TIV O‘zbekiston fuqarolariga Hindistonning Bixar shtatiga bormaslikni tavsiya qilmoqda

Jamiyat 14:26 / 17.06.2019 32256

Tashqi ishlar vazirligi Hindistondagi O‘zbekiston fuqarolariga imkon qadar Bixar shtatiga tashrif buyurmaslik va ehtiyot choralarini ko‘rishni tavsiya etdi. O‘zbekistonning Dehli shahridagi elchixonasi ma'lumotlariga ko‘ra, Bixar shtati aholisi zich joylashgan hududlarida o‘tkir ensefalit sindromi tarqalmoqda. 

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni 80 kishidan ortiq bo‘lib, asosan bolalardan iborat. Mahalliy hokimiyat organlari kasallik tarqalishini bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rmoqda. 

Konsullik-huquqiy departamenti Hindistondagi O‘zbekiston fuqarolari zarur holatlarda mamlakatimizning Dehli shahridagi elchixonasiga murojaat qilishlari mumkinligi eslatadi: (9111) 24670774, 24670775, 24105640.

Times of India gazetasining yozishicha, o‘tkir ensefalit sindromi tarqalishiga yuqori harorat va namlik sabab bo‘lgan.

Okrug hukumatining xabariga ko‘ra, yana 108 nafar bola mahalliy kasalxonalarda davolanmoqda.

Bixarda keyingi bir necha hafta davomida mavsum uchun noodatiy jazirama saqlanib turibdi – simob ustunlari kun davomida 40 darajadan pastga tushmayapti. Nyu-Dehlida esa 10 iyun kuni harorat 50 darajaga yetdi, bu mamlakat poytaxti tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Ko‘proq yangiliklar: