O‘zbekiston oldida turgan 5 ta asosiy xavf-xatar. Ularni qanday yengish mumkin?
Jahon iqtisodiy forumi ekspertlari O‘zbekistonning rivojlanishiga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan asosiy tahdidlar sifatida suv va energiya resurslari taqchilligi, havo, suv hamda tuproqning ifloslanishi, davlat qarzining o‘sishi, shuningdek, ishchi kuchi va mutaxassislarning yetishmasligini qayd etdi. “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari yuqoridagi muammolarni yumshatish uchun yechimlar taklif qilishdi.

Foto: Kun.uz/Muhammadjon G‘aniyev
Jahon iqtisodiy forumi ekspertlarining fikricha, qisqa muddatli istiqbolda O‘zbekiston quyidagi beshta asosiy xavf-xatarga duch kelishi mumkin:
1. Suv yetishmasligi;
2. Energiya ta’minoti taqchilligi;
3. Ifloslanish (havo, suv, tuproq);
4. Davlat qarzi;
5. Ishchi kuchi va mutaxassislarning yetishmasligi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari yuqorida keltirilgan har bir xavfni tahlil qildi.
Suv va energiya resurslari taqchilligi (1-2-xavf). O‘zbekiston quruq iqlimga ega mamlakat bo‘lib, suv resurslari yetishmovchiligiga duch kelmoqda. Bu nafaqat tabiiy sharoitlar bilan, balki qishloq xo‘jaligida suvdan samarasiz foydalanish bilan ham bog‘liq, chunki qishloq xo‘jaligi mamlakatdagi suv resurslarining taxminan 90 foizini iste’mol qiladi. Masalan, 1 gektar paxta maydonini sug‘orish uchun yiliga 10-11 ming kub metr suv kerak bo‘lsa, iqlimi va tuprog‘i o‘xshash mamlakatlarda 2-3 barobar kam suv talab qilinadi. Shuningdek, mamlakat irrigatsiya infratuzilmasi eskirgani sababli suvning 36 foizi yo‘qotiladi. Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishi muammoni yanada kuchaytirishi mumkin: ekspertlarning taxminlariga ko‘ra, 2030 yilga borib mintaqaning suv ta’minoti 20-25 foizga qisqarishi mumkin.
Bundan tashqari, aholi va sanoatning o‘sishi energetika tizimiga yuklamani oshiradi, bu esa elektr energiyasi tanqisligiga olib keladi. 2023 yilda elektr energiyasi taqchilligi 5 foizni tashkil etib, bu bir qator hududlarda vaqti-vaqti bilan uzilishlarga sabab bo‘lgan.
Havo, suv va tuproqning ifloslanishi (3-xavf). Jahon iqtisodiy forumi tadqiqotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning yirik shaharlarida havoning ifloslanishi, tuproq degradatsiyasi va suv resurslarining ifloslanishi kabi jiddiy ekologik muammolarga duch kelmoqda. Bu sanoatning rivojlanishi, eskirgan texnologiyalardan foydalanish va ekologik standartlarga rioya qilinmasligi bilan bog‘liq.
Ushbu xulosalar IQAir portali ma’lumotlari bilan ham tasdiqlanadi, unga ko‘ra Toshkentda PM2,5 konsentratsiyasi JSST tavsiya etgan me’yordan 13,4 baravar yuqori. PM2,5 havo ifloslanishining asosiy manbalari bu isitish sektori (28 foiz), transport (16 foiz) va sanoat (13 foiz) hisoblanadi. Shuni ta’kidlash kerakki, bu holat aholi salomatligiga ham, iqtisodiy xarajatlarning oshishiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Jahon banki ekspertlari fikriga ko‘ra, O‘zbekistonda 2030 yilga borib, 8 mlnga yaqin aholi ekologik muammolardan aziyat chekishi va xavf yuqori bo‘lgan hududlarda yashashi mumkin. Agar uzoq muddatda hech qanday chora ko‘rilmasa, mamlakat yalpi ichki mahsulot (YaIM) o‘sishining 10 birligini yo‘qotishi mumkin.
Davlat qarzi (4-xavf). O‘zbekistonda davlat qarzining o‘sishi Jahon iqtisodiy forumi ekspertlarida xavotir uyg‘otmoqda. Garchi mamlakat infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun qarzlarni faol jalb qilayotgan bo‘lsa ham, bu global iqtisodiy beqarorlik sharoitida qarz yuki oshishini keltirib chiqarishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvar holatiga davlat qarzi 34,9 mlrd dollarni yoki YaIMning 34,4 foizini tashkil etdi, bu esa Xalqaro valuta jamg‘armasi tomonidan o‘rta daromadli mamlakatlar uchun belgilangan 55 foizlik chegaraviy qiymatga yaqin. Shu bilan birga, Jahon iqtisodiy forumi ekspertlari fikriga ko‘ra, qarzning asosiy qismi tashqi qarzlarga to‘g‘ri kelishi, mamlakatni xalqaro bozorlarda valuta kurslarining va foiz stavkalarining o‘zgarishi oldida zaiflashtiradi.
Ishchi kuchi va yuqori malakali mutaxassislarning yetishmasligi (5-xavf). Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda yoshlar o‘rtasida ishsizlik darajasi 13,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston IT, muhandislik va yashil energetika kabi yuqori texnologiyali sohalarda malakali kadrlar tanqisligiga duch kelmoqda. Bu ta’lim tizimining mehnat bozori talablariga mos kelmasligi bilan izohlanadi: ya’ni o‘quv dasturlari ish beruvchilarning ehtiyojlariga yo‘naltirilmagan.
Sobiq kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining so‘zlariga ko‘ra, 2024 yilda OTMni tamomlagan yosh mutaxassislarning 59 foizi (yoki 126 ming nafari) o‘z mutaxassisligi bo‘yicha xaligacha ishga joylasha olmagan. Bunga sabab Jahon bankining “O‘zbekistonda yoshlarni ish bilan ta’minlash” hisobotida ta’kidlanganidek, ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlarning 69 foizi tajriba va zarur ko‘nikmalarga ega emas.
Ko‘rsatilgan muammolarni hal qilish uchun kompleks yondashuv, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va muvaffaqiyatli xorijiy tajribalaridan foydalanish zarur, xususan:
Suv va energiya resurslari taqchilligi muammosining yechimi
Jahon iqtisodiy forumi ekspertlari fikriga ko‘ra, suv inqirozi va elektr energiyasi taqchilligidan chiqish yo‘li "yashil taraqqiyot" hisoblanadi.
"Taraqqiyot strategiyasi" markazi ekspertlari bu borada quyidagi to‘rtta asosiy yo‘nalishda chora-tadbirlarni amalga oshirishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi:
Qishloq xo‘jaligida tomchilab va diskret sug‘orish, oqova suvlardan qayta foydalanish kabi zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish.
Bu borada Isroil tajribasini o‘rganish zarur. Isroil tomchilatib sug‘orish, dengiz suvini chuchuklashtirish va oqova suvlarni qayta ishlashning ilg‘or texnologiyalari tufayli suv tanqisligi muammosini sezilarli darajada yumshata oldi. Natijada Isroilda oqova suvlarning qariyb 90 foizi qayta ishlanadi va qishloq xo‘jaligida foydalaniladi, bu esa o‘rtacha 40 foiz suvni tejash imkonini beradi.
Irrigatsiya infratuzilmasini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish uchun ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanishni qattiq nazoratga olish. Ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanishni ta’minlash uchun shaffoflik va hisobdorlik mexanizmlarini joriy etish zarur.
Muqobil energetikani, shu jumladan, quyosh va shamol elektr stansiyalarini rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish (Xitoy va Germaniya misolida).
Xitoyda "Made in China 2025" rejasi mahalliy quyosh panellari va shamol generatorlarini ishlab chiqarishni rivojlantirishni rag‘batlantiradi. 2023 yilda Xitoyda quyosh energiyasi quvvati 609,49 GVtga, shamol energiyasi esa 441,34 GVtga yetdi. 2023 yilda Xitoyning qayta tiklanuvchi energiya manbalariga investitsiyalari 546 mlrd dollarni tashkil etgan.
Germaniya 2000 yillardan boshlab ko‘mir va atom energiyasidan voz kechishga qaratilgan Energiewende (energetik burilish) siyosatini olib bormoqda. Germaniyaning Energiewende strategiyasi QTeM ishlab chiqarishning sezilarli o‘sishiga olib keldi. 2023 yilda quyosh va shamol elektr stansiyalari Germaniyada ishlab chiqarilgan elektr energiyaning 56 foizini tashkil etdi.
Elektr energiyasini taqsimlashda yo‘qotishlarni sezilarli darajada kamaytirish uchun "aqlli tarmoqlar" (Smart Grid)ni joriy etish.
Aqlli tarmoqlar bu – elektr energiyasini ishlab chiqarish, taqsimlash va iste’mol qilishni optimallashtirish uchun raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va avtomatlashtirishdan foydalanadigan zamonaviy elektr tarmoqlaridir. Ular qayta tiklanadigan energiya manbalarini (quyosh, shamol va boshqalar) birlashtirish, real vaqt rejimida elektr energiyasiga bo‘lgan talabni boshqarish, shuningdek, uzatish va taqsimlashda energiya yo‘qotishlarini kamaytirish imkonini beradi.
Atrof-muhitning ifloslanishiga qarshi kurashish
Shvetsiyaning muvaffaqiyatli tajribasiga asoslanib, O‘zbekistonda ekologiyani ifloslantiruvchi yirik korxonalar uchun SO₂ emissiyasiga soliq joriy etish imkoniyatlarini o‘rganib chiqish.
Shvetsiyada karbonat angidrid emissiyasi uchun "yashil soliq" joriy etilishi korxonalarning ekologik toza texnologiyalarga o‘tishiga turtki bo‘ldi. Buning natijasida Shvetsiya 1990 yilga nisbatan issiqxona gazlari chiqindilarini 27 foizga kamaytirishga erishgan.
Davlat qarzini boshqarish
Davlat qarzining yuqori darajasi YaIMning 70 foizidan oshish xavfiga uchragan Kanada tajribasidan kelib chiqib, samarali budjet choralarini joriy etish, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishni rag‘batlantirish, shuningdek, maqsadsiz xarajatlarni qisqartirish.
Kanada hukumati davlat qarzining yuqori darajasi muammosini hal qilish uchun ortiqcha davlat xarajatlarini kamaytirish va daromadlarni oshirishga qaratilgan keng qamrovli budjet islohotlarini amalga oshirdi. Islohotlarning asosiy elementlaridan biri tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash bo‘lib, bu iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim rol o‘ynagan.
Janubiy Koreya esa fiskal qoidalar tizimini joriy etish natijasida davlat qarzini yalpi ichki mahsulotning qariyb 40 foizi darajasida saqlab qolishga erishgan.
Malakali mutaxassislar yetishmasligi muammosi
Germaniyaning muvaffaqiyatli tajribasidan kelib chiqib "dual ta’lim" dasturini joriy etish.
Germaniyada ushbu dastur doirasida talabalar bir vaqtning o‘zida oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olish bilan birga, OTMlar bilan hamkorlik shartnomalari tuzgan korxonalarda amaliyot o‘taydi, ya’ni talabalar o‘qishning birinchi kunidan boshlab nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtiradi.
Ushbu yondashuv nafaqat nazariy bilimlarni o‘zlashtirishga yordam beradi, balki haqiqiy biznes muhitida muhim amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishga, shuningdek, bakalavr yoki magistr darajasini to‘liq kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish orqali olish imkoniyatini yaratadi.
Yoki Singapurning SkillsFuture tashabbusi xodimlarning malakasini oshirish va mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini yaxshilashga qaratilgan. Bunday yondashuv tufayli Singapurda bitiruvchilarning 70 foizdan ortig‘i o‘qishni tugatgandan so‘ng darhol ishga joylashadi.
Mavzuga oid

15:52 / 21.03.2025
Tramp Mirziyoyevni Navro‘z bayrami bilan tabrikladi

11:34 / 19.03.2025
Olmaotada O‘rol Tansiqboyev asarlarining ko‘rgazmasi ochildi

12:47 / 17.03.2025
O‘zbekiston xalq rassomi O‘rol Tansiqboyevning asarlari Olmaotada namoyish etiladi

18:05 / 06.02.2025