Turkiya mudofaa vazirligi AQShni muloqotga chorladi

Jahon 19:20 / 18.06.2019 8314

Turkiya mudofaa vazirligi mavjud muammolarga yechim topish uchun Vashington bilan muloqotni davom ettirish zarurligini ta'kidladi hamda Pentagon rahbari vazifasini bajaruvchi Patrik Shanaxanning maktubi yuzasidan noroziligini yana bir bor bildirdi.

"Mudofaa vaziri Xulusi Akar amerikalik hamkasbi Patrik Shanaxanga noma yo‘lladi. Nomada yana bir bor Shanaxanning maktubida qo‘llanilgan ittifoqchilik ruhiga mos kelmaydigan uslubga nisbatan norozilik izhor etilgan", - deyiladi bayonotda.

"Biz do‘stlik va o‘zaro hurmat asosida muloqotni davom ettirish muhimligini va muammolarni yechish uchun sa'y-harakatlarni davom ettirish kerakligini ta'kidlaymiz", - deya qayd etiladi mudofaa vazirligi tomonidan.

Avvalroq Turkiya mudofaa vaziri Pentagon rahbari vazifasini bajaruvchi Patrik Shanaxanning maktubi yuzasidan norozilik bildirgandi.

Forein Policy jurnalining yozishicha, Shanaxan Akarga yo‘llagan maktubida 31 iyuldan Florida va Arizonadagi bazalarda o‘qiyotgan 42 nafar uchuvchiga bazaga kirish taqiqlanishini bildirgan. AQSh shuningdek, Turkiyadan keyinroq tashrif buyuradigan 34 nafar uchuvchini qabul qilishdan bosh tortadi. Chunki Vashington "Turkiyaning F-35 dasturida ishtirok etishini to‘xtatish" to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Turkiyalik uchuvchilarning o‘qishlarini to‘xtatish Anqaraning Rossiyadan S-400 zenit raketa majmualarini sotib olishi bilan bog‘liq. AQSh Turkiya S-400 sotib olmasligi uchun harakat qilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: