Adham Ikromov: Islohotlar doirasida kamchiliklar bo‘lishi tabiiy, lekin ular tuzatilyapti

Iqtisodiyot 07:20 / 30.06.2019 8191

Bugun, 29 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov va Savdo sanoat palatasi raisi Adham Ikromov ishtirokida mutasaddi tashkilotlar vakillari, tadbirkorlar va OAV vakillari bilan «Xalqaro savdo va soliq islohotlari» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda tadbirkorlar o‘zlarini qiynayotgan muammolarni aytib, ularning yechimlari yuzasidan ham fikrlarini bildirishdi.

Tadbir jarayonida Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov bilan ham qisqa suhbatlashdik.

– Adham aka, tadbirkorlarimiz bilan suhbatlardan qanday xulosalarga keldingiz?

– So‘nggi yillardagi islohotlar ta'siri bor, ko‘z tegmasin, tadbirkorlarimiz har bir jarayonga o‘z munosabatlarini bildirishmoqda, takliflar kiritishmoqda va aynan ana shu takliflar o‘rganilmoqda ham. Demoqchimanki, o‘zaro muloqot an'anasi paydo bo‘ldi va bu juda muhim.

— Ko‘pchilik tadbirkorlarimizning muammolari o‘xshashligi nimadan dalolat? Islohotda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardanmi?

– Har bir tadbirkorda o‘ziga yarasha muammo, yechimini kutayotgan masala bo‘ladi. Bu tabiiy. Endi ular ko‘pchilik oldida ko‘tarilayotgani bu tizimli muammo borligini anglatmaydi. Bugun ko‘pchilik kutganidek QQS bo‘yicha savollar ko‘p kuzatilmadi, sababi bu borada tushunchalar shakllanib ulgurdi. Endi islohotlarda kuzatiladigan kamchiliklarga kelsak, biror islohot yo‘qki, hamma rozi bo‘lgan bo‘lsa. Buning amalda iloji yo‘q. Gap o‘sha kamchiliklarni vaqtida bartaraf etishda. Oldin aynan shu narsaga e'tibor bermasdik, kamchilikni tan olgimiz kelmasdi. Hozir esa aynan mana shunday davralarda hammasini ochiq muhokama qilyapmiz, asosli takliflar bo‘lsa o‘rganayapmiz va eng muhimi zarur tuzatishlarni qilyapmiz.

Ko‘proq yangiliklar: