Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekistonning neft-gaz siyosati muammolari va istiqbollari, shuningdek, aholini energiya manbaalari bilan ta'minlash mavzusida brifing va jurnalistlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda energetika sektorini tartibga solish, energoresurslarni qazib olish va ishlab chiqarish jarayonlariga xususiy sarmoyani jalb qilish, raqobatli biznes muhitni shakllantirishga ko‘maklashish uchun tarif siyosatini takomillashtirish masalalari bo‘yicha ma'lumot berildi.
O‘tgan haftada O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Senatdagi chiqishi vaqtida «Lukoyl» kompaniyasidan 600 mln dollar miqdoridagi qarzdorlik haqida gapirgandi. Prezident mas'ullar mahsulotni bo‘lib olish to‘g‘risidagi bitim imzolash oldidan milliy manfaatlarni hisobga olishi kerakligi, lekin bu holatda milliy manfaatlar hisobga olinmaganini aytgandi.
«O‘zbekneftgaz» rahbari Bahodir Siddiqov ushbu holat bo‘yicha savolga javob qaytardi.
«Shuni ta'kidlashni istardimki, «Lukoyl» bugungi kunda nafaqat neft-gaz sohasida, balki butun O‘zbekiston Respublikasidagi eng yirik investor hisoblanadi. Hozirda «Lukoyl» investitsiyalari hajmi 7 milliard dollardan oshadi, aniqrog‘i, 7,4 milliard dollar bo‘lib, gaz-kimyo majmuasi qurilishi uchun uglevodorod xomashyosini qazib olish loyihasi doirasida sarflangan.
«Lukoyl» oldidagi qarz bir yil ichida paydo bo‘lmaganini ta'kidlamoqchiman. Biz keyingi yillarda «Lukoyl»ga sotilgan tabiiy gazdan ichki iste'molchilar uchun sotib olamiz. Bu tabiiy gaz iste'moli aholi tomonidan ham, mamlakatimiz rivoji uchun bugungi kunda tashkil etilayotgan yangi korxonalar tomonidan ham tabiiy gaz iste'moli oshishi bilan bog‘liq.
Bugungi kunda gap imzolangan bitim mamlakat manfaatlariga mos kelish-kelmasligi haqida emas. Vujudga kelgan qarz «Lukoyl» bilan mahsulotni bo‘lib olish to‘g‘risidagi bitim doirasida kompaniya operatori bilan loyiha bo‘yicha uch oylik tabiiy gaz qazib olish hajmini tashkil etadi.
Bu qarzdorlikni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarga egamiz. Hozirda «Lukoyl» kompaniyasi bilan qarzdorlikning ushbu qismini restrukturizatsiya qilish va uni kelgusi davrlarda to‘lash bo‘yicha kelishuvga egamiz. Bundan tashqari, mahsulotni bo‘lib olish to‘g‘risidagi bitim doirasida qazib olinayotgan gaz eksportga yo‘naltirilishiga ko‘proq e'tibor qaratishimiz lozim. Prezidentimiz oldimizga shunday vazifani qo‘ygan va biz buni to‘la-to‘kis anglab turibmiz. Bugungi kunda «O‘zbekneftegaz»ning barcha sa'y-harakati o‘z qazib olish hajmini oshirishga, kelgusida bu gaz ichki iste'molchilarga sotilishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan. Chunki sotib olish va sotish narxi orasida farq bor va mahsulotni bo‘lib olish to‘g‘risidagi bitim doirasida barcha qazib olingan gaz eksport qilinishi shartiga amal qilinsa, bu O‘zbekiston uchun ham daromadli loyihadir hamda «Lukoyl»ning daromadlar bo‘yicha talabiga ham mos keladi.
Bitim milliy manfaatlarga mos keladimi-yo‘qmi degan savolni qo‘yish noto‘g‘ri deb o‘ylayman. Chunki «Lukoyl» bilan mahsulotni bo‘lib olish to‘g‘risidagi bitim doirasida davlat uch yarim milliard dollar atrofida daromad ko‘rmoqda. Ya'ni davlat soliqlar, daromadli mahsulotdan ulush olish ko‘rinishida o‘z ulushini olmoqda. Davlat bugungi kunda uch yarim milliard dollar daromad oldi, shu bois bitim milliy manfaatlarga mos kelmaydi deyish noto‘g‘ri bo‘lardi», deya Bahodir Siddiqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Eslatib o‘tamiz, Reuters agentligi shu yilning mart oyida O‘zbekiston «Lukoyl»dan 2018 yilda gaz yetkazib bergani uchun 600 million dollarga yaqin qarz bo‘lib qolgani haqida xabar bergan edi.
Bu xabar ortidan, aprel oyi boshida Baxtiyor Anorqulov «O‘ztransgaz» kompaniyasi raisining moliya bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi lavozimidan ozod etildi.
«Lukoyl»ning qazib olish bo‘yicha katta vitse-prezidenti Azat Shamsuarov qarzdorlik mahsulotni bo‘lishib olish to‘g‘risidagi kelishuvda qazib olingan gaz to‘liq eksport qilinishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa ham, O‘zbekiston qazib olingan gazning bir qismini ichki bozorga olib qolgani sababli vujudga kelganini ma'lum qilgandi.
«O‘zbekneftgaz» o‘sha vaqtda hech qanday izoh bermagan edi.
May oyi boshida O‘zbekiston energetika vazirining birinchi o‘rinbosari, «O‘zatom» agentligi boshlig‘i Jo‘rabek Mirzamahmudov «O‘zbekneftegaz»ning «Lukoyl»dan qarzdorligi bo‘yicha izoh bergandi.
«Bu ikki kompaniyaning o‘zaro munosabati va bu munosabatlar o‘zaro bir-birini tushunish asosida muvaffaqiyatli kechmoqda. Iste'mol o‘sishi munosabati bilan gaz olingan. Ammo vaziyat nazorat ostida. Tomonlarning kelishuviga muvofiq munosabatlar tartibga solinmoqda. Qarz bilan bog‘liq muammo yo‘q», – degandi Mirzamahmudov.
Ma'lumot uchun, «Lukoyl» O‘zbekistonda Qandim-Havuzak-Shodi-Qo‘ng‘irot va Janubi-Sharqiy Hisor loyihalarida mahsulotlarni bo‘lib olish sharti bilan ish olib bormoqda. Loyihalarda ishlab chiqarilgan gaz asosan Xitoyga yetkazib beriladi.
«Praym» agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, martda «Lukoyl» O‘zbekiston bilan Qandim loyihasidan yiliga 5 mlrd kub metrgacha gazni ichki bozor uchun eksport netbekiga 12,5 foizlik chegirma bilan yetkazib berishga kelishgan.