Buxoroda va Samarqandda maktabni oltin medal bilan tamomlagan o‘quvchilar taqdirlandi

Jamiyat 11:14 / 21.06.2019 11223

Buxoro shahridagi Yoshlar markazida Buxoro viloyatidagi umumta'lim maktablarini a'lo baholarga tamomlagan bitiruvchilarga oltin va kumush medallarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Joriy o‘quv yilida Buxoro viloyatidagi 528ta umumta'lim maktablarining 11-sinfini 16 ming 950 nafar yigit-qiz muvaffaqiyatli tugatib, mustaqil hayotga yo‘llanma oldi. Bitiruvchilarning 144 nafari oltin va 151 nafari kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Buxoro viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev mamlakatimizda barkamol avlodni shakllantirish, yoshlarni ma'naviy-axloqiy va jismonan sog‘lom etib tarbiyalash, ularni olib borilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar izchil amalga oshirilayotganini e'tirof etdi.

Bitiruvchilarga a'lo bilimi, namunali xulqi va jamoat ishlaridagi faolligi uchun beriladigan oltin va kumush medallar yoshlarning ta'lim olishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobatni shakllantirish va iqtidorli o‘quvchilar bilimini rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladi va o‘quvchilarga oltin va kumush medallar, shuningdek, viloyat hokimligining esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

Xuddi shunday tadbir Samarqand shahridagi Yoshlar markazida ham bo‘lib o‘tdi va unda samarqandlik maktab bitiruvchilariga oltin va kumush medallar topshirildi.

Joriy o‘quv yilida Samarqand viloyatidagi 1176ta umumta'lim maktablarining 11-sinfini 30 ming 268 nafar yigit-qiz bitirib, ularning 78 nafari oltin va 63 nafari kumush medalga sazovor bo‘ldi. Eng ko‘p oltin medal Past Darg‘om tumanidagi 21-maktab o‘quvchilariga tegishli bo‘lib, ularning 12 nafari ushbu mukofot bilan taqdirlandi.

Tadbirda Samarqand shahar hokimi vazifasini bajaruvchi B.Obloqulov va viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov qatnashdi hamda maktab o‘quvchilarining keyingi o‘qishlariga omad tiladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy o‘quv yilida ikki nafar samarqandlik o‘quvchi «Zulfiya» nomidagi Davlat mukofotini qo‘lgan kiritgan. Yana bir nafar o‘quvchi «Yosh kitobxon» ko‘rik-tanlovi respublika bosqichida g‘olib bo‘lib, «Spark» avtomobili bilan taqdirlangan.

O‘z muxbirimiz.

Ko‘proq yangiliklar: