«Dron 150 kishining o‘limiga arzimasdi». Tramp Eronga zarba berish qaroridan qaytganini izohladi

Jahon 18:40 / 21.06.2019 35720

AQSh prezidenti Donald Tramp amerikaliklarning uchuvchisiz uchish qurilmasi urib tushirilganiga javoban Eronga zarba berish qarorini bekor qilganiga izoh berdi. 

Tramp The New York Times nashrida Eronga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum qilish varianti ko‘rib chiqilgani haqida berilgan xabarni tasdiqlagan.

«Men bu hujum oqibatida qancha odam halok bo‘lishi haqida so‘radim. Bir yuz ellik kishi, ser, deya menga javob berdi general. Zarba berilishiga o‘n daqiqa qolganida men bu qarorni bekor qildim, chunki bu urib tushirilgan uchuvchisiz dron uchun nomutanosib javob bo‘lardi», — deya yozgan prezident tvitterida.

Reuters agentligining Eron hukumatidagi manbasi ma'lumotiga ko‘ra, Donald Tramp Ummondagi vositachilar orqali rasmiy Tehronga «turli muammolar»ni muzokaralar yo‘li bilan muhokama qilish talabini yo‘llagan. AQSh prezidenti aks holda «to‘xtatib bo‘lmas hujum» bilan tahdid qilgan.

20 iyun kuni Eron islom inqilobi korpusi soqchilari Hurmuz bo‘g‘ozida AQShga tegishli razvedka droni urib tushirilganini ma'lum qildi.

Keyinroq AQSh bu ma'lumotni tasdiqladi. Eron tomoni urib tushirilgan dronning modeli RQ-4 Global Hawk ekanini aniqladi.

RQ-4 Global Hawk droni narxi 130 mln dollar. Bu tipdagi uchuvchisiz uchish qurilmasi jahondagi eng kattasi: uning qanotlari hajmi Boeing 737 samolyoti qanotlaridan katta.

Ko‘proq yangiliklar: