Onkologiya markazida bir kun: asabbuzar navbatlarga qachon chek qo‘yiladi?

Jamiyat 21:18 / 28.06.2019 34588

Ertalabki payt «Beruniy» metrosidan chiqib, «Shifokorlar shaharchasi»ga qarab ketishda, yo‘lning chap tarafida katta izdihomning to‘planib turgani ko‘zga tashlanadi.

Surishtirsangiz, respublika onkologiya markazining oldidagi odamlar shifokorlar qabuliga kirish uchun navbat kutib o‘tirishgan bo‘ladi. Navbatlar sababini aniqlash maqsadida muassasadagi holat bilan tanishdik. Muassasadagi sharoit haqida bemorlarning o‘zlari yetarlicha ma'lumot berishdi.

Onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy markazi respublikada saratonni davolashga mo‘ljallangan bosh muassasa hisoblanadi. Muassasa huzurida respublika bo‘ylab 16ta yirik onkologiya dispanserlari hamda shahar va tuman poliklinikalarida 232ta onkokabinetlar tashkil etilgan. Butun respublika bo‘ylab umumiy hisobda 2265ta onkologiya koykasi (kerakli uskunalar bilan jihozlangan davolanish o‘rni) mavjud bo‘lib, uning 145tasi bolalar uchun mo‘ljallangan. Markazda onkologik xastaliklarni tashxislash va davolash ishlari bilan bir qatorda saraton kasalliklarini tadqiq qilish bo‘yicha ilmiy izlanishlar ham olib boriladi.

Dastlab, mazkur tibbiy muassasadagi holatlar, xizmatlar sifati haqida bemorlarning fikrlari o‘rganildi (bemorlarning iltimosiga binoan ism-shariflar ko‘rsatilmadi).

«Ro‘yxatga oladigan joy atigi ikkita» 

Birinchi bemor:

── Onkologiya markazi ertalab sakkizdan tushki 2gacha ishlaydi. Ishini bitirishga kim ulguradi, kim yo‘q. Ertalab yettidanoq darvoza oldida katta olomon to‘planadi. Navbatning cheki yo‘q. Odamlar ham, mashina ham bitta joydan kirib chiqadi. Sakkizgacha darvozani yopib turishadi: darvoza ochilgandan keyin to‘polonni ko‘ring ─ hamma tezroq navbat olib, birinchi bo‘lib qabulga kirib chiqishga shoshiladi. Chunki ro‘yxatga olinadigan joy atigi ikkita. Odam esa juda ko‘p. Faqat tushgacha qabul qilishgani uchun ulgurib qolish qiyin masala.

«Muolajalardan ko‘ra navbatlar odamning sillasini quritadi...» 

Ikkinchi bemor:

─ Bu yerdagi xodimlarning muomalasidan ko‘nglim to‘q. Shifokorlar tashxisni, holatingiz haqidagi ma'lumotlarni batafsil, hafsala bilan tushuntiradi. Hamshiralari ham yaxshi. Faqat navbat muammosidan ko‘p qiynalamiz. O‘zingizga ma'lum, onkologiya bir-ikki marta kelib ketgan bilan hal bo‘ladigan kasallik emas. Odamlar oylab vaqtini shu yerga qatnab o‘tkazadi. Lekin muolajalardan ham ko‘ra ko‘proq navbat odamlarning sillasini quritadi. Davolovchi shifokorlar soni ko‘paytirilsa yoki navbat nazoratga olinsa, yaxshi bo‘lardi.

«Janjallarga ko‘p guvoh bo‘lganman» 

Bemorning qarindoshi:

─ Ultratovush tekshiruvida doim uzundan uzoq navbat bo‘ladi. Respublikadagi markaziy muassasada bunday qurilmalar va mutaxassislar soni oshirilsa, yaxshi bo‘lardi. Chunki, afsuski, bemorlar ko‘p. Bemorlar o‘rtasida navbat talashib janjal chiqqaniga ko‘p guvoh bo‘lganman. Axir bu tibbiyot muassasasi. Odamlar dard bilan keladi bu yerga. Dard ustiga chipqon emasmi bu muammolar?!..

«Navbatlarga ko‘nikib ketganmiz» 

Uchinchi bemor:

─ Shifokorlar yaxshi qarashadi, hamshiralarning ham muomalasi yaxshi. Lekin navbat masalasida qiynalamiz. Har gal kelganda ro‘yxatxonadan qayta o‘tish kerak bo‘ladi. Odam ko‘p, do‘xtirlar tushgacha qabul qiladi. Birov ahvolim og‘ir, o‘tkazib yuboringlar, deydi. Yana birovi ishga kechikayotganini ro‘kach qiladi. Hamma shoshgan. Ko‘nikib ham ketganmiz navbatlarga... Ro‘yxatga oladigan ikkitagina hamshiraning qo‘liga qaratib qo‘ymasdan elektron navbat qilinsa, yaxshi bo‘lardi. Hamma o‘ziga qulay vaqtga yoziladi. Kechiksa, o‘zi aybdor bo‘ladi. Liftning nosozligi ham yuqori qavatlarga chiqib tushishda bemorlarga noqulaylik paydo qiladi.

«Katalka yetishmaydi, hojatxona uzoq....» 

Bemorning qarindoshi:

─ Og‘ir ahvoldagi bemorlarni muolajaga olib kelishda bo‘larimiz bo‘ladi. Katalka (bemorlarni tashish moslamasi) ikkitagina. Bo‘limdan olib chiqinglar, deyishadi. U yoqdagilarning foydasidan zarari ko‘proq tegadi. Ballonlari ishdan chiqqan. Katta muassasadagi bittagina hojatxonani bir burchakda qurib qo‘yishgan.

Onkologiya markazida xizmat ko‘rsatishda elektron resurslardan foydalanilmasligi, tizimdagi bir qator kamchiliklar Oliy Majlis deputatlarining ham tanqidiga sabab bo‘lgan edi.

«Markaz tomonidan shu kungacha bemorlarni masofadan shifokor qabuliga yozish imkoniyati yaratilmagan. Navbatni boshqarish bo‘yicha hech qanday tizim o‘rnatilmagan, «elektron navbat» , masofadan navbatni band qilib qo‘yish imkoni yo‘q. Markazdagi yagona ma'lumotlar bazasi (kanser-registr) ishlari o‘z ahvoliga tashlab qo‘yilgan va bugungi kunda respublika bo‘yicha umumiy yagona elektron ro‘yxat mavjud emas. Markazda ro‘yxatdan o‘tgan bemorlarning elektron kartalari joriy qilinmagan. Muassasaga qarashli ta'mirlanayotgan bino loyihasida esa aloqa vositalari, shu jumladan, telefon va lokal tarmoqlarni o‘rnatish ko‘zda tutilmagan. Markazning amalda ishlab turgan poliklinikasida esa zarur axborot infratuzilmasi yaratilmagan. Mas'ul shifokorlarning xonalari lokal tarmoqqa ulanmagan, mavjud kompyuter vositalari va ulardagi dasturiy mahsulotlar ma'nan eskirgan, xizmat kompyuterlarining birortasida ham litsenziya asosidagi operatsion tizimi va dasturlar o‘rnatilmagan. O‘rganishlar davomida markazdagi mavjud 124ta kompyuterning aksariyati nosoz holda bo‘lgani sababli shifokorlar o‘z ehtiyojlari uchun olib kelgan shaxsiy kompyuterlaridan foydalanib kelayotgani holatlari ham aniqlandi», ─ deyiladi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan joriy yil may oyida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasidagi bayonotda.

Sog‘liqni saqlash tizimidagi tibbiyot muassasalarida elektron navbatlarni 2017 yil yoz oylaridan boshlab joriy etish haqida xabar berilgan edi. Elektron navbat tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligining www.reg.minzdrav.uz portali ishga tushirilgan. Lekin bu portaldan to‘laqonli foydalanish bo‘yicha mexanizmlar to‘liq mavjud emas.

Barcha tizimlarga innovatsion texnologiyalar joriy etilib, axborot kommunikatsiya vositalaridan faol foydalanilayotgan bir paytda, aholining ehtiyoji eng yuqori bo‘lgan tibbiyot sohasida bunday oqsashning kuzatilishi achinarli hol. Tibbiyot xalqning og‘irini yengil qilishi kerak, bitta muammosini ikkita qilishi emas. Tez orada ancha kechikishga ulgurgan «elektron navbat» tizimining barcha tibbiyot muassasalarida to‘laqonli ishga tushishiga umid qilamiz.

Saodat Abdurahmonova

Ko‘proq yangiliklar: