Qurilish vazirligi mutasaddilari Samarqanddagi arzon uylar mashmashasidan ham xabari yo‘qligini bildirdi

O‘zbekiston 00:45 / 21.06.2019 12845

Qurilish vazirligi Samarqanddagi uylar bilan bog‘liq muammolardan ham xabari yo‘qligini bildirdi. Milliy Matbuot markazida Samarqand shahridagi arzon uy-joylar bilan bog‘liq holat, ulardagi ayrim xonadonlarning maydoni shartnomada ko‘rsatilgan raqamlarga mos kelmasligi, bu holatda xaridorlar qanday yo‘l tutishi mumkinligi haqida savol ko‘tarildi. Qurilish vazirligi mutasaddilari, Samarqand shahrida va umuman boshqa shaharlarda ham davlat buyurtmasi asosida qurilayotgan uylarda bu kabi kamchiliklar bo‘lishi mumkin emasligini ta'kidlashdi. Qolaversa, Samarqandda shunday holatdan xabari yo‘qligini ta'kidlashdi. 

«Samarqanddagi holatni men eshitganim yo‘q. Yana takrorlayman, har bir obekt loyiha asosida quriladi. Agar loyihadan chetga chiqilsa, texnazorat qurilishni to‘xtatadi. 100 m2 o‘rniga 95 qilib qo‘yishi mumkin emas. Bizning tasavvurimizda bo‘lishi mumkin bo‘lmagan ish. Siz manzilni bering. Biz o‘rganib chiqamiz, ammo, takrorlayman, loyihadan chetga chiqish mustasno», - deya javob berdi Qurilish vaziri o‘rinbosari Kozim To‘laganov. 

Vazirlik mutasaddisi Dilshod Jalolov matbuot anjumanida davlat dasturlari haqida gap ketayotgani, xususiy kompaniyalar tomonidaan qurilgan yoki qurilayotgan ishlar, ularning natijasi haqida muloqot qilinmayotganini bildirdi. 

«Hozir davlat dasturlari asosida qurilayotgan uy-joylar haqida gap ketyapti. Shuni e'tiborga olinglar. Xususiy tartibda qurilayotgan uylar bilan davlat dasturi asosida qurilayotgan uylarni adashtirmanglar», - deya qayd etdi Dilshod Jalolov.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Samarqand shahrida «O‘zshaharqurilishinvest» kompaniyasi tomonidan qurilayotgan uylarning sifatidan norozilik bildirgan aholi bilan uchrashgan va mavjud kamchiliklar bartaraf etilishiga va'da bergan edi. 

Jurnalist, shuningdek, Toshkentda katta hajmda qurilish ishlari olib borilayotgani sababli, shaharning kanalizatsiya tizimi bunday ko‘lamdagi binolarga xizmat ko‘rsatishga qanchalik layoqatli, degan savol bilan ham murojaat qildi. Kozim To‘laganov savolga javob berar ekan, shahar kanalizatsiya tarmog‘ining sig‘imi yetarli ekanini qayd etdi. 

«Toshkent shahrida kanalizatsiya tarmog‘i kuchi yetadi. Sergelida juda katta kanalizatsiya nasos stansiyasi qurildi. Bu tizim qurilganiga bir necha yil bo‘lganiga qaramay, ishlab turibdi. 

Suv masalasi ham shunday. Hozir, ToshGRESdan qo‘shimcha 120 ming kub suv chiqaradigan loyiha ustida ish olib borilyapti. Qayerdadir quvurlarni kengaytirish masalalari ham shu jumladan. Ayni vaqtda yaqin 4-5 yildagi qurilish hajmiga yetadigan quvvat bor. Zarurat paydo bo‘lsa, 15-20 yildan keyin qanday bo‘ladi, degan istiqboldagi masalalar yuzasidan loyiha institutlar ish olib boryapti. Bundan ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin», - dedi Kozim To‘laganov. 

Ko‘proq yangiliklar: