O‘zbekistonda qachon valuta ayirboshlash shoxobchalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi?

Iqtisodiyot 20:20 / 12.06.2019 13898

Bugun, 12 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki mutasaddilari ishtirokida jurnalistlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri nega O‘zbekiston banklari naqd valuta sotib olishni yo‘lga qo‘yib, valuta sotuvini yo‘lga qo‘ymagani haqida so‘radi.

«Bizda xorijiy valuta olish imkoni yo‘lga qo‘yilgan – bankka bormay turib ham pulingizni konvertatsiya qilish, xorijiy valutani kartangizga tushirib olishingiz va keyin bemalol naqdini bankomatlardan yechib olishingiz mumkin. Alohida kartalardan foydalangan holda xorijga chiqib, kartangizda so‘mda bo‘lgan pulni xorijiy valutada yechib olish ham bemalol.

To‘g‘ri, hozir valutani naqd ko‘rinishda olishning imkoni yo‘q. Ammo fikrimizcha bu jiddiy muammo emas. Sababi mijozlar tomonidan 90-100 million AQSh dollari bankomatlardan yechib olinyapti. Shoxobchalarga kelsak, ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan birga xavfsizligini, mavjud qonunlarga muvofiq ishlashini ta'minlash lozim. Vaqtlar kelib bunday faoliyat ham yo‘lga qo‘yiladi, lekin aniq muddati noma'lum», degan Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov qachon O‘zbekistonda ham ayirboshlash shoxobchalari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi haqidagi savolga javoban.

Ko‘proq yangiliklar: