Rossiya va Gruziya o‘rtasidagi aviaqatnovlar butunlay to‘xtatiladi

Jahon 21:43 / 22.06.2019 12709

Gruziyadagi aviakompaniyalarga Rossiyaga parvoz qilish taqiqlanadi, deb xabar berdi «Interfaks» o‘z manbalariga tayangan holda. 

Mazkur taqiq vaqtinchlik bo‘lib, 8 iyuldan boshlab amal qila boshlaydi. U ham yo‘lovchi, ham tijoriy qatnovlar uchun bir xilda joriy qilinmoqda. Qaysi tomon bunday choraga qo‘l urayotgani agentlik materialida aniqlashtirilmagan.

Keyinroq mazkur axborotni Rossiya transport vazirligi ham tasdiqladi, deb yozmoqda TASS. 

21 iyun kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin 8 iyuldan boshlab Rossiya aviakompaniyalariga Gruziyaga parvoz qilishni taqiqlash haqida farmon imzolagan edi. Biroq bu chora Gruziyaning Rossiyaga parvozlar uyushtirib kelgan ikki aviakompaniyasi — Georgian Airways va MyWay Airlines’ga taalluqli emas edi.

Rossiya yetakchisi Gruziya poytaxti Tbilisida o‘tgan norozilik aksiyalariga javoban shunday qaror qabul qildi. Tbilisida 20 iyun kuni bir necha ming kishi mamlakat parlamenti binosini shturm bilan egallashga harakat qilgan. Bir necha soat o‘tib politsiya namoyish qatnashchilariga qarata ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o‘qlar qo‘llagan. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuvlar natijasida 240 odam jabrlangan, ularning 80 nafari politsiya xodimlaridir.

Ko‘proq yangiliklar: