Davlat soliq qo‘mitasi Soliq konsepsiyasi doirasida soliq ma'muriyatchiligining yangi usullarini amaliyotga joriy qilmoqda, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi «Yangi texnologiyalar» ilmiy-axborot markazi DUK tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar sarhisobi ma'lum qilindi. Xususan, onlayn nazorat-kassa mashinalari va elektron hisob varaq-fakturalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tajriba loyihasi haqida so‘z yuritildi.
Ma'lum qilinishicha, joriy yilning 1 iyulida onlayn nazorat-kassa mashinalari bo‘yicha tajriba loyihasi yakuniga yetkaziladi. Ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 21 fevraldagi «Toshkent shahrida onlayn nazorat-kassa mashinalarini qo‘llash bo‘yicha tajriba loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan joriy etilmoqda.
«Yangi texnologiyalar» ilmiy-axborot markazi mutaxassislarining qayd etishicha, 2019 yil 22 iyun holatiga turli yo‘nalishda faoliyat olib boruvchi 175dan ortiq savdo shoxobchalarida ixtiyoriylik asosida fiskal modulga ega onlayn NKMlar o‘rnatilib, 80 mingdan ortiq qabul qilingan xarid cheklarida jami 37 mlrd. so‘mdan ortiq miqdordagi tovar aylanmasi qayd etildi.
«Onlayn nazorat-kassa mashinasining afzalligi shundaki, avvalgi kassa apparatidan farqli o‘laroq, ushbu qurilmalar orqali real vaqt rejimida xarid cheklari va tadbirkorlik sub'yektining haqiqiy tovar aylanmasi haqidagi ma'lumotlar soliq organlariga yuboriladi.
Eski uslubdagi kassa apparatlari bo‘yicha ma'lumotlar uning xotirasida yig‘ilib borgan va faqatgina joylarga kelib soliq xizmati organlari tomonidan ma'lumot olingandan so‘nggina amalga oshirilgan savdo haqida xabardor bo‘lingan», — deyiladi qo‘mita axborotida.
Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasini yanada erkinlashtirish hamda pul tushumlari ustidan jamoat nazoratini kuchaytirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilingan. Unda ham savdo shoxobchalari egalari, ham xaridorlar uchun imtiyozlar ko‘zda tutilmoqda.
Xususan, loyihada 2019 yil 31 dekabrga qadar har bir kassa uchun onlayn NKM xarid qilish, o‘rnatish va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlar tadbirkorlik sub'yektlarining foyda solig‘i, yagona soliq to‘lovi yoki qat'iy belgilangan soliq to‘lovi hisobidan, biroq to‘lov muddatida amalda bo‘lgan mehnatga haq to‘lashni eng kam miqdorining 10 baravaridan oshmagan miqdorda kamaytirilishi belgilangan.
Shu bilan birga, kassir-amaliyotchi tomonidan nazorat-kassa daftarini yuritish hamda ish kuni oxirida har bir nazorat-kassa mashinasi bo‘yicha kunlik hisobotni chiqarib olish majburiyati bekor qilinadi.
Xaridorlar onlayn NKM orqali berilgan cheklar haqiqiyligini mobil qurilmalar yordamida QR-kodni aniqlash dasturi orqali tekshirib olish imkoniyati mavjud. Bu dasturlarni App Store va Google Playdan bepul yuklab olishlari mumkin.
«Bu orqali iste'molchilarning huquqlari himoya qilinadi. Sifatsiz yoki nuqsonli mahsulotlarni sotib olgan xaridor, uni qaytarib berish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunda chekning qog‘oz nusxasini saqlab yurish talab etilmaydi. Mahsulotning xarid qilinganligi haqidagi ma'lumotlar DSQning ma'lumotlar bazasida hamda xaridorning mobil telefonida ishonchli tarzda saqlanadi», — deydi ilmiy-axborot markazi direktori Hayotjon Nasrulloyev.
Ma'lumot uchun, mazkur amaliyotni tatbiq etish majburiy xarakterga ega emas, shunga qaramay, kelgusi yildan barcha savdo va xizmat ko‘rsatish punktlari onlayn nazorat-kassa mashinalari ishlashi majburiy bo‘lishi ta'kidlanmoqda.