Islohotlar qanday kechmoqda? «Al-Jazira» O‘zbekistondan reportaj tayyorladi

O‘zbekiston 21:24 / 19.06.2019 21211

O‘zbekiston sobiq prezidenti Islom Karimovning vafotidan so‘ng mamlakatning yangi yetakchisi muhim islohotlarga qo‘l urmoqda, deb xabar beradi Al Jazeera telekanali. Muxbir Step Vayessenning Toshkentdan tayyorlagan lavhasida islohotlar yetarli ko‘lamda emasligi ham ta'kidlangan. 

«Toshkentda yangi jurnalistika universitetining ochilishi – Islom Karimov boshqaruvida o‘tgan 27 yil davomida yuzlab huquq faollari, jurnalist va siyosatchilar qamoqqa tashlangan O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarning yana bir belgisi bo‘ldi. 2016 yil sentyabrda vafot etgan Karimovdan so‘ng, mamlakatda yangi islohotlar shamoli esa boshladi, so‘z erkinligi bo‘yicha vaziyat yaxshilanib, qamoqqa olingan o‘nlab jurnalist va siyosatchilar ozodlikka chiqarildi.

Qolaversa, jamoatchilikka ma'lum sud ishlarini qayta ko‘rib chiqish boshlandi. Klara Saxarova yillardan buyon ukasi – olim Andrey Kubatinning ozod etilishi uchun kurashib kelgan. U 2017 yili 11 yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan. Huquq faollari ayblov va dalillar soxtalashtirilganini iddao qiladi», —  deydi telekanal muxbiri.

Qamoqxonadan umumiy tartibdagi koloniyaga o‘tkazilgan Kubatin telefon orqali suhbatda vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarganini bildirgan.

«Hozirgi hukumat tufayli men va boshqa mahkumlarga nisbatan munosabat mutlaqo o‘zgargan. Men islohotlar davom etib, odamlar aybsiz ekanini isbotlashga imkoniyat paydo bo‘lishiga umid qilyapman. Vaziyat 2 yil avvalgiday emas, hozir bizga inson kabi munosabatda bo‘lishyapti», — deydi mahkum Kubatin. 

Step Vayessenning ta'kidlashicha, Al Jazeera muxbirining Toshkentdan turib lavha tayyorlashi ham o‘zgarishlar shamoli esib turganini anglatadi. «Ammo ayrimlarning fikricha, yangi qiyofa va ohang o‘zgargani bilan tizim avvalgidek qolmoqda», – deya qo‘shimcha qilgan u.

Muxbir internetda e'lon qilingan maqolalari uchun Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan qo‘lga olinib, sud zalidan ozod qilingan jurnalist Bobomurod Abdullayev bilan ham suhbatda bo‘lgan.

«Iqtisodiyot va ijtimoiy sohalardagi islohotlar mantiqiy yakuniga yetmay, ularning 10-15 foizi bajarilib, keyin unut bo‘lmoqda. Tizimli o‘zgarish esa yo‘q. Siyosiy islohotlar konstitutsion huquqlarni mustahkamlashga yo‘l ochadi, deb o‘ylagandim, ammo unday bo‘lmadi», — deydi Abdullayev. 

So‘rovnomalar xalq prezident Shavkat Mirziyoyev islohotlarini qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatmoqda. Shunga qaramay, aholi ishsizlik kabi qiyinchiliklardan shikoyat qiladi.

«Islohotlar jarayonidagi ko‘plab muammolarga qaramay, barcha so‘rovnomalar xalq qilinayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlamoqda. Mamlakatda ishbilarmonlik uchun sharoitlar yaxshilanyapti, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar erkinlashyapti, diniy erkinliklar mustahkamlanyapti», — deydi senator Sodiq Safoyev. 

Telekanal muxbiri O‘zbekistonda joriy yil o‘tkazilishi kutilayotgan parlament saylovi hozirgi siyosiy islohotlar uchun test vazifasini o‘tab berishini ta'kidlagan.

«Huquq himoyachilari hukumatni barcha siyosiy mahbuslarni ozodlikka chiqarishga chaqirmoqda. Jumladan, ishi qayta ko‘rib chiqilayotgan Andrey Kubatin ham tez orada ozodlikka chiqishiga umid qilyapti», – deya xulosa qilgan Al Jazeera muxbiri Step Vayessen.

Ko‘proq yangiliklar: