Yaqin qarindoshlar mashinani ishonchnomasiz ham boshqarishi mumkinligi haqidagi xabarlar rad etildi

O‘zbekiston 09:10 / 13.06.2019 56409

«Mening fikrim» avtotransport vositasidan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma bekor qilingani haqidagi xabarlarga aniqlik kiritdi. Yakuniy qarorga hali kelinmagan.

«Mening fikrim» portali ayrim saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda avtotransport vositasidan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma olish tizimining  bekor qilingani haqida tarqatilayotgan ma'lumotlarning asossizligi haqida ma'lum qildi.

Xabarda aytilishicha, avtotransport vositasidan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma olish tizimi hozir ham amalda bo‘lib turibdi va bekor qilinmagan.

«Mening fikrim» veb-portalida «Avtotransport vositasidan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma olish tizimini bekor qilish to‘g‘risida»gi № 1620-s-p/18-sonli elektron jamoaviy murojaat 2019 yil 2 yanvar kuni yetarli ovoz to‘pladi.

Murojaat Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan tegishli tartibda ko‘rib chiqildi va «Mening fikrim» veb-portali orqali «Avtotransport vositasidan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma olish tizimini bekor qilish haqida»gi elektron jamoaviy murojaatni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.

Mazkur qaror  avtotransport vositasidan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma olish tartibini bekor qilish masalasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturining 48-bandi ijrosi doirasida ko‘rib chiqishni nazarda tutadi.

Hozirda ushbu qaror ayrim saytlar (repost.uz va boshqalar) va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifa-kanallar (Kanallarning dodasi, Uzbekvideo, Exo Uzbekistana va boshqalar) tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinib, avtotransport vositasidan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma olish tizimi bekor qilinganligi haqida asossiz axborot tarqatilmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, hozirda avtotransport vositasidan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma olish tizimi amalda ekanligi va bekor qilinmaganligini ma'lum qilamiz, deyiladi Qonunchilik muammolari institutining telegramdagi kanalida joylashtirilgan xabarda.

2018 yilning 22 oktyabrida «Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portalida avtotransport vositasidan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma olish tizimini bekor qilish taklif etilgandi.

«Mashinasi bor odamlar yaxshi biladi. Bizda shunday tartib belgilanganki, oila a'zolari, yaqin qarindoshlar bir-birining mashinasidan maxsus ishonchnomasiz foydalana olmaydi. Soddaroq aytsak, bitta uyda, hovlida yashasak ham men otamning, otam mening nomimga rasmiylashtirilgan avtotransportdan foydalanishi uchun ancha vaqt va pul sarflab ishonchnoma olishimiz shart. Aka-ukalar, opa-singillar bilan ham xuddi shunday ahvol. Bu ham oilaviy budjetga zarar, ham hujjat tayyorlash uchun ko‘p vaqt sarflaysiz. Begona odamlarga ishonchnoma berishni tushunish mumkindir, lekin ota-ona bolasi, aka-uka, opa-singil bir-biriga ishonchnoma berishi, ochig‘ini aytsak qadriyatlarimizga ham, mentalitetimizga ham to‘g‘ri kelmaydi», — deyilgan edi murojaat matnida.

Qayd etilishicha, bunga qadar ishonchnomasiz mashina boshqarish eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida jarima to‘lashga sabab bo‘lardi, ishonchnomani rasmiylashtirishga 670 ming so‘m boj to‘lanardi.

2019 yilning 12 iyunida O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi O‘zbekistonda avtotransport vositasidan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma olish tizimi bekor qilish to‘g‘risida qaror imzolagani haqida xabar tarqaldi.

Ushbu taklif «Mening fikrim» portalida 14 000dan ortiq ovoz to‘plagani qayd etilgandi.

Huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev telegramdagi kanalida bu xabar yuzasidan izoh bergan.

«Xulosa shuki, tag‘in ishonchnoma kerak emas ekan, bekor bo‘libdi degan noto‘g‘ri xayol bilan jarima to‘lab yurmang.

Unaqada tarqalgan qaror nimani anglatadi?

Avvalo qaror sanasiga qarasangiz, u 1 mart kunda imzolanganini ko‘rish mumkin. Kimdir eski narsani topib olib, tarqatsa, ishonib ketaverish kerak emas.

Shuningdek, faqat kanallar yozgan izohni emas, qarorning o‘zini o‘qib ko‘rgan odam ishonchnoma bekor bo‘lmaganini, gap shunchaki loyiha haqida ketayotganini bemalol tushinib olishi mumkin», deydi u.

Ko‘proq yangiliklar: