Isroil Jo‘lon tepaliklarida paydo bo‘ladigan aholi punktini Tramp sharafiga atadi 

Jahon 22:49 / 16.06.2019 7238

Isroil hukumati Jo‘lon tepaliklarida AQSh prezidenti Donald Tramp sharafiga aholi punkti quriladigan joyda “Ramat-Tramp” nomli belgining ochilishi ramziy marosimini o‘tkazdi.

Isroilliklar shu tariqa Suriya e'tirozlariga qaramay Jo‘lon tepaliklarining Isroil hududi deb tan olinishi uchun Trampga minnatdorlik izhor etishmoqchi bo‘lishgan.

“Biz aholi punktini bunyod etish va buyuk do‘stimizga minnatdorlik bildirish imkoniyatiga egaligimizdan faxrlanamiz. Biz Jo‘lonni aholi, yahudiylar va yahudiy bo‘lmaganlar, butun Isroil davlati manfaati uchun qurishni va rivojlantirishni davom ettiramiz”, deb aytgan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu.

Marosimga, shuningdek, AQSh elchisi Devid Fridman ham chaqirtirilgan bo‘lib, u Netanyaxuga Trampga ko‘rsatilgan ushbu iltifot uchun minnatdorlik bildirgan. 

Netanyaxu marosimdagi nutqida Jo‘lon tepaliklari abadiy Isroilniki bo‘lib qolishini aytgan va ushbu hududning bosib olinishining AQSh tomonidan tan olinishini “teran qaror” deb atagan.

Fridman esa aholi punktining Trampning sharafiga atalishini yaqinda tug‘ilgan kunini nishonlagan AQSh prezidenti uchun eng yaxshi sovg‘a deb atagan.

Shundan keyin Netanyaxu va Fridman “Ramat-Tramp” (Tramp tepaligi) belgisi ustidan uni berkitib turgan matoni tortib olishgan. Mahalliy OAVning yozishicha, aholi punktining qurilish ishlariga faqatgina bo‘lg‘usi hukumat start berishi mumkin. Ushbu hukumat 17 sentyabrga belgilangan, bir yil ichidagi ikkinchi saylovlar natijalariga ko‘ra shakllantiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: