Faoliyatini boshlash arafasidagi tadbirkorlarga 9 ta qimmatli o‘git

Light 09:20 / 28.06.2019 14080

“Islamskiye finansy +” telegram-kanali faoliyatini endigina boshlayotgan tadbirkorlar uchun mo‘ljallangan 9 nasihat haqidagi maqolada biznes boshlashda ahamiyat berish kerak bo‘lgan jihatlarni sanab o‘tdi.

Boshidanoq shuni aytmoqchimanki, bu men tomondan berilgan maslahatlar emas (biroq tortilayotgan taom ta'mi, hidi va jozibadorligi menga tegishli). Bundan tashqari, o‘z xonasida o‘tirib olib, tadbirkorlikni boshidan o‘tkazmay, qanday qilib biznes qilish kerak qabilidagi mavhum narsalar haqida yozmaydigan, o‘z biznesida haqiqatan ham ko‘p narsaga erishgan, qachonlardir olgan narsalarini qaytarishga tayyor kishilarni izlash borasida muhim ishlarni amalga oshiraman. Barchamiz to‘g‘ri ishlarni ko‘proq bajara olishimiz va chetlab o‘tish kerak bo‘lgan to‘siqlarga kamroq duch kelishimizni istayman, xolos. O‘qing, kerak bo‘lganida takror o‘qing va undan foydalaning!

1. Biznesingizni tashlab, har oy sizga barqaror maoshni to‘lashlari uchun davlat xizmati yoki boshqa birov uchun ishlash borasidagi miyangizga o‘rnashib qolgan fikrlarga berilmang. Chunki ishlaringiz yurishmayapti, ota-onangiz jamg‘armangizning borini o‘zingizning ish bermas g‘oyalaringizga sarflab yuborganingizni ta'kidlashmoqda, chunki xaridorlar yo‘q, qo‘shni do‘konda esa savdo avjida, chunki... Haqiqiy tadbirkor yopiq eshikni ko‘rganida uni ochmagunlaricha taqillatishda davom etadi. Yollanma ishchi esa yopiq eshikni ko‘rganida bir marta taqillatib, keyin ketadi... Shunday yo‘l tutish osonroq, biroq bunda rivojlanish bo‘lmaydi, qarshiliksiz o‘sish imkonsiz, bu – borliq qonuniyati...

2. Apple haqida gapirganimizda Stiv Jobs, Microsoft haqida eshitganda esa Bill Geyts ko‘z oldimizga keladi. “Tadbirkor” so‘zini eshitganda nimani tasavvur etasiz? Albatta, savdolarni. Chunki har qanday tadbirkor biznesni sotish uchun yo‘lga qo‘yadi. Bu – pirovard maqsad. Oxir-oqibat, jami iqtisodiyot savdoga borib taqaladi. Shuning uchun sotish san'atini o‘rganishni to‘xtatmang, uni muntazam o‘zlashtiring (tabiiyki, muayyan ahloq normativlari doirasida, ular haqida nasib qilsa, batafsil to‘xtalib o‘taman).

3. Hamma va har kimning maslahatiga o‘ralashmang. Yodingizda bo‘lsin, biznesni boshlagach, atrofingizda soxta konsultant va turli maslahatchilar paydo bo‘ladi. Har bir ayol ilk farzandini kutayotganida tajribali onalar maslahatlarini tinglash qanday bo‘lganini yuzida tabassum bilan yodga oladi. Sizga maslahatim – sizga va biznesingizga to‘g‘ri yo‘nalish bera oladiganlarninggina maslahatini oling. Yana bir maslahat – to‘g‘ri maslahatlarni oling. Muvaffaqiyatga erishish uchun vaqtining katta qismini izlash va o‘rganish uchun sarflagan tadbirkorlarga taqlid qilish hamda ularning instrumentlaridan foydalanishga intilish ko‘pchilikka xos. Siz esa tajribali tadbirkorlar biznesi sizning biznesingiz kabi bosqichda bo‘lganida qanday texnikalardan foydalangani, nima ish bergani yoki ish bermagani va h.k larni bilishga harakat qiling. Biznesning rivojlanish bosqichini hisobga olmay turib, ko‘r-ko‘rona nusxa ko‘chirishga intilmang.

4. Bosim o‘tkazmang, jamoa/ishchilarga ta'siringizni o‘tkazing.

Bajarib bo‘lmaydigan ishni talab etish, tahdid qilish va jazolash kerak emas. Aks holda, jamoaviy ruh va shiddatni o‘ldirasiz. Buning o‘rniga jamoaga ta'sir qilishni o‘rganing, namunaga aylaning, qanday bajarish kerakligini ko‘rsating, ularga mohiyatni namoyish eting, maqsadni ko‘ra olishlariga izn bering. Yodingizda bo‘lsin, eng yaxshi motivatsiya – shaxsiy motivatsiya. Qo‘rquv va bosim – qumdan yasalgan uycha kabi: kichkinagina to‘lqin sababli ham sochilib ketadi.

5. Eng muhimi - ilk muvaffaqiyatlardan keyin hayajonga berilmaslik. Muvaffaqiyatingizni namoyish etish va “podadan oldin chang chiqarishga” urinmang. Endigina muvaffaqiyatga erishishni boshladingiz. Yodingizda bo‘lsin, odinda sizni muvaffaqiyatsizlik va achchiq tajribalar kutib turibdi. Biznesingiz haqida hamma narsani bilaman deb o‘ylaysiz va mohirlikka ega bo‘lmagan startapchilarni maslahatlaringiz bilan ko‘mib tashlashga tayyor turasiz. Suqrotdek odam vafoti oldidan ko‘p izlansada, hech nima bilmasligini anglaganini aytgan ekan, siz yaxshisi shoshqaloqlik qilmaganingiz ma'qul.

Aytgancha, aynan shuning uchun ham bir necha omadsizlik va og‘riqli muvaffaqiyatsizliklarni biznesningiz ilk davrida boshdan o‘tkazish juda foydali va ibratli. U ko‘pchilikni reallikka qaytaradi.

6. Diqqatni o‘z biznesingizga qarating. Yodingizda bo‘lsin, vaqti-vaqti bilan u yoki bu loyihaga kirishing, jiddiy (biroq siz u qadar tushunmaydigan) daromad va muvaffaqiyatni va'da qiladigan “juda zo‘r” imkoniyatlar paydo bo‘ladi. “Qo‘shninikidagi taom doim mazaliroq”. Biznesingizni oyoqqa qo‘yib olmaguncha, professionalga aylanguningizga qadar chalg‘imang, chunki hozircha aynan u sizning e'tiboringizni talab qilmoqda. “Hozircha” bosqichidan o‘tib bo‘lgach, yangi yo‘nalishlarni izlashingiz mumkin. “Biznesingizni egarlab olmaguningizcha”, chalg‘imang, kuch-quvvatingizni har yerga sarflamang.

7. Biznesda o‘zingizni rahbardek emas, xodim kabi tuting. Kompaniyada xodim sifatida faoliyat yuritganingizda sizga ustozlik qilgan, o‘rgatgan, koyigan, ruhlantirgan, yo‘naltirgan, sizdan o‘pkalagan va jazolagan rahbaringiz bo‘lgan. Siz ishga o‘z vaqtida kelib, to‘laqonli ravishda “ter to‘kkansiz”. Endi esa bari o‘zgardi. Hozir siz – rahbarsiz. Sizni hech kim to‘g‘rilamaydi, yo‘naltirmaydi, “hushingizga keltirib, yerga tushirib qo‘ymaydi”. Istagan vaqtingizda kelasiz va ketasiz, buyruqlar berasiz va nimani to‘g‘ri deb hisoblasangiz, o‘shani qilasiz. Yodingizda bo‘lsin, bu boshi berk ko‘cha. Armiyadagi intizomni yo‘qotmang, madaniyat yuqoridagilar tomonidan yaratilishini unutmang, endilikda xodimlaringizga qaraganda ikki marta ko‘proq ishlashingiz kerakligini yaxshilab anglang. Konstruktiv tanqidning sog‘lom muhitini yarating, dialog, salbiy holat va fikrlar almashinuviga ochiq bo‘ling. O‘zingiz uchun ustoz toping. Mavqeingizdan mag‘rurlanmang. Hayotdagi jami mavqelar vaqtinchalik. “Osmonda uchib yurmang, yerga qaytish juda yoqimsiz bo‘ladi”...

8. Hayot va biznes uchun alohida tartibiga ega bo‘ling. Intizom, jadval, barcha narsalardagi aniqlik, cheklovlar, maqsad va rejalar. Umuman, motivatsiyani unuting, har kuni bir xil tarzda bajariladigan ishlarni seving va o‘z-o‘zligingizni namoyish etuvchi va to‘g‘ri maqsadlar sari olib boruvchi maqbul odatlarni shakllantiring.

9. Rivojlanish rejasiga ega bo‘ling. Yodingizda bo‘lsin, rejasiz maqsad bor-yo‘g‘i oddiy orzudir. O‘z-o‘zingizni va biznesingizni rejalashtirish borasida aniq maqsadlarni belgilab oling. Qat'iy bo‘ling va maqsadlaringizga erishing. Vaqtni bekorga sarflamang va tajribangiz bilan o‘rtoqlashing. Hayotdan yetarlicha narsa olib bo‘ldingiz, berishni o‘rganing va seving. Yodingizda bo‘lsin, biror kishi bilan bo‘lishish va uning muvaffaqiyati sababiga aylanishni ko‘rish o‘ta yoqimli. Ehtiyojmand kishi uchun 20 dollar sarflash, o‘zingiz uchun 5 dollar sarflaganga qaraganda 10 marta yaxshiroq. O‘zgalarga bering va u sizga qaytadi.

Ko‘proq yangiliklar: