Reytinglar muayyan holatni turli yo‘llar bilan aniqlovchi, har qanday mamlakatda bir yoki bir nechta yo‘nalishdagi vaziyatni to‘g‘ri ifodalab beradigan ko‘rsatkichlardir. Ular turli xil ko‘rinishda bo‘lishi mumkin, hatto baxt indeksigacha.
Reytinglar o‘nlab ko‘rsatkichlar va ko‘pincha o‘ta murakkab formulalarga asoslanadi. Bugun reytinglar shu qadar ko‘p va yana ularning soni o‘sib boryaptiki, biriga ishonish mumkin, boshqasiga esa yo‘q. Ushbu holatda ko‘p narsa talab va taklif qonuniga asoslanadi. Kredit reytinglari esa eng oldin paydo bo‘lganlaridan biri hisoblanadi.
Kredit reytinglari
Banklar o‘z mijozlarini shaxs va kompaniya jihatdan farqlay boshlashi, ishonch va tavakkalchilik tamoyillari yuzaga kelishi bilan kredit reytinglarining ham tarixi boshlangan.
Ushbu reyting turida kreditning qaytarilmaslik xavfini baholash asosiy xususiyat hisoblanadi. Qarz oluvchi sifatida sizning reytingingiz qanchalik yuqori bo‘lsa, unda sizga foydali shartlar asosida ko‘proq pul taklif qilishlari ehtimoli yuqori bo‘ladi.
Moliyaviy bozorda globallashuv va unda turli vositalarning rivojlanishi bozor ishtirokchilarini turli kategoriyalarga ajratish zarurligini ko‘rsatdi. Va natijada moliyaviy korporatsiya va banklar, yirik transmilliy kompaniyalar, mustaqil davlatlar va ularning mahalliy hokimiyat organlari vujudga keldi.
Agar davlat qarz oluvchi bo‘lsa, unda kompaniya yoki bankka qaraganda ko‘proq omillarni hisobga olish zarurati paydo bo‘ladi.
Masalan, bitta davlatning mustaqil reytingi korporativ sektorning mavjud holati va uning istiqbolini hisobga olgan holda, shuningdek, milliy kompaniyalarning sharoiti, makroiqtisodiy parametrlarni o‘lchash bilan baholanadi. Inflatsiya, ichki va tashqi qarzning hajmi va strukturasi, valuta kursi va boshqa makro indikatorlar, siyosiy tizimning barqarorligi ham muhim.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan 1999 yilda O‘zbekiston kredit reytingi yaratildi.
Kredit reytingi eksport kreditiga sug‘urta majburiyatini yuklaydi, xorijiy banklarning import qiluvchi korxonalarga qarz berishiga imkon beradi, o‘z navbatida bu ana shu tomonlar uchun kredit resurslarining qiymatini kamaytiradi.
2018 yilda O‘zbekiston xavf-xatar ko‘rsatkichi bo‘yicha 6 guruhda bo‘lgan, va ayni damda 2019 yilning fevralidan kredit reytingi ko‘rsatkichida 5 guruhga kirgan.
Aytish mumkinki, mamlakat kredit reytingini ko‘tarishda valuta siyosatining muvaffaqiyatli liberallashtirilishi, milliy valutaning konvertatsiya qilinishi, ochiq iqtisod muhitining yaxshilanishi va statistik hisob-kitoblarning shaffoflashuvi kabi bir qator omillar muhim rol o‘ynadi.
(Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan tavakkal ehtimolligi mavjud davlatlar reytingida O‘zbekistonning tarixiy rivojlanish davri)
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti O‘zbekiston kredit reytingini tuzishida quyidagilarni hisobga oladi:
· Mamlakatning kredit tizimi bo‘yicha tarixi;
· Moliyaviy ahvol;
· Qarzni qoplash uchun zarur bo‘lgan valuta zaxiralari miqdori;
· Iqtisodiy barqarorlik, uning barqaror o‘sish sur'ati.
· Ma'muriy sohadagi turli qiyinchiliklarni bartaraf etish;
· Kredit resurslarini olishda qulay muhitga erishish;
· Olingan kreditlarni sug‘urtalash xarajatlarini kamaytirish;
· Uzoq muddatga kredit olish imkonining paydo bo‘lishi.
Bugun O‘zbekistonda ichki va tashqi qarzning kamligi, korporativ qarzlarning kamhajmliligi muhiti, shuningdek, arzirli kredit tarixi mavjud. Chunki davlat qarzlarini doim to‘lab borgan.
Bundan tashqari, bank va moliya sohasida islohotlar qilinmoqda, hukumat xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Ushbu jadvalda O‘zbekistonning kredit tarixi statistikasi keltirilgan. 2019 yil yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning tashqi qarzi 17.3 milliard dollarni tashkil etadi. Uning 58 foizi hukumatga tegishlidir.
Garchi davlat hajmi katta qismni tashkil etsa-da, joriy yil uning faqat 0.8 foizi to‘lanadi. Bu umumiy hisobda 143.7 millionga to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘n yillikda esa qaytarish majburiyatlari 1.96 milliard dollarni tashkil etishi ko‘zda tutilgan.
Tahlillarga ko‘ra, 2019 yilda davlatning tashqi qarzi YaIMning 0.45 foizidan yoki davlat budjetining 2 foizidan oshmasligi ko‘zda tutilgan. Bu davlatning iqtisodiy holatini tavsiflovchi ijobiy ko‘rsatkich.
Shuningdek, O‘zbekistonning har doim qarz majburiyatini vaqtida bajargani va qarz qaytarmaslik holatlari uchramaganini ham e'tirof etish zarur.
2018 yilda O‘zbekistoning joriy operatsiyalar bo‘yicha balansi salbiy ko‘rsatkichda bo‘lgan. (yuqoridagi jadval) Biroq mamlakatning moliyaviy salohiyati iqtisodiyotning barqarorligini ushlab turishga imkon berdi.O‘zbekistonda to‘plangan zaxiralar minusdagi balansni ham qoplash uchun uzoq muddatli kafil bo‘la oladi.
Ayni paytda davlatning oltin-valuta zaxiralari umumiy hisobda taxminan 27.0 milliard AQSh dollarini tashkil qiladi.
Bu borada o‘rtacha muddatda salbiy balansni bartaraf etish uchun iste'mol tovarlari, energiya va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini oshirish ham asosiy vositalardir.
Kredit reytingini yaxshilash O‘zbekistonga quyidagi imkoniyatlarni berishi mumkin:
- Ma'muriy sohadagi turli qiyinchiliklarni bartaraf etish;
- Kredit resurslarini olishda qulay muhitga erishish;
- Olingan kreditlarni sug‘urtalash xarajatlarini kamaytirish;
- Uzoq muddatga kredit olish imkonining paydo bo‘lishi.
Ayni damda O‘zbekiston ushbu tizimni yaqin istiqbolda yaxshilash maqsadida quyidagi vazifalarni amalga oshirishi kerak:
1. Uzoq muddatli makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiy xavfsizlikni ta'minlaydigan, inflatsiya sodir bo‘lishining oldini oladigan «Budjet qoidalari»ni ishlab chiqish;
2. Eksport strukturasini diversifikatsiya qilish (yuqori darajada qayta ishlanadigan mahsulotlarning ulushini eksportda ko‘paytirish);
3. Budjet daromadlarini oshiradigan sohalarga yo‘naltirish uchun tashqi investitsiyalarni jalb qilish mexanizmini tartibga solish;
4. Tashqi iqtisodiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti mamlakatlari va eksport-kredit agentliklari bilan hamkorlikni kuchaytirish.
Dilnoza Raimova