantirmadi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

  • Samandar Qo‘qonov 1945 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, millati – o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma'lumoti – oliy, muqaddam sudlanmagan, O‘zbekiston Respublikasi xalq deputati bo‘lgan, «Toshtransneftmahsulot» UK direktori lavozimida ishlagan.

Samandar Qo‘qonov O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'atining 1994 yil 23 avgustdagi hukmiga ko‘ra, 1959 yil tahriridagi Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 20 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 

2019 yil 22 aprel kuni S. Qo‘qonov O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga oqlashni so‘rab kassatsiya tartibida shikoyat keltirgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati mazkur ishni 2019 yil 12 iyun kuni ko‘rib chiqishni boshlagan.

10 iyul kuni Samandar Qo‘qonovning ishi Oliy sudda ko‘rib chiqilib o‘z yakuniga yetdi. Dastlab Samandar Qo‘qonovning himoyachisi Hamroqul Asqarov nutq qildi.

«O‘zbekiston Respublikasi BMTga a'zo bo‘lishi bilan turli inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tashkilotlar uni ozod etishni so‘rab murojaat etishgan. BMT uni birinchi siyosiy mahbus sifatida e'lon qilsa-da ozod etilmagan. U 24 yil umrini og‘ir tartibli koloniyalarda o‘tkazganidan so‘ng ham unga 3 yil-u 5 kun qo‘shib berishdi. Faqatgina Shavkat Mirziyoyev tomonidan ozodlikka chiqarilgan. BMT Nizomi va Konstitutsiyamiz muqaddimasida qayd etilgan xalqaro huquqning umum e'tirof etilgan adolatli ustunligiga qat'iy amal qilib adolatli yakunlashni so‘raymiz!» deya himoyachi so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Sudda Samandar Qo‘qonovning o‘ziga ham so‘z berildi.

«Men jinoyatchi bo‘lmaganman. Shu sababli ham 24 yil sabr qila oldim. Bir kun chiqishimga ishonardim. O‘lim zindonlariga tashlashdi. 24 yil bu 24 kun degani emas. Bu orada onam, aka-ukalarim o‘tib ketishdi. Adolat qaror topishiga ishonaman», degan u.

Shundan so‘ng, sud hay'ati raisi prokurorga so‘z berdi va prokuror reabilitatsiyani rad etishni so‘radi.

Sud hay'ati maslahatga kirib chiqqanidan so‘ng, sud hukmi o‘qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'atining ajrimi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'atining 1994 yil 23 avgustdagi hukmi o‘zgartirildi.

Ushbu ajrimga ko‘ra Samandar Qo‘qonovning ayblovidan bir necha moddalar chiqarildi, boshqa moddalar bilan tayinlangan jazolar o‘zgarishsiz qoldirildi, qolgan moddalar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga (1994 yil tahrirdagi) muvofiq qayta kvalifikatsiya qilindi. Samandar Qo‘qonovga 20 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Samandar Qo‘qonov jazoni to‘liq o‘tagani inobatga olindi. 

Hukmning qolgan qismi o‘zgarishsiz qoldirildi.

Sud protsessi tugaganidan so‘ng, sobiq siyosiy mahkumga sud qaroriga munosabat so‘raldi.

«Men sud ajrimidan noroziman. Men jinoyatchi emasman. Albatta, nazorat shikoyatini beraman. Lekin bu qaror chiqishidan hayron bo‘lmadim», deya javob bergan u Kun.uz muxbiri savoliga.

Ko‘proq yangiliklar: