O‘zbekiston delegatsiyasi Shvetsiyada muzokaralar o‘tkazdi 

O‘zbekiston 20:53 / 19.06.2019 3600

O‘zbekiston Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi delegatsiya Stokgolm shahrida Shvetsiya parlamenti, shuningdek, qator vazirlik va idoralarda muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekistonning Berlin shahridagi elchixonasi ma'lumotiga ko‘ra, Shvetsiya riksdagi (parlamenti) raisining birinchi o‘rinbosari Asa Lindestam va Yevropa Kengashi parlament assambleyasidagi Shvetsiya delegatsiyasi rahbari Boriana Aberg bilan uchrashuv davomida Shvetsiya tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bilan yaqindan tanishtirildi hamda parlamentlararo aloqalarni faollashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Xabarda aytilishicha, shu kunning o‘zida Shvetsiya tashqi ishlar vazirligi, Shvetsiya xalqaro taraqqiyot agentligi SIDA  va Stokgolm Xalqaro suv instituti SIWI’da ushbu idoralarning mas'ul rahbarlari ishtirokida davra suhbatlari o‘tkazildi. 

“Ikki tomonlama va ko‘p tomonlama shakllardagi munosabatlarni rivojlantirishning amaliy jihatlari yuzasidan fikr almashildi, xavfsizlik, iqtisodiyot, ekologiya va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Orol fojiasining salbiy oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha, shu jumladan, BMT shafeligida mamlakatimiz tashabbusi bilan Orolbo‘yi mintaqasi uchun tashkil etilgan Ko‘p sherikli inson xavfsizligi bo‘yicha trast fondi doirasidagi O‘zbekiston hukumati sa'y-harakatlarini Shvetsiya tomonining qo‘llab-quvvatlashi imkoniyatlariga alohida e'tibor qaratildi. Shvetsiya kompaniyalari ishtirokida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali respublikaning suv xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlikni o‘rnatishga Shvetsiya tomoni tayyor ekanligini izhor etdi.

Shuningdek, Shvetsiya savdo va investitsiya kengashi “Business Sweden”da va Stokgolm o‘tish iqtisodiyoti instituti rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan konstruktiv fikr almashildi. Investitsiya va savdo sohasida hamkorlikni, shu jumladan, biznes missiyalarini tashkil etish va ikki mamlakatda o‘tkazilayotgan ko‘rgazma va yarmarkalarda ishtirok etish orqali aloqalarni -faollashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: