Temir yo‘l kassalarida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati mijozlarni qoniqtiradimi?

Jamiyat 12:19 / 04.07.2019 8678

Bir muddat avval ijtimoy tarmoqlardan birida foydalanuvchining «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJni tanqid ostiga olgan e'tirozli fikri paydo bo‘ldi. U temir yo‘l kassalarida chiptalar yetishmasligi yoki kassa xodimlari tomonidan faqatgina qimmat klassga bilet qolgani aytilishi, temir yo‘l kassalari va yo‘lovchilar kutish zallarida sifatsiz xizmat ko‘rsatilishi tanqid qilingan. Mazkur e'tiroz tez orada internet sayt va ijtimoiy tarmoq o‘quvchilarining ham e'tiboriga tushib, ko‘pgina muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Kun.uz mazkur masalaga oydinlik kiritish, tanqidiy fikrlarning qay darajada asosli ekanligini aniqlashtirish maqsadida «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qarashli temir yo‘l kassasida o‘rganish olib bordi. Unda Kun.uz jurnalisti temir yo‘l kassasidan bilet xarid qilayotgan, kutish zallarida poyezd kutayotgan va poyezd vagonlarida o‘z manzili tomon otlanayotgan ayrim yo‘lovchilar bilan suhbat qildi.

Kassa oldidagi yo‘lovchi:

«Surxondaryoga ketyapman. Platskard vagonga chipta sotib oldim. Poyezd ertaga 7.30 da yo‘lga chiqadi. Xizmat ko‘rsatish sifati yoqdi.

Kutish zalidagi yo‘lovchi: 

«Ko‘rsatilayotgan xizmatlar avvalgidan ko‘ra ancha o‘zgargan. Jumladan, poyezd ichida ko‘rsatilayotgan xizmatlar ham yaxshilangan. Avvallari «provodnik»lardan choy so‘rab yurardik, hozir hammasi muhayyo. 

Bilet masalasiga kelsak, albatta kassaga kelib olib ketish kerak. Kamchilikni so‘raydigan bo‘lsangiz, yaxshi joylar tez sotilib ketadi. Sizga esa, ko‘proq yon tomondan joy qoladi. Ana shu jihati yo‘lovchilarga kamchilik bo‘lishi mumkin. Balki, o‘zim biletni kechroq xarid qilgandirman».

Poyezd vagonidagi yo‘lovchilar:

«Termizga qarab yo‘lga chiqyapmiz. Chiptalarni borish-kelishga qilib Termizdan sotib olgandik. 

Taklifga kelsak, men o‘zim Xitoyda bo‘lganman, u yerdagi poyezd xizmatidan ham foydalanganman. Xitoyda poyezd vagonlarida choyshablar solingan bo‘ladi. Bizda manzilga yetib bormasdan choyshablarni topshiringlar deb qoladi. Balki, bizda ham yo‘lovchilarga qulay bo‘lishi uchun bu narsa yo‘lga qo‘yilsa, yaxshi bo‘lardi. Bu mening fikrim, albatta. 

Oldingi tekshir-tekshirlar yo‘q, hech kim bezovta qilmaydi».

Ko‘rinib turibdiki, suhbatdoshlarimizning aksariyati «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlardan rozi (o‘zimiz suhbatlashgan yo‘lovchilar).  Ayrimlari esa sharoitlarni yanada yaxshilash bo‘yicha o‘z takliflarini ham berishdi. Ammo biz o‘tkazgan mazkur suhbatlar butun bir tizimning ishiga baho berish uchun yetarli emas. Biz buni yaxshi tushunamiz. 

Hududlarda bu borada hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. Har holda, internet sayt va turli ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirilayotgan fikrlar va ularga ilova qilinayotgan video hamda fotolavhalar ham o‘z-o‘zidan tarqalib qolmaydi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ har bir hududda fuqarolarga ko‘rsatayotgan xizmatlarini poytaxtdagi biz ko‘rgan standartlar bilan haqiqatda moslashtirishi o‘rinli bo‘ladi, nazarimizda.

Kun.uz viloyatlarda ham chiptalar sotilishi va xizmat ko‘rsatish sifatini yoritishda davom etadi.

Ko‘proq yangiliklar: