Ko‘pchilikka ma'lum bo‘lmagan 13 ta fakt: ularni bilish hayotingizni saqlab qolishi mumkin

Light 14:37 / 15.06.2019 19338

Odamlar favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilishganida ko‘plab jarohat yoki hatto o‘limning ham oldini olish mumkin bo‘lardi. Ayrim vaqtlarda oddiy faktni bilish tirik qolish yoki kimningdir hayotini saqlashda yordam  berish ehtimolini oshirishi mumkin. Reddit foydalanuvchilaridan biri ana shunday savol bilan murojaat qilgan: «Ko‘pchilikka ma'lum bo‘lmagan qaysi fakt odamlar hayotini saqlab qolgan bo‘lar edi?» Odamlarning mazkur savolga bergan javoblari ana shu foydali maqola yozilishiga sabab bo‘ldi.

AdMe.ru insonning o‘zini qanday tutishi hayot-mamot masalasi bo‘lishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarga oydinlik kiritdi va ularni yengishda yordam beradigan harakatlar ketma-ketligini taklif etdi.

Foto: AdMe

Tajovuzkor ayiq bilan uchrashuv

Albatta, yovvoyi tabiatda ayiqlar bilan uchrashish xavfini bartaraf etgan ma'qul. Biroq ana shunday holat yuz bergan bo‘lsa, bilingki, ushbu jonivorning kuchsiz jihati – ustalik bilan harakat qila olmaslik. Ayiqlar tez yuguradi va yaxshi emaklaydi. Ular bilan bu borada musobaqalashishning ma'nisi yo‘q. Biroq ular uchun ayrim obekt, masalan, mashina yoki daraxt atrofida chaqqonlik bilan harakatlanish ancha mushkul. Ertami kechmi yirtqich sizni tutib olishga bo‘lgan urinishlarini to‘xtatadi. Chunki ushbu ayyor «ovqat» (siz) kuch sarf etilishiga arzimasligini tushunadi. 

Biroq ayiq agressiyani ko‘rsatguniga qadar vahima qilish yaramaydi. Agar u siz tomonga qarasa – harakatsiz holda turing. U sizning kimligingiz va nima qilmoqchiligingizni tushuna olmasligini anglatadi. Agar siz tomonga shoshilmay kelayotgan bo‘lsa, asta-sekin keting. Ayiqlar odamlarga kamdan-kam hollarda hujum qiladi; agar sizning odam ekaningizni tushunsa, ehtimol chekinishi mumkin.

Uyning ichida sababsiz paydo bo‘lgan baliq yoki peshob hidi

Agar manbani aniqlay olmasangiz, ehtimol bu eriyotgan simlar hidi bo‘lsa kerak. Bunday vaziyat yonish yoki hatto portlashga ham olib kelishi mumkin. Sabab aniqlanguniga qadar elektr manbaini o‘chirish to‘g‘ri qaror bo‘ladi.

Foto: AdMe

Sizni dengizga olib ketuvchi oqim

Kutilmaganda qarama-qarshi oqimga tushib qolganda unga qarshi qirg‘oqqa qarab suzish – befoyda. Kuchingizni bekorga sarflaysiz. Oqimdan chiqib olmaguningizcha, qirg‘oqqa parallel harakat qiling, undan keyin esa quruqlik tomonga qarab suzasiz.

Yurak xurujida aspirin

Bor-yo‘g‘i bitta xapdori o‘zingizni yaxshiroq his qilishda yordam beradi. Jabr ko‘rgan kishi boshining ostiga biror narsa to‘shab, tezda yotishi yoki o‘tirishi, keyin esa dorini qabul qilishi lozim. Tezroq ta'sir qilishi uchun uni yaxshilab chaynash kerak.

Issiq urishini tashxislash

Boshning aylanishi va ko‘ngil aynishi issiq urishining boshqa belgilari orasidagi eng anig‘i hisoblanadi. Biroq ular boshqa sabablar tufayli ham paydo bo‘lishi mumkin. Tekshirib ko‘rish uchun biror shirin narsa, masalan konfet yeb ko‘rish kerak. Agar uning ta'mi yoqimsiz tuyulsa, bu issiq urishini anglatadi. Yurak qon-tomir tizimi faoliyatida buzilishlarga ega kishilar uchun belgilar sababini iloji boricha tezroq aniqlash va o‘z vaqtida malakali yordam olish muhim.

Foto: AdMe

Odamni hushiga keltirish uchun sodda manipulyatsiya

Agar hushini yo‘qotgan odamni tezda hushiga keltirish kerak bo‘lsa, uni chalqanchasiga ehtiyotkorlik bilan yotqizib, tizzalarini ko‘kraklarigacha olib borish kerak. Bu miyaga qon beradi va jabr ko‘rgan inson uyg‘onadi. Biroq undan oldin jabrlanuvchining oyoq va tanasida shikastlanishlar yo‘qligiga ishonch hosil qilish kerak. Aks holda bunday yordam vaziyatni murakkablashtirishi mumkin.

Zaharli ilon chaqqanida yordam ko‘rsatish

Keng tarqalgan fikrlarga qarshi ravishda zaharni so‘rib tashlab, muzdek narsa bosish, jgut, kompress bog‘lash va yarani kuydirish mumkin emas. Jabrlanuvchi bilan mutaxassislar shug‘ullanguniga qadar u ko‘p suv ichishi va antigistamin (allergiyaga qarshi) preparat qabul qilishi lozim. Ilon chaqqan joyga tegmaslik kerak, aks holda zahar tana bo‘ylab tezroq tarqaladi.

Cho‘kkan odam reanimatsiyasidan keyin

Agar suv yutgan odam reanimatsiya qilingan bo‘lsa, bu uning hayotiga endi hech narsa xavf solmasligini anglatmaydi. Tezda kasalxonaga borish kerak – aks holda, agar o‘pkada suv qolgan bo‘lsa, bir necha sutka davomida o‘lishi mumkin.

Foto: AdMe

Avariya holatida mashina oynasini qanday sindirish mumkin?

Mashinadan eshik orqali emas, faqat oynadan chiqish mumkin bo‘lgan vaziyatga tushib qolganingizda, yodda tutish kerakki, oynani markaziga emas, chetlariga urganda sindirish osonroq. Aytgancha, boshqo‘ygichni o‘rindiqdan ajrata olsangiz, u mazkur vazifani osonlik bilan uddalaydi. Turli avtomobillarda boshqo‘ygichlar turlicha mahkamlanadi – buni oldindan bilish kerak.

Suv butilkasi tufayli paydo bo‘lgan yong‘in

G‘alati eshitiladi, biroq quyosh nurlari unga to‘g‘ridan to‘g‘ri tushganida bu haqiqatan ham yong‘inga sabab bo‘lishi mumkin. Gap shundaki, butilka linza vazifasini bajaradi va quyoshdan kelayotgan issiqlikni muayyan nuqtaga jamlaydi. Bunday idishlarni oynadan uzoqda saqlagan va mashinada qoldirmagan ma'qul.

Yoningizda doimo antigistamin preparatlarni olib yurish kerak

Ilgari duch kelmagan narsaga allergiya paydo bo‘lish holati yuzaga kelishi mumkin. Hatto shu darajada kuchliki, tegishli yordamsiz halok bo‘lish ehtimol mavjud. Odamlar yangi taomlar tatib ko‘radigan, o‘simliklarning yangi turlari va boshqalarga duch keladigan sayohatlarda bu ayniqsa dolzarb.

Foto: AdMe

Plyajdagi suv odatiy chegaradan ancha uzoqda

Okean qirg‘og‘ining o‘ta sayozlanishi – yaqinlashib kelayotgan sunami belgisi. Tabiiy ofat yuz berishi mumkin bo‘lgan hududda ana shu vaziyatga duch kelganingizda, atrofdagi barchani ogohlantirib, tezda qochish kerak.

2004 yilda Hind okeanidagi sunami arafasida afsuski, bunga hech kim e'tibor bermagan. Qirg‘oqning deyarli barcha qismida odamlar chig‘anoq, baliq terish uchun qirg‘oqqa chiqishgan. Bu holat ayniqsa bolalarni juda qiziqtirgan. Biroq ikkita plyajda bu faktni bilgan ikki nafar odam bor edi: 10 yoshli qizaloq Tilli Smit va biologiya o‘qituvchisi Jon Chroston. O‘sha kuni ular juda ko‘pchilikning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lishdi.

«Uch» qoidasi

Og‘ir vaziyatga tushib qolganda o‘rtacha statistik odamning tirik qolish qobiliyati bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarni yodda tutish zarur:

3 daqiqa havosiz,

3 soat favqulodda haroratda,

3 kun suvsiz,

3 hafta ovqatsiz.

Ustuvorliklar to‘g‘ri belgilanmasa, tirik qolish imkoniyati ancha kamayadi.

Ana shunday vaziyatlarga duch kelish holatlari sizda ham uchraganmi? Vaziyatga to‘g‘ri munosabat bildirishga muvaffaq bo‘lganmisiz? Izohlarda o‘z fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Ko‘proq yangiliklar: