Foto: Italiyada yozgi universiada o‘yinlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Sport 16:00 / 04.07.2019 4985

3 iyul kuni Italiyaning Neapol shahridagi San-Paulo stadionida XXX yozgi Universiada o‘yinlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Mazkur musobaqada 120ga yaqin davlatdan 9000 nafarga yaqin talaba sportchilar yozgi universiada tarkibidan o‘rin olgan 18ta sport turi bo‘yicha bellashadi. 

Har ikki yilda o‘tkaziladigan ushbu universiadada 42 nafar o‘zbekistonlik talabalar yengil atletika, dzyudo, taekvondo WTF, badiiy gimnastika, tennis, sport gimnastikasi, o‘q otish hamda kamondan otish sport turlari bo‘yicha medallar uchun bahs olib borishadi.

«Balich Worldwide Shows tomonidan tayyorlangan ochilish marosimiga butun dunyo bo‘ylab 1000 nafardan ortiq ijrochi va katta iste'dod sohiblari taklif etilgan. Loyiha negizidagi tushunchalar Universiada logotipining U harfiga asoslanadi. Ushbu stadion dizayni Neapolda kutilayotgan 120dan oshiq mamlakatdan kelgan universitet sportchilariga ikki yirik qo‘l uzatib turgandek taassurot uyg‘otadi.

Napoli ko‘rfaziga o‘xshab, San-Paolo stadioni mehmondo‘stlik va madaniy hayotning ajoyib ramzi bo‘lib qolishiga astoydil harakat qilingan. 

Xalqaro universiada va olimpiadalarning eng hayajonli daqiqalari — har bir mamlakat delegatsiyasining o‘z bayrog‘ini baland ko‘tarib madhiya sadolari ostida chiqib kelishidir.  Qariyb 80 mingga yaqin muxlislar bilan to‘lib-toshgan stadionga O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘ini, dzyudo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Olimpiya o‘yinlari chempioni, ko‘plab xalqaro turnirlar g‘olibi Suxrob Tursunov baland tutgan holda olib kirdi. Bayrog‘imiz ortidan vatan sharafini munosib himoya qiladigan, bahslarda o‘zbek farzandlari hech kimdan kam emasligini dunyoga yana bir karra ko‘rsatadigan sportchilar, murabbiy va mutaxassislar maydonga kirib keldi. Tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev hamda O‘zbekistonning Italiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Otabek Akbarov ishtirok etdi. 

Shunday qilib, XXX yozgi Universiada o‘yinlari boshlandi. Musobaqalarda sportchilarimizga g‘alaba yor bo‘lishini tilab qolamiz», deyiladi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: