Peskov Gruziyada «musht yeb qolish xavfi» borligini aytdi 

Jahon 16:16 / 24.06.2019 18146

Peskov Gruziyada rossiyaliklar uchun xavf ehtimoli bor-yo‘qligi haqidagi savolga javob berar ekan, u yerda «musht yeb qolish xavfi» qanchalik haqiqiyligini VGTRK jurnalistlaridan so‘rash kerakligini aytdi. Bu haqda RBK xabar bermoqda

«Bu xavf ehtimoliy emas, balki jismoniydir», — ta'kidladi Rossiya prezidentining matbuot kotibi.

«Rossiya 24» telekanali jurnalistlari 22 iyun kuni hujumga uchrashgandi. Ular Tbilisi markazida turistik agentlik rahbaridan intervyu olayotganida bir guruh yoshlar ularga hujum qilishgandi.

20 iyunda Gruziyada Pravoslaviya parlamentlararo assambleyasi bosh sessiyasi ochilishi vaqtida Rossiya davlat dumasi deputati Sergey Gavrilov Gruziya parlamenti spikeri kursisiga o‘tirgani sababli tartibsizliklar yuz bergan. 

Gavrilovning ushbu ishi Gruziyaning “Umumiy milliy harakat” va “Yevropacha Gruziya” muxolif partiyalari deputatlarining noroziligiga sabab bo‘lgan va ular yig‘ilishni tark etishgan. 

Shundan keyin namoyishlar boshlanib ketib, Rossiya delegatsiyasidan Gruziyani tark etish talab qilingan. Namoyish ishtirokchilari, shuningdek, mamlakat parlamenti spikeri Irakliy Kobaxidze va ichki ishlar vaziri Georgiy Gaxariyaning iste'fosini talab qilishgan.

Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili Moskvani namoyishlarning tashkillashtirilishida ayblagan. Zurabishvili Rossiyani “dushman va bosqinchi” deb atagan. U Rossiya hukumatini Gruziyadagi vaziyatni izdan chiqarishdan manfaatdorlikda ayblagan.

Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev bunday bayonotlarni noprofessional deb atab, Gruziya prezidenti ishning mohiyatini anglamay, atayin real vaziyatni buzib ko‘rsatayotganini ta'kidlab o‘tgan.

Ko‘proq yangiliklar: