«Real»ning eng yaxshi transferi. Azar Ronalduni unuttira oladimi?

Sport 18:34 / 08.06.2019 17744

«Real» nihoyat uzoq kutilgan transferni e'lon qildi - klub yangi davrga Eden Azar bilan birga kiradi. Belgiyalik futbolchining rasmiy taqdimoti 13 iyun kuni «Santyago Bernabeu»da bo‘lib o‘tishi belgilangan. Bu madridliklarning Rodrigo, Militao va Yovichdan keyingi to‘rtinchi transferi. Bu xaridlar Florentino Peresga jami 255 million yevroga tushdi. Yozgi transferlar arafasida Madrid klubi bu yilgi transferlar uchun jami 600 million yevro ajratgani ma'lum qilingandi.

Madrid orzusi
Aytish mumkinki, yozgi transferlarning eng asosiy xaridlaridan biri amalga oshib bo‘ldi. Albatta, hech kim bir necha oyga safdan chiqqan va YeChL startidagi o‘yinlardan diskvalifikatsiya qilingan Neymarni sotib olishni istamasa kerak. Bunday fantastik ssenariy bo‘lmasligi 99 foizga aniq, bu yozda esa klubini o‘zgartirishni rejalashtirgan futbolchilar orasida Eden Azardan zo‘rrog‘i yo‘q.

U «Chelsi» uchun borini berdi va va'da berganidek mavsum oxirigacha chin dildan o‘ynab, muxlislar bilan Yevropa Ligasining ikki karra g‘olibi sifatida xayrlashdi. Ko‘klar undan bundan ortig‘ini talab qila olmasdi ham. Ikki transfer oynasi uchun taqiq, Maurisio Sarri iste'fosi ehtimoli va klub xo‘jayini Roman Abramovichning Angliyadagi muammolari londonliklar klubi kelajagini mavhum qilib qo‘ygan.

Belgiyalik yulduz esa hademay 30 yoshga chiqadi. 28 yoshli futbolchi ayni kuchga to‘lgan vaqtida va unda Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lish yoki Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi gegemoniyasiga chek qo‘yib, «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritish uchun u qadar ko‘p vaqt qolmadi. Garchi Azarning o‘zi shaxsiy sovrinlarga falsafiy nuqtai nazardan qarasada. «Eng yaxshi futbolchi bo‘lishni istayman, ammo e'tirof etilmasligim mumkin. Futboldan zavq olishni istayman. O‘xshasa eng yaxshi futbolchi bo‘laman. Agar o‘xshamasa, hechqisi yo‘q. Shunchaki o‘ynashni istayman», degandi u.

Raul, Ronaldu, Azar
Azar bir necha yildan buyon «Real»ga o‘tishni orzu qilib kelardi. Shu bilan birgalikda, zamonamizning eng yorqin futbolchilaridan birini tarkibga qo‘shib olish ham «Qirollik klubi» va uning prezidenti Florentino Peresning orzusi edi. Madrid klubi bosh murabbiyi Zinedin Zidan Azarning bolalikdagi kumiri bo‘lgan, murabbiy ham futbolchi haqida hamisha iliq fikrlar bildirgan. U 2010 yildayoq, Azar hali «Lill»daligidayoq uni hech ikkilanmay transfer qilishga tayyor bo‘lishi haqida gapirgan.

Uning Azar transferidagi roli katta, u bir necha marta futbolchi bilan shaxsan transfer xususida gaplashgan. Bu tarixdan xabardor bo‘lmaganlar ham buni transfer qiymati orqali tushunib olishlari mumkin - Britaniya nashrlari ma'lumotiga ko‘ra bonuslar bilan qo‘shib hisoblaganda bu transfer madridliklar klubi uchun rekord qiymatda bo‘ldi - 130 million funt. «Real» oxirgi marta 5 yil muqaddam bunday miqyosdagi transferni amalga oshirgan, o‘shanda «Monako»dan 80 million yevroga Xames Rodriges olib kelingandi. Hozircha Azarning Madrid klubidagi maoshi miqdori ma'lum emas, ammo uning shartnomasi 5 yil muddatga tuziladi.

Shuningdek, Azarning yangi raqamiga e'tibor qaratish mumkin. «Chelsi»da u «o‘nlik» edi, bu raqam londonliklar klubida eng yaxshilarning eng yaxshisiga berilardi. «Real»da esa Edenning yelkasida «7» raqami bo‘ladi - «Santyago Bernabeu»dagi eng zo‘r raqam. Bu raqamda «Real» afsonasi Raul to‘p surgan. Keyin Krishtianu Ronaldu uni o‘ziniki qilgan. Endi esa «buyuk yetti» chap qanotda, portugaliyalik yulduz o‘ynagan pozitsiyada a'lo darajada harakatlanuvchi Azarga berilmoqda.

Chap qanot hujumidagi tiqilinch
Yangi xarid qilinganlar «Qaymoqranglilar» o‘yinini qanday o‘zgartira olishini muhokama qilishga hali erta. Eden ko‘rsatadigan o‘yin barchaga ma'lum. U ajoyib dribling va yuqori tezlikka ega, uning kutilmagan paslari va qaytarib bo‘lmas zarbalari har qanday raqibni shoshirib qo‘yadi. U asosan chap qanotda yuguradi. Albatta, Azar hujumning istalgan nuqtasida harakatlana oladi, u «o‘nlik» sifatida ham, yoki «yolg‘on to‘qqizlik» sifatida ham o‘ynashi mumkin. Ammo uning ijodkorligini chap qanotda ko‘rishimiz mumkin. Bu qanot unga o‘ng oyog‘ida aylantirib zarba berishga juda qulay. Umuman, u ikki oyog‘ida ham yaxshi zarba beradi.

Ko‘proq yangiliklar: