Maktablarga qabul jarayoni boshlandi: Toshkentdagi 81ta maktabga qabul mikrohudud bo‘yicha DXMlar orqali amalga oshiriladi

O‘zbekiston 17:50 / 20.06.2019 6838

20 iyun kuni O‘zbekiston umumiy o‘rta ta'lim muassasalariga qabul jarayoni boshlandi. 1-sinfga qabul ikki yo‘l bilan amalga oshiriladi. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Vazirlar Mahkamasining «Bolalarni davlat umumta'lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan Toshkent shahridagi 81 ta talab yuqori maktablarda 1-sinfga qabul jarayoni Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi. Maktablar ro‘yxati bu yerda keltirilgan.

Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul «Bolalarni davlat umumta'lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti» asosida amalga oshiriladi.

Shu bilan birga qolgan 9610 ta maktabda qabul jarayoni ta'lim muassasasining o‘zida bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 140-sonli qaroriga ko‘ra, umumiy o‘rta ta'limga qamrab olish tuman (shahar) hokimliklarining qarori bilan umumta'lim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) doirasida amalga oshiriladi hamda maktab yoshidagi bolaning tayyorgarlik darajasidan qat'i nazar, tanlovsiz qabul qilinishi belgilangan.

Maktab yoshidagi bolalarni umumta'lim muassasasining 1-sinfiga qabul qilish uchun ularning ota-onalari tomonidan o‘z hududi (mikrohududi)dagi maktabga quyidagi hujjatlar topshirilishi lozim:

– ota-onalar tomonidan umumta'lim muassasasi direktori nomiga ariza;

– ota-onalarning fuqarolik pasporti (fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi) nusxasi (doimiy propiskasi yoki turgan joyi bo‘yicha hisobga olinganligi haqidagi qayd yozuvi ko‘rsatilgan holda);

– bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi;

– bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma'lumotnoma;

– bolaning 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurati.

Ko‘proq yangiliklar: