Prezident tanqid qilgan Samarqanddagi mashhur «SINO» zavodi «nol» qiymatda sotiladi

O‘zbekiston 17:34 / 21.06.2019 20959

Samarqand shahridagi mashhur «SINO» zavodi «nol» qiymatda sotiladi. Bu haqda Respublika Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi o‘z saytida ma'lum qildi. Manbada aytilishicha, uzoq yillik tarixga ega «SINO» zavodini sotib olmoqchi bo‘lganlar kamida 15 million dollar investitsiya kiritishi kerak.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 4 yanvardagi «Elektrotexnika sanoatining eksport salohiyatini yanada rivojlantirish va oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4090-son qaroriga muvofiq «SINO» aksiyadorlik jamiyati davlat aksiyalari paketini (88,8 %) investorlarga tanlov asosida «nol» xarid qiymati bo‘yicha korxonaning kreditorlar oldidagi qarzini to‘lash bilan bir vaqtda korxonaning faoliyatini sog‘lomlashtirish uchun investitsiyalar kiritish sharti bilan berish bo‘yicha tanlov e'lon qilinadi»,- deyiladi xabarda.

Talabgorlarning takliflari bildirilgan konvertlarning bir nusxasi 2019 yil 24 iyul kuni, soat 10:00 da Samarqand viloyat hokimiyatida ochiladi. Tanlov savdosi shu kuni bo‘lib o‘tmagan taqdirda takroriy tanlov savdolari har haftaning chorshanba kunlari, soat 10:00 da viloyat hokimligida xududiy tanlov komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi.

Samarqand shahar Spitamen ko‘chasida joylashgan «SINO» zavodi 1974 yilda faoliyatini boshlagan va uzoq vaqt shahardagi eng yirik ishlab chiqarish korxonalaridan biri bo‘lib kelgan. Asosan muzlatgich ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan bu zavod yiliga 250 ming dona mahsulot ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.

«SINO»da «Pomir», «Snejinka», «Samarqand», «SINO» nomli sovutgichlar ishlab chiqarilib, Polsha, Xitoy, Afg‘oniston kabi davlatlarga eksport qilingan. 2009-10 yillarda «SINO»ga Janubiy Koreyaning «LG» korxonasi umumiy 10,9 million AQSh dollar miqdorida investitsiya kiritgan. Aynan 2010 yilgacha (Artel paydo bo‘lguniga qadar) «SINO» mamlakatda muzlatgich ishlab chiqarish bo‘yicha monopol bo‘lgan.

Joriy yil avvalida Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifi chog‘ida «SINO» haqida gapirgandi: «Samarqandda qaysi zavod bor? Bitta «SINO» bor. U ham 76 milliard so‘m qarzga botib, bo‘shab yotibdi. Investorga bepul bo‘lsa ham beringlar deb qo‘l qo‘yishga majbur bo‘ldim, ishlatsa bo‘ldi. «Nol» qiymat bo‘yicha olib, ishlatib, odamlarga oylik to‘lasa bo‘ldi»,- degani Shavkat Mirziyoyev.

Ta'kidlash joiz, 2018 yil avgustda bankrot deb e'lon qilingan «SINO» zavodining sobiq rahbariga nisbatan jinoiy ish ochilgani aytilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: