«Yana o‘sha siyosat davom etmoqda» - Sharof Rashidov tumanida lalmi yerlarda g‘alla ekkan fermerlar nimadan norozi?

Jamiyat 13:10 / 17.06.2019 34509

«Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimi ayrim fermerlar rejadan ortiq bug‘doy bermagani uchun ularning dalalaridagi g‘alla o‘rib olinishini taqiqlab qo‘ydi. Tuman hokimi Zoyir Mirzayev reja bajarilishi uchun shartnomadan tashqari yana 3 sentnerdan bug‘doy topshirishni talab qilyapti. Shartnomaga asosan har gektaridan 5 sentner bug‘doy topshirishimiz kerak, lekin 8 sentner topshirishga majburmiz. Buni topshirmasdan ilojimiz yo‘q. Bizning o‘z haqqimiz bo‘lgan bug‘doyimizni qaqshatib o‘rib ketishadimi? Axir, shartnomadan ortig‘i dehqonniki bo‘lishi kerak emasmi? Bizda ham bola-chaqa bor, umid bilan shu bug‘doydan tegarmikin, deb mo‘ltirab turgan ishchilarimiz bor. Qo‘shimcha majburiyat, muttahamlikdan boshqa narsa emas», deya Kun.uz’ga murojaat yo‘llashgan tumandagi «Ravot» mahalla fuqarolar yig‘inidagi bir guruh fermerlar.

Vaziyatni o‘rganish maqsadida Sharof Rashidov tumanidagi fermerlar bilan uchrashdik.

— «Ravot» — osmonga qaragan yurt, deydi eskilar. Men bejiz bu iborani keltirmadim. Biz lalmi yerlarda mehnat qilamiz. Yigirma yildan beri fermerman, ayni damda 67 gektarli fermer xo‘jaligini o‘g‘lim boshqaradi. Bu yil yog‘ingarchilik yaxshi kelgani tufayli, Xudoga behisob shukr, yaqin besh yilda ololmagan hosilimizni olyapmiz. O‘tgan yili rejani bajara olmaganimizdan yetmagan bug‘doyni bozor narxida sotib olib davlatga topshirganmiz. Yashirishdan nima foyda? Ammo bu yilgi hosilni ko‘rib o‘tgan yilgi qiyinchiliklarimiz esdan chiqdi, deb quvonganimizda, bari bekor ekanligini bildik.

Gap shundaki — joriy yilning 5 iyun kuni tuman hokimi Zoyir Mirzayev «Ravot» MFYda yig‘ilish o‘tkazgan. Shu yig‘ilishda barcha fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirok etishgan. Hokim barcha fermerlarga yig‘ilishda shartnomada belgilangan 5 sentner o‘rniga 8 sentner g‘alla topshirish kerakligini aytibdi. Rozi bo‘lmagan fermerlarning dalasiga kombayn berilmasligiga e'tiroz bildirganlarga «yana 3 sentnerdan bersang, o‘rib beradi, bo‘lmasa yo‘q», debdi.

Shuncha mehnat qilsak, shartnomani bajarsak, o‘zimizning va ishchilarning haqi qolgan bo‘lsa, shuni ham ololmasak, axir bu nima degan gap, hosilni ko‘rib biz fermerlar ham juda xursand bo‘lgan edik. Lekin, do‘ppini sal ertaroq osmonga otibmizmi, deyman. Chunki, avvalgi yillar qanday bo‘lgan bo‘lsa, o‘shanday siyosat davom etyapti. Yana fermerlar ustidan zo‘ravonlik, yana reja bajarilishi uchun fermerlarni qaqshatish... Axir, bu jazirama kunlarda bug‘doyning dalada qolib ketishi, kamida 10 foiz hosilni yo‘qotish, degani. Chunki, bug‘doy qurib-qaqshab ketsa, kombayn o‘rayotganda 10 foiz boshoq sinib yo‘q bo‘ladi», — deydi Davron ota Ahmedov

«Prezidentimiz, xalqni o‘ylab qancha qarorlar chiqaryapti-yu, mahalliy rahbarlar nuqul teskarisini qiladi. Biz don qabul qilish kombinati va hokimlik bilan uch tomonlama shartnomani yil boshida tuzganmiz. Shartnoma tuzildimi, demak, faqat o‘sha shartnomada ko‘rsatilgan tonnani topshirishimiz shart, undan ortgani o‘zimizniki emasmi?

O‘sha kuni yig‘ilishda men tuman hokimiga bunday shartga rozi emasligimni bildirdim. Menga tuman hokimi buzg‘unchilik qilmasdan yig‘ilishni tark etishimni buyurdi. «Menga sening o‘sha beradigan 5 sentnering ham kerak emas», — dedi tuman hokimi. Mening atrofimdagi barcha fermerlarning g‘allasi o‘rildi. Ammo mening dalamga kombayn berishmadi. Eng qizig‘i — shartnoma bo‘yicha 21 tonna bug‘doy topshirishim kerak, hokimlik vakilining qo‘lidagi qog‘ozda esa 48 tonna bug‘doy o‘rilishi yozilgan. Bu qanday adolatsizlik?!!

Sizga yolg‘on — bizga chin, don kombinatlaridan sotib olib kelgan urug‘likni ekib ham baraka topmaysiz, teng yarmi qum va toshdan iborat urug‘likni majburan sotib olib ekib hosil yetishtirish mumkinmi? 2018–2019 yilgi hosil uchun G‘allaorol tuman «Sangzor parrandalari» tovuq fermasi omborxonasidan parrandalar ozuqasi uchun mo‘ljallangan urug‘likni olib kelib ekdik. Bu urug‘likni tozalashga ketgan vaqtimiz haqida gapirib o‘tirmayman. Shu urug‘likdan g‘alla yetishtirdik deb o‘ylaysizmi? Aslo! Agar biz bozordan urug‘lik sotib olib kelib ekmaganimizda shu hosilning o‘ndan birini ham ololmasdik. Men ikki yildan beri fermerlik qilaman, o‘tgan yili qancha sarson bo‘lganimizni shu yerdagi barcha fermerlar tasdiqlab beradi. O‘zingiz bilasiz, lalmi yerlarda bug‘doy yetishtirishning o‘zi bo‘lmaydi. Fermer xo‘jaligidagi ishchilarimizdan qarzimiz bor. Davlatga rejani topshirishimiz kerak, deb reja bajarilmaganda bozor narxida bug‘doy sotib olib topshirganmiz. Chorvasi borlar chorvasini sotishdi, ulovi borlar ulovini. Nega endi peshona terimizni shunday qo‘shqo‘llab topshirishimiz kerak?», — deydi fermer Dilshod Amonliqov.

Fermerlarni qiynayotgan muammolar yuzasidan izoh olish maqsadida Sharof Rashidov tumani hokimiga uchraganimizda, tuman hokimi Zoyir Mirzayev fermerlar vaziyatni bo‘rttirishga urinayotganliklarini aytib o‘tdi.

«5 iyun kuni haqiqatdan ham «Ravot» MFYda yig‘ilish o‘tkazganmiz. Men shuni ta'kidlashim lozimki, siz aytayotgan «Ravot» MFYda reja bo‘yicha 2100 gektar yerga g‘alla ekilishi kerak edi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bugun u yerda 5068 gektar yerga urug‘ qadalgan. Demak, ular ortiqcha yerga g‘alla ekishgan. Lalmi yerlarga bug‘doy ekishning o‘ziga xos qonun-qoidalari bor. Fermer dalaning 50 foiziga bug‘doy ekib yarim dalani dam oldirishi lozim. Ammo sizga murojaat qilgan fermerlar bu qoidaga amal qilmay 100 foiz dalaga bug‘doy ekishgan.

Shuningdek, siz aytayotgan o‘sha fermerlarning birortasi yillar davomida tuman MTP hisob raqamiga pul o‘tkazmagan. Yoqilg‘i haqida aytmay ham qo‘ya qolay. Biz bu haqda yil boshidayoq fermerlar bilan kelishib olganmiz, ularni ogohlantirganman. Bu kabi noqonuniy ishlarni aniqlaganimizda yig‘ilish o‘tkazib, rejadagi 5 sentner o‘rniga 8 sentner berilishi lozimligini aytganmiz.

Ayni paytda har bir kg bug‘doy uchun 1020 so‘mdan pul to‘lanayotgan bo‘lsa. Biz qo‘shimcha bug‘doy topshirgan fermerlarga 1320 so‘mdan to‘lanishini ham aytdik. Davlatga ortiqcha bug‘doy topshirgan fermerlarimiz avtomobil ham olishyapti. Ularga kerakli sharoitlarni yaratyapmiz. Tumanda 40ta kombayn bor. Bu kombaynlar navbati bilan fermerlarning hosilini o‘rmoqda.

Yana bir bor aytaman: hech bir fermerga tazyiq o‘tkazish holatlari bo‘lmagan. Daladagi hosil oxirgi boshog‘igacha o‘rib olinadi, biz yomon taklif qilmadik. «Ravot» MFYda 160ta fermer xo‘jaligi bo‘lsa juda ko‘pchiligining texnikasi yo‘q. Hosildan tushgan pullarni hisob raqamiga o‘tkazib berib, uch fermerni birlashtirib lizing asosida texnika sotib olishlariga imkoniyat yaratib bermoqchimiz. Buni o‘zlari bilan kelishilgan holda qilyapmiz-ku?», — deydi Sharof Rashidov tuman hokimi Zoyir Mirzayev.

«Bir yigit juda kambag‘al ekan. Kambag‘alligidan nolib donishmandning yoniga boribdi. Donishmanddan men qachon boy bo‘laman deb savol so‘rabdi. Shunda donishmand unga o‘n besh yilgacha shunday kambag‘al bo‘lasan, deb javob beribdi. Yigit «o‘n besh yildan so‘ng boyib ketamanmi?» deb so‘raganida, donishmand: «yo‘q, shu qashshoq hayotga ko‘nikib qolasan», deya javob bergan ekan.

Xalq orasida tinglovchini kuldirish uchun aytiladigan latifa zamirida achchiq haqiqat yotibdi. Bugun Jizzax tumandagi «Ravot»da 160ta fermer xo‘jaligi faoliyat yuritadi. Nega har yili hukumat tomonidan dehqon-fermerlarning ishini yengillashtirish uchun turli qaror va farmonlar chiqadi-yu ular qog‘ozlarda bajarilib, amalda bajarilmay qolib ketaveradi. Majbur bo‘ldik, murojaat bilan chiqdik, lekin qolgan fermerlar indamay aytilgan sentnerni topshirishyapti.

To‘g‘ri, biz dalaga 100 foiz g‘alla ekkanmiz. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor. O‘tgan yillarda rejani bajarolmay o‘z yonimizdan xarajat qilib bug‘doy sotib olganmiz. Qarzdorligimiz ko‘p. Sababi shu! Bugun biz haqqimizni talab qilganimiz uchun kimlargadir yomon ko‘rinishimiz aniq. Lekin qachongacha? Fermer haqqini talab qilmasa, hokimlardan qo‘rqsa, ichki ishlar xodimining zug‘umiga uchrasa... qachon uning kosasi oqaradi yoki latifadagi o‘sha yigitga o‘xshab «shu qoidalarga o‘rganib qolishimiz» kerakmi?», — deydi Tursunmurod Sobirov.

Biz bilan suhbatda bo‘lgan 20 nafarga yaqin dehqon fermerlar muammo tinch yo‘l bilan hal bo‘lishiga umid qilishini bildirishdi.

«Bizni tuman hokimi eshitmaydi», deyishdi ular...

Xullas, masala ochiqligicha qolmoqda. Ortiqcha bug‘doy topshirishni istamagan fermerlar g‘allasi hanuz dalada o‘rilmay turibdi. Umid qilamizki, mutasaddilar bu masalaga jiddiy e'tibor qaratadi va fermerlarning muammosi hal etiladi.

Gulchehra ShARIPOVA,

Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: