Onlayn nazorat-kassa mashinalarining (NKM) joriy qilinishi bilan tadbirkorlar naqd pul tushumini o‘zlarining ixtiyorida saqlab qolishi mumkin bo‘ladi. Bu yo‘l bilan tadbirkor naqd puli evaziga tezda mahsulot sotib olishi va uni kirim qilishi imkoni yaratiladi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasining elektron hisobvaraq-fakturalar tizimi va onlayn nazorat-kassa mashinalarining joriy etilishi yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida xabar berildi.
DSQning soliq sohasida huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i Nodir Erkayevning ta'kidlashicha, tadbirkorlarning kunlik savdo puli ro‘yxatga olish kitobiga doimiy qayd qilib borilar edi. Onlayn nazorat-kassa mashinalari yordamida bu tizim bekor qilinadi.
«Shuningdek, kun oxiridagi naqd pul tushumini yuritish hisoboti ham amaliyotdan olinadi.
Onlayn nazorat-kassa mashinasini ishlatish uchun ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkor birinchi navbatda davlat soliq organiga onlayn tarzda ma'lumot uzatib turadi. Internet muammoli hududlarda esa NKM uchun ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlar 24 soat ichida tegishli soliq idorasiga tushum haqida axborot yetkazishi kerak bo‘ladi. Berilgan muddat ichida ma'lumot uzata olmaslik holatlari uchraganda ham turli profilaktik yo‘llar orqali tadbirkorlar bilan ishlash, iloji boricha kamroq jazo choralari qo‘llash fikridamiz», — deydi Nodir Erkayev.
DSQ ma'lumotiga ko‘ra, onlayn nazorat-kassa mashinalari bilan tadbirkorlik faoliyatiga inson omilining aralashuvi ham kamayishi kerak. Bu tadbirkorlik sub'yektlarining turli soliq tekshiruvlaridan ozod qilinib, masofadan turib nazorat qilinishi bilan izohlanadi.
Bundan tashqari, Nodir Erkayevning aytishicha, bugungi kungacha soliq organi xodimlari tomonidan tadbirkorlarning o‘z tushumlarini 3 baravardan 10 baravargacha yashirishi holatlari aniqlangan. Agar onlayn nazorat-kassa mashinalari joriy etilsa, tushumlarni bevosita xaridorlar tomonidan nazorat qilishni yo‘lga qo‘yish mumkin.