«Barselona», «Real», «PSJ»? Neymar faoliyatini qayerda davom ettiradi?

Sport 11:20 / 23.06.2019 25933

Braziliyalik futbolchi yangi mavsumni «Barselona»da davom ettirishi haqiqatga yaqin, unda «Real»ga o‘tish varianti ham bor, shuningdek, «PSJ»da yana bir mavsum qolishi ham istisno etilmaydi.

«PSJ»: Neymarni qo‘yib yuborishga tayyormiz

27 yoshli futbolchi transferi bo‘yicha navbatdagi xabarlar oqimi Fransiyadagi L’Equipe nashrida o‘tgan haftada «PSJ» Neymarni yaxshi narxga sotish variantlarini ko‘rib chiqayotgani to‘g‘risida xabar berilishi ortidan boshlandi. Ko‘p o‘tmasdan ushbu futbolchi barcha sport gazetalari muqovasini bezadi.

Bu xabarlar ortidan «PSJ» prezidenti Nosir Al-Xelayfi munosabat bildirdi.

«Jamoada klubga va loyihaga sadoqatli futbolchilar bo‘lishini istayman. Ular o‘z majburiyatlarini avvalgidan ham ko‘proq mas'uliyat bilan bajarishlari kerak. Ularning ishga munosabatlari mutlaqo boshqacha bo‘lishi zarur. Ko‘proq intilishsin, ko‘proq mehnat qilishsin. Ular bu klubga vaqtichog‘lik qilib yurish uchun kelishmagan. Agar bu fikrga qo‘shilishmasa, eshiklar ochiq. Chao! Men superyulduzlarning o‘zini bunday tutishlariga ortiq toqat qilishni xohlamayman.

Neymar? Uni hech kim biz bilan shartnoma tuzishga majburlamagan. U bu loyihada ishtirok etishni o‘zi istagandi», – degan Al-Xelayfi France Football nashriga bergan intervyusida.

Ko‘rinib turibdiki, Neymar Parijda qolsa, u hayot tarzi va xatti-harakatlarini o‘zgartirishiga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, u avvalgi imtiyozlaridan ham mahrum qilinishi mumkin.

Aynan Al-Xelayfining bayonotidan keyin ispan nashrlari braziliyalik futbolchiga «Barselona» va «Real» tomonidan qiziqish mavjudligini bot-bot esga sola boshlashdi.

«Real»: juda qimmat

Avvalboshdan Madrid varianti ehtimoli kam edi. Ha, Ispaniyada va butun dunyoda Florentino Peres azaldan Neymarni jamoasida ko‘rishni istashi haqida yozishadi. Ammo prezidentning istagi boshqa, bosh murabbiy Zinedin Zidanning istagi boshqa. Jamoaga qaytgan fransiyalik mutaxassis jamoani qaytadan qurmoqda va u braziliyalik futbolchining fanati emas.

Avvaliga OAVda «Real» ushbu futbolchi uchun 130 million yevro va Garet Beyl yoki Xames Rodrigesdan birini berishga tayyorligi haqida yozildi. Bu orada Neymarning «Real» hujumchisi Karim Benzema bilan birga tushgan suratini ijtimoiy tarmoqda e'lon qilishi nimagadir ishoradek qabul qilindi. Keyin «PSJ» futbolchi uchun 300 million yevrolik narx belgilab qo‘ygani anglashildi. Shundog‘am yozgi transferlarda katta xarajat qilib qo‘ygan madridliklar esa bunday summa to‘lashga tayyor emas - u juda qimmatlik qiladi. Keyin esa futbolchining o‘zi «Real»ga o‘tishni istamayotgani, «Barselona»ga - Messi va Suaresning yoniga qaytishga tayyorligi haqida xabarlar tarqaldi.

«Barselona»: 200 million va Neymar uchun uch shart

Voqealar rivojiga ko‘ra Kataloniyaga qaytish Neymar uchun eng real variant bo‘lib turibdi. Ammo bu transfer osonlik bilan amalga oshmasligi aniq. Barcha gap moliyaviy masalada.

Marca nashri ma'lumotiga ko‘ra, kataloniyaliklar bu futbolchini sotib olib, u bilan 5 yillik shartnoma tuzishsa, jami xarajat miqdori 600 million yevroga yetadi: transfer uchun 250 million va futbolchining o‘ziga 350 million. «Barsa» prezidenti Xosep Bartomeu bunga tayyor emas, klubda shunchaki buncha pul yo‘q.

To‘g‘ri, «Barselona» futbolchini 200 million yevro evaziga transfer qilishga tayyor. O‘z-o‘zidan tushunarli, futbolchining obro‘si so‘nggi vaqtlarda pasaygandan pasayib bormoqda, tinimsiz jarohatlar, diskvalifikatsiyalar va shaxsiy hayotidagi mojarolar uning o‘yiniga va transfer narxiga ta'sir qilmay qolmaydi. U «PSJ»da kutilgan ishonchni oqlay olmadi - jamoa bilan YeChLda muvaffaqiyatga erisha olmadi, maydon tashqarisida ham hamisha muammolar girdobida qolmoqda.

«Barselona» 200 million yevroni ham to‘liq bermoqchi emas - transferga boshqa futbolchilarini qo‘shmoqchi. Almashish variantida ro‘yxatda birinchi navbatda boshqa bir braziliyalik Koutino turibdi, kataloniyaliklar tarixidagi eng qimmatbaho xarid kutilgan o‘yinni namoyish eta olmadi va asosiy tarkibda o‘rnashib qololmadi. «Barselona» katta transferni amalga oshirishda moliyaviy feyr-pleyga rioya qilish uchun bir necha futbolchisini sotishi ham talab qilinadi. Shundan keyingina Neymarni transfer qilish haqida o‘ylash mumkin bo‘ladi.

Shu bilan birgalikda, Sport nashri braziliyalik futbolchi kataloniyaliklar klubiga qaytishi aniq ekanini yozmoqda. Bu gazeta hafta davomida har kuni muqovasini Neymarga bag‘ishladi.

Dushanba: «PSJ» muzokaralarga tayyor»

Seshanba: «Neymar «Barsa»ga qaytishni istamoqda»

Chorshanba: «Barselona» futbolchilari Neymar qaytishiga rozi»

Payshanba: «Neymar Parijga qaytmoqchi emas va transfer qilinishini so‘ramoqchi»

Juma: «PSJ» 300 million talab qilmoqda, «Barsa» 100 million va Koutinoni taklif qilmoqda»

Shanba: «Barsa» Grizmann bilan shartnoma imzolamoqchi va Neymarga shart qo‘ymoqchi»

Shanba kungi sonda nashr kataloniyaliklarning Neymar rozi bo‘lishi kerak bo‘lgan 3 sharti haqida yozdi: maoshi kamayishiga rozi bo‘lishi, avval klubda o‘ynaganida shartnomani uzaytirgani uchun so‘ragan 26 million yevro miqdoridagi bonusdan voz kechishi va «Barselona»ga qaytish istagi haqida rasman e'lon qilishi.

Braziliyadagi UOL Esporte nashri ma'lumotiga ko‘ra, futbolchiga yaqin odamlar aytishicha, u barcha shartlarga rozi. Uning o‘zi hozircha sukut saqlamoqda - kelajagi bo‘yicha tarqalgan xabarlarni na rad etmoqda va na tasdiqlamoqda.

Foto: Google Maps

U Kataloniyaga qaytishga qaror qilsa, Barselonadan yangi uy izlashiga hojat yo‘q - «Barselona»da o‘ynagan vaqti yashagan uy-joyi turibdi. U bu uyni Messi va Suares yashaydigan joydan uzoq bo‘lmagan hududdan - Barselona g‘arbidagi nufuzli tuman Pedralbesda 5 million yevroga sotib olgandi. Bu uy maydoni 1000 metr kvadratni tashkil etadi - ulkan basseyn, avtomobillar uchun garaj va 5ta yotoqxonani o‘z ichiga olgan.

 

Ko‘proq yangiliklar: