«Boriga-baraka» o‘yinining qonuniyligi Bosh prokuratura tomonidan o‘rganiladi

Jamiyat 16:20 / 20.06.2019 60771

17 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev va jurnalistlar ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Ushbu ochiq muloqot chog‘ida jurnalistlar tomonidan «Zo‘rTV» telekanali orqali efirga uzatilayotgan «Boriga baraka» ko‘rsatuvining qonuniyligi xususidagi savolga Bosh prokuror o‘rinbosari javob bergandi.

«Ma'lum bir loyihaning qonuniy yoki noqonuniyligi haqida yuzaki fikr bildirib bo‘lmaydi. Bu ma'lum bir protsessual tartibdagi tekshiruvlarni talab etadi. Chunki o‘zingizga ham ma'lum, har qanday ayblov yetarli asoslarga ega bo‘lishi kerak. Boz ustiga gap xususiy telekanaldagi televizion loyiha haqida ketmoqda va bu bevosita tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvni talab etadi. Buning ham belgilangan o‘ziga xos talablari mavjud. Shu sababli, keling, yaxshisi hozir tugal fikrni aytish maqsadga muvofiq emas, lekin albatta ushbu masalani nazoratga olib, batafsil ko‘rib chiqamiz va o‘rganish natijalari bo‘yicha sizga qo‘shimcha ma'lumot beramiz», degan Erkin Yo‘ldoshev.

Shuningdek, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov ham o‘zining feysbukdagi sahifasi orqali quyidagi fikrlarni bildirgan edi.

«Nodavlat telekanallarda mahsulot va xizmatlar savdosini ko‘paytirishga yo‘naltirilgan, pul va boshqa ko‘rinishidagi sovg‘alar o‘ynaladigan ko‘rsatuvlar soni ko‘payib bormoqda. Nodavlat telekanallar ko‘rsatuvlar setkasi tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, telekanallar tizimli ravishda Lisenziya kelishuvi talablarini buzib kelishmoqda.

Yuqorida keltirilgan holatlar bizda asosli xavotirlar uyg‘otmoqda», degandi u.

Avvalroq Kun.uz sayti orqali «Boriga baraka ko‘rsatuvi qonuniymi?» sarlavhali maqola va unga nisbatan «Zo‘rTV» telekanalining munosabati e'lon qilingan edi.  

Ko‘proq yangiliklar: