MTV Sirdaryo viloyatida bolalarning zaharlanishi yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazdi

O‘zbekiston 11:40 / 20.06.2019 10256

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi Sirdaryo viloyatida bolalarning zaharlanishi yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazdi.

«2019 yil 18-19 iyun kunlari Boyovut tumani shifoxonasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga 21-MTMning 3 xodimi va 22 tarbiyalanuvchisi «o‘tkir ichak kasalligi, ovqat toksikoinfeksiyasi» alomatlari bilan keltirilgan. Maktabgacha ta'lim vazirligi ishchi guruhi zaharlanish sabablariga doir xizmat tekshiruvi o‘tkazdi.

Zaharlanishga iste'mol uchun yaroqsiz bo‘lgan ichimlik suvi sabab bo‘lgan. Gap shundaki, Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida markazlashgan ichimlik suvi ta'minoti mavjud emas. 2019 yil 17 iyun kuni 21-MTMga ichimlik suvi keltirilmagan va muassasa mudirasi maskan ehtiyojlari uchun iste'molga yaroqsiz bo‘lgan ichimlik suvi(kanal suvi)dan foydalanishga qaror qilgan. Bu esa bolalar va xodimlarning shifoxonaga tushishiga olib kelgan.

Surishtiruv quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha davom etadi:

- 21-MTM joriy yil mart oyida ta'mirlanganidan so‘ng, faoliyatini tiklash uchun ruxsatnoma berilishi.

Belgilangan qoidalarga ko‘ra, markazlashgan ichimlik suvi ta'minoti bo‘lmasa, mahalliy hokimiyat idoralari MTTga ichimlik suvi tashib keltirilishini ta'minlashi zarur. Boyovut tumani maktabgacha ta'lim bo‘limi mudirasi ishchi guruhga 21-maktabgacha ta'lim muassasasini ichimlik suvi bilan ta'minlashga doir shartnomani ko‘rsata olmadi. Sanitar-epidemiologik nazorat tomonidan MTMni ochishga ruxsat berilishi sabablari Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda aniqlanadi;

-21-MTMda ichimlik suvi zaxirasining yo‘qligi.

Ichimlik suvi zaxirasi maxsus hajmli idishlarda sanitar me'yorlarga amal qilingan holda saqlanishi kerak.

«Maktabgacha ta'lim vazirligi xizmat tekshiruvini davom ettiradi, uning natijalariga ko‘ra, aybdorlarga qonunchilikda belgilangan choralar qo‘llaniladi. Barcha hududlarni ichimlik suvi bilan ta'minlash masalasi – ulkan, serxarajat, ammo amalga oshirsa bo‘ladigan loyiha bo‘lib, Prezident qaroriga muvofiq, 2025 yilgacha tugallanishi rejalashtirilgan.

Hurmatli mudirlar, agar siz ichimlik suvi ta'minotida uzilishlarga duch kelsangiz, yordam so‘rab MTVga murojaat qiling. Bolalar sog‘ligini xavf ostiga qo‘ymang, bu mumkin emas», - dedi maxsus MTTlar faoliyatini muvofiqlashtirish, reabilitatsiya va bolalar salomatligini ta'minlash bo‘limi boshlig‘i Umida Muhiddinova.

Sirdaryo viloyati hokimligi MTV mutaxassislari bilan birgalikda maktabgacha ta'lim muassasalarini ichimlik suvi bilan uzluksiz ta'minlash masalasini ishlab chiqmoqda.

Prezidentning 2018 yil 30-sentyabrdagi PQ-3955-sonli «Maktabga ta'lim boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, mas'ul vazirlik va idoralar 2025 yilga qadar bosqichma-bosqich ravishda respublika MTTlarini ichimlik suvi, elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan ta'minlashi kerak. Dasturda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Maktabgacha ta'lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, «O‘zbekenergo» AJ, «O‘ztransgaz» AJ, «NEK» AJ, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ishtirok etadi», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: