Koinotdagi eng go‘zal qonunlardan biri shu ekanki, barcha maxluqot va mavjudotlar zararni ketkazib, foyda keltirishga xizmat qilar ekan. Sayyoralar aro, hayvonot dunyosida, hatto bakteriyalar orasida ham shu qonun ishlarkan. Masalan, quyoshni misol qiladigan bo‘lsak, u yerning zaxini ketkazadi va o‘rniga issiqlik, yorug‘lik, insonlarga D vitaminini beradi hamda o‘simliklarda fotosintez jarayonini vujudga keltiradi.
Alloh taolo dunyo va oxiratimiz uchun nima foyda hamda zararligini tushuntirish maqsadida o‘zining shariatini nozil qildi. Bu shariat buyruq va qaytariqlardan iborat. Ya'ni, Alloh taoloning buyruqlari bizga foyda bo‘ladigan narsalar, qaytariqlari esa zarar bo‘lgan narsalardir. Agar biz ham xuddi koinot itoat qilgani kabi shariat qonunlariga itoat qilsak, hayotimizda muvozanat hosil bo‘ladi. Shariatning foydasini hayotimizga olib kirmasak, zararli narsalarni hayotimizdan chiqarib tashlamasak halokatga uchrashimiz hech gap emas. Azon TV tomonidan tayyorlangan “Tafakkur qilmaysizmi?..” ko‘rsatuvining navbatdagi sonida ana shu qonun doirasidagi mo‘jizalardan biri – tuproq haqida so‘z yuritiladi.
Zamonaviy geolog olimlarning fikricha, tuproq tirik organizm hisoblanadi. Uning tarkibida millionlab qurt-qumursqalar, hasharotlar, bakteriyalar mavjud va ularning har birining o‘z vazifasi bor. O‘rmonlarda daraxtlardan barglar to‘kiladi. Tuproq tarkibidagi mikroorganizmlar shu bilan oziqlanishi kerak, lekin tuproq bu barglarni xom holatida o‘ziga qabul qila olmaydi. Bunda barglarga qayta ishlov berilishi talab etiladi. Ana shu jarayonda qo‘ziqorinlarning xizmati katta ekan. Chunki ular barglarni chiritib berisharkan. Shu bilan birga barglarni kemirib, tuproq uchun tayyorlab beradigan mikroorganizmlar ham bor. Barglar chirib tayyor holatga kelgach, ular tuproq uchun o‘g‘it vazifasini o‘taydi.
Yerning ustiga biror bir meva to‘kiladimi yoki uning ustida biror bir hayvon o‘lib qoladimi, uning tanasini chiritadigan, yerga ozuqa bo‘lishi uchun uni qayta ishlaydigan maxluqotlar bor. Pashshani o‘lik hayvonlarga tuxum qo‘ygan qurtlari ko‘payib, chirigan tanani kemiradi. Qo‘ng‘izlar hayvonlarning go‘ngi bilan shug‘ullanadi. Olimlar bu jarayonlarni tozalanish, poklanish deb nomlashar ekan. Alloh taolo ularni aynan mana shu vazifaga yo‘naltirib qo‘ygan. Umuman olganda Yer o‘zini poklash bilan shug‘ullanar ekan.
Tuproq tarkibida million xil bakteriyalar ham mavjud bo‘lib, ular o‘simliklarni o‘sish sur'atiga xizmat qilar ekan. Ya'ni, bakteriya qancha ko‘p bo‘lsa, o‘simlik shuncha tez o‘sadi. Demak tuproq tarkibidagi har bir mavjudot o‘z vazifasini mukammal ado etmoqda. Tafakkur qiladigan bo‘lsak, Alloh taolo shuncha maxluqotlarni hatto maydalarini ham insonlarning xizmatiga qo‘yibdi, shukr qilmaymizmi?
Alloh taolo bizga bergan ne'matlardan oladigan quvvatimiz ibodatga sarflanishi kerak, shunda uning shukri ado etiladi. Chunki bu ne'matlardan hali biz so‘ralamiz. Alloh taolo yerni insonlar uchun nihoyatda barakali etib qo‘ydi. Barakasi shundaki, dasturxonimizdagi jamiki ne'matlar yerdan chiqadi. Yoki, misol uchun, unga bir dona bug‘doy donini tashlasangiz 700 baravar bo‘lib hosil beradi. Birgina urug‘ ekilsa, butun boshli daraxt bo‘lib unadi.
“Tafakkur qilmaysizmi?..” ko‘rsatuvining ushbu mavzuga bag‘ishlangan sonida tuproq tarkibidagi, Yer yuzidagi Alloh taoloning maxluqotlari inson uchun xizmat qilishi, insonning xizmati esa Robbisiga ibodat va itoat etishida ekanligi haqida so‘z boradi.