Pop tumanida «Namangan agro logistic» markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Iqtisodiyot 15:00 / 11.06.2019 13106

Bugungi kun talabi deganda nimani tushunish mumkin? Har bir sohada bu iborani turlicha talqin etsa bo‘ladi. 

Mamlakatimizda turli jabhalar, ayniqsa, agrar sohada yangicha ish yuritishni rivojlantirishga bo‘lgan aniq va samarali harakatlar kuzatilmoqda. Kundan-kun jadallashib borayotgan bozor konyukturasi nafaqat ichki bozorni, balki yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksport salohiyatini oshirishni talab qilayotir.

Namangan viloyati azaldan sarxil mevalari bilan mashhur. Viloyatda yetishtirilgan bog‘dorchilik mahsulotlariga chet ellarda ham talab juda katta. 

Pop tumanida zamonaviy uslubda mevani saqlash, saralash, quritish, muzlatish, qadoqlash va mahsulotni chet elga eksport qilishga mo‘ljallangan «Namangan agro logistic» markazi ish boshladi. 8 iyun kuni mazkur markazning taqdimot va ochilish marosimi tantanalari bo‘lib o‘tdi.

Mazkur kompleksni Pop tumanida barpo etilishi bejiz emas. Popga qo‘shni bo‘lgan Chust, Buvayda tumanlarida 10 ming gektardan ziyod bog‘lar mavjud.

2018 yili Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi davomida Pop tumanidagi «Namangan agro logistic» qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash hamda issiqxona tashkil etish loyihalari taqdimoti ham o‘tkazilib, prezidentimiz mazkur loyihani qo‘llab-quvvatlagan edi. Prezidentimizning e'tiborlari bilan tashabbuskorlar tomonidan taqdim etilgan logistika markaziga 10 gektar yer maydoni ajratilib, 70,8 mlrd. (shundan, tashabbuskor “Pop-impeks» MChJ o‘z mablag‘lari hisobidan 17,6 mlrd. so‘m, hamda “Asakabank” krediti hisobidan 53,2 mlrd.)so‘m sarflandi.

Ayni paytda «Namangan agro logistic»da 3 200 tonna meva va sabzavotlarni saqlash uchun gaz tizimida boshqariladigan muzlatkich kompleksi (ombor) hamda Italiyaning YuNITeK firmasining soatiga 6 tonna olma, shaftoli, o‘rik, soatiga 2 tonna gilos mevalarini saralash hamda qadoqlash texnologik liniyalari, zamonaviy 10 tonna meva konsentrati ishlab chiqarish komplekti o‘rnatildi. 4 gektar joyda malinazor tashkil etilib, bu yil meva hosili olina boshlandi. 

Markazda 250 nafar mahalliy aholi vakillari ish bilan ta'minlanadi.  

«Namangan agro logistic»ning tantanali ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi mutasaddilari, hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

“Namangan viloyatida yetishtiriladigan meva mahsulotlariga xorij davlatlarida talab yildan yilga o‘sib bormoqda. Pop tumanida tashkil etilgan logistik markazda soatiga 6 tonna olma, shaftoli, o‘rik va soatiga 2 tonna gilos mahsulotlarini saralash hamda qadoqlash imkoniyatlari mavjud.

 “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi tomonidan mazkur korxonaga dastgohlarni standart asosida o‘rnatish, ishlatishda texnik reglamentlarga rioya qilish bo‘yicha amaliy va nazariy ishlar olib borildi. Shuningdek, korxona tomonidan qayta ishlanadigan, qadoqlangan mahsulotlarning ichki va tashqi bozorlarida o‘z o‘rnini egallash uchun amaliy yordam ko‘rsatib kelinmoqda”, deydi "O‘zbekoziqovqatxolding" XK rais o‘rinbosari Azmiddin Qambarov.           

KUN.UZ muxbiri: Elmurod Ermatov

Ko‘proq yangiliklar: