Qo‘l-oyoqlar nega shishadi?

Light 11:10 / 17.06.2019 67739

Shish foydali bo‘lishi mumkin. Lekin aksariyat holatlarda u salomatligimizda qandaydir noodatiylik yuz berayotganidan dalolat beradi. Bu «noodatiylik» ilk payqalgandagi «qo‘rqinchli joyi yo‘q» holatidan tez rivojlanuvchi biror kasallikkacha o‘zgarish manzarasini hosil qilishi mumkin. Shu sababli shishlarni nazoratsiz qoldirmang.

Qaysi holatlarda tibbiy yordamga zarurat bor?

Quyidagi alomatlar kuzatilganda, zudlik bilan tez tibbiy yordam chaqirish kerak:

  • shish birdaniga paydo bo‘lsa va hajmi tez fursatda kattalashsa;
  • shish qayerda joylashishidan qat'i nazar, nafas qisishi va ko‘krak qafasida og‘riq kuzatilsa;
  • shish paydo bo‘lishi bilan bir vaqtda bezovtalik, qattiq bosh aylanishi va kuchli bosh og‘rig‘i yuzaga kelsa;
  • faqat bir oyog‘ingiz shishsa.

Tez yordam zarurat emas, biroq iloji boricha shifokor qabuliga shoshilgan ma'qul:

  • shish (har qaysi tana qismida) vaqt o‘tishi bilan qaytib ketmasa;
  • yurak, jigar yoki buyragingiz xasta bo‘lsa;
  • shishgan et qizarsa va qo‘l tekkizganda issiq tuyilsa;
  • shish isitmalash va qaltirash alomatlari bilan kelsa;
  • homiladorlikda.

Shish nima o‘zi?

Shishlar tana to‘qimalarida suv yig‘ilganda yuzaga keladi. Oyoq shishlari eng ko‘p uchraydi — to‘piq suyagi va oyoq yuzasida suyuqlik to‘planishi. Tananing boshqa qismlarida, qo‘llarda, qorin va yuz shishlari ham tez-tez kuzatiladi.

Ortiqcha suv qon tomirlaridan paydo bo‘ladi: axir u qon plazmasining asosi-ku.

Qon organizmning u yoki bu qismida harakatsiz turib qolsa, namlik qon tomirlari devorlari orqali hujayralar orasidagi bo‘shliqqa sizib chiqa boshlaydi. Yana boshqa holatlar ham mavjud: qon tomiri devori biror ma'lum sabab natijasida namlikni o‘tkazuvchan bo‘lib qolishi yoki to‘qimalarda ortiqcha suyuqlikni o‘zida saqlovchi moddalar uchraydi. Sizda aynan qaysiligi shishning kelib chiqish sababiga bog‘liq.

Shishning sababi nima?

Quyida nisbatan keng tarqalgan sabablar keltiriladi:
1. Jarohat yoki kuyish asorati
Chuqur tirnalish, ari chaqishi, to‘piq chiqishi, kuyish — terining ichki qatlamiga bevosita teguvchi jarohatlarning har qanday ko‘rinishi organizm uchun xavfli hisoblanadi. Ulardagi ta'sirchanlik sababli shishlar paydo bo‘ladi. Zarar ko‘rgan joydagi qon tomirlarida qancha ko‘p suyuqlik bo‘lsa, ehtimoliy infeksiyalar bilan kurashuvchi oq qon tanachalari ham shuncha miqdorda mavjud bo‘ladi.

2. Siz haddan tashqari ko‘p yoki oz suyuqlik ichasiz
Birinchi holatda buyrak organizmdagi barcha ortiqcha suyuqlikni chiqarib yuborishga ulgurmaydi. Qon plazmasida ko‘p suv yig‘iladi, u qon tomirlari devorlari orqali sizib chiqadi.

Tananing suyuqlikka bo‘lgan ehtiyoji qondirilmaganda esa, organizm mavjud suvni to‘qimalar orasiga zaxira sifatida yig‘a boshlaydi. Shuning uchun ham shishlar issiq kunlarda tez-tez uchrab turadi. Ular siz suvsab borayotganingizning belgisidir.

Shuningdek, ko‘p miqdorda alkogol qabul qilish ham suyuqlikka bo‘lgan talabni orttiradi va tongda «shishlar» paydo bo‘ladi.

3. Tuzlangan mahsulotlarni ko‘p iste'mol qilasiz
Odatda hujayralar orasida yig‘ilgan suvlar qon tizimiga qaytishi kuzatiladi. Biroq tuz suv to‘qimlarda ushlanib qolishiga sababchi bo‘ladi. Har qanday turdagi tuzlangan baliq yoki bodring oqibatida aksariyat holatlarda shish yig‘iladi.

Shuningdek, kosmetika maqsadlarida qo‘llaniluvchi gialuron kislotasi ham suv yig‘uvchi xususiyatga ega. Ortiqcha miqdori yosh yuzni shishganiga almashtirib qo‘yadi.

4. Diyetangizda oqsil ko‘p miqdorda cheklangan
Organizmga protein yetishmovchiligi natijasida uning to‘qimalari, xususan qon tomirlari devorlari ham o‘z elastiklik xususiyatini yo‘qotadi va hujayralar orasida namlik yig‘ilishiga sabab bo‘ladi. Shunday qilib, kun bo‘yi faqat sabzavot yoki meva tanovuliga asoslangan yozgi diyetalar ham shish xavfini oshiradi.

5. Bir holatda uzoq to‘xtalib qolasiz
Qon yetkazib berishdagi to‘xtalishlar va shish paydo bo‘lishining bir-biriga bog‘liqligi haqida yuqorida to‘xtalib o‘tdik. Shishning bu turi juda uzoq vaqt tik turishda va qo‘lni noqulay holatda qimirlatmasdan tutish oqibatida yuzaga keladi.

6. Ayollardagi o‘zgarishlar sabab
Nozik jins vakillaridagi gormonal o‘zgarishlar ham to‘qimalarda suyuqlik yig‘ilishi va tutilishiga sabab bo‘ladi.

7. Homiladorlikda
Buning sababi yuqoridagiga o‘xshash, gormonlar o‘zgarishi. 

8. Ba'zi dori vositalarni muntazam qabul qilish:

  • keng tarqalgan og‘riq qoldiruvchilar — masalan, tarkibiga ibuprofen yoki naproksen qo‘shilgan bo‘lsa;
  • yuqori qon bosimiga qarshi dorilar;
  • diabetga chalingan uchun ishlab chiqarilgan vositalar;
  • steroidlar.

9. Sizda allergiya bor
Organizmda allergen paydo bo‘lishiga javob sifatida uning yaqinidagi to‘qimalarda suv yig‘iladi, tana shu orqali xavfni bartaraf etish yo‘llarini izlaydi.

10. Ichki organlaringiz faoliyatiga daxldor jiddiy kasallikni boshdan kechiryapsiz
Agar shishlar takrorlanuvchi xarakterga ega bo‘lsa ya'ni kundan kunga yangi holatlarda yuzaga kelsa, jiddiy kasallikni taxmin qilishga asos bor. To‘qimalarda ortiqcha namlik yig‘ilishiga majbur qiluvchi kasalliklar ro‘yxatini keltiramiz.

  • Surunkali yurak yetishmovchiligi. Yurak qonni qonni kerakli darajada aylantirolmagani sababli qon to‘planadi, shishadi. Aksariyat hollarda oyoqlar aziyat chekadi, shuningdek yurak yetishmovchiligida qorin sohasi shishlari kuzatilgan.
  • Buyrak xastaliklari. Keraksiz suyuqlikni chiqarib yuborish tizimidagi muammolar sabab ko‘z va oyoqlar shishadi.
  • Gepatit kasalliklari va sirroz. Asosan oyoq va qorin bo‘shlig‘idagi shishlar bilan xarakterlanadi.
  • Surunkali vena yetishmovchiligi. Oyoq venalarining jarohat olishi yoki zaiflashishi oyoqning pastki qismida qon yig‘ilishi va shishga olib keladi. Bu xavfli holat ba'zida tromblar hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Agar bu turdagi tromb uzilib ketishi natijasida qon ketishi kuzatilsa, yurak o‘z faoliyatini to‘xtatishi mumkin. Shu sababli faqat bir oyoqda qattiq shish hosil bo‘lsa, zudlik bilan tez tibbiy yordam chaqirish kerak.
  • Limfostaz. Limfa tugunlaridagi nosozliklar shunday ataladi. Aynan ular to‘qimalardagi ortiqcha namlikdan xalos qilish vazifasini bajaradi. Limfostaz ortiqcha vazndan aziyat chekuvchilar va saratondan davolanayotgan bemorlarda ko‘p kuzatiladi. 

Shishni qanday bartaraf etish mumkin?

Shishdan xalos bo‘lish uning qay yo‘sinda kelib chiqqaniga qarab amalga oshiriladi. Sabab aniq bo‘lsa, masalan sizni ari chaqdi, biror joyingizni tirnab oldingiz yoki kechki ovqat vaqtida ko‘p suyuqlik ichib uxlagansiz va sizda shishlar kuzatilyapti. Bunday holatlarda organizm mutlaqo katta ehtimol bilan nazoratni qo‘lga olishga qodir va xavotirlanishga hojat yo‘q.

Agar oyoqlar, qo‘llar yoki yuz muntazam shish hosil qilayotgan va siz buning kelib chiqish sababini aniq bilmasangiz, terapevt qabulida bo‘lishni kechiktirmang. Shifokor tashxisi sizni kelajakda salomatligingiz va hayotingizga jiddiy xavf soluvchi ehtimoliy kasallikdan xalos etishi mumkin.

Hech qanday noxush kasallik aniqlanmasligi va hayotingizni avvalgi tarzda davom ettirishingiz mumkin. Suv to‘planishini nazorat qilish uchun esa oddiy o‘zgarishlarga qo‘l urish yetarli:

  • Tuz iste'molini kamaytiring;
  • Alkogol mahsulotlarini iste'mol qilmang;
  • Kerakli miqdorda suv iching;
  • Ko‘proq harakatlaning — qon yig‘ilishiga yo‘l qo‘ymang;
  • Shifokor bilan buyrak faoliyatiga ko‘maklashuvchi vositalar borasida maslahatlashing;
  • Tarkibida magniy mavjud mahsulotlardan ko‘proq tanovul qiling. Bu mikroelement suli yormasi, banan, bodom, brokkoli va lavlagi tarkibida ko‘p miqdorda mavjud.
Ko‘proq yangiliklar: