Inson chin dildan istasa, o‘z oldiga aniq konstruktiv maqsadlarni qo‘ya olsa, ulkan muvaffaqiyatlarga erishishi mumkin. Bu yo‘lda qoqilishlar-u mashaqqatlar bor. Eng muhimi, kelajakka umidni so‘ndirmaslik lozim.
Qashqadaryolik Jamshid Jambulov maqsadi sari og‘ishmay harakat qilayotganlardan biri, ayni paytda u millionlarning orzusi — Harvardda tibbiyot bo‘yicha ilmiy-tadqiqot olib boryapti. Jamshid bunday uzun yo‘lni qanday bosib o‘tdi? Xayolotni reallikka aylantirish mumkinmi? Suhbatdoshimiz o‘z tajribasi, rejalari bilan bo‘lishdi.
«Shifokor bo‘lishni xohlamaganman»
Maktabda o‘qib yurgan paytlarimda ingliz tiliga qiziqishim ko‘proq bo‘lgan. Diplomat bo‘laman, deb niyat qilib yurardim. Otam shifokor bo‘lsa ham bu kasbni egallash istagi bo‘lmagan, chunki kimyo, biologiya men uchun juda qiyin edi, bu darslardan qochib ketardim. Shifokorlarni yoqtirmasdim. Vestminster, Singapur yoki Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetlariga hujjat topshirishni ko‘zlab turgandim. Shuning uchun do‘stlarim bilan birga ingliz tilini astoydil o‘rganishga qattiq bel bog‘ladik. Hamma qatori xorijda ta'lim olishni istardim. Internet-kafelarga borib xalqaro grantlarga hujjat topshirib ko‘rardik.
«Qo‘shaloq bayram va Amerika haqidagi ilk tasavvurlarim»
2008 yilda AQSh elchixonasi tomonidan e'lon qilingan FLEX (Future Leaders Exchange Program) dasturiga hujjat topshirdim. 2 oydan keyin qabul qilinganim to‘g‘risida javob xati oldim. Harakat qilsa bo‘larkan-ku, degandim o‘shanda. Bir haftadan keyin Toshkentga elchixonaga chaqirishdi. Umumiy hisobda 450 nafar o‘quvchidan hujjat qabul qilingan bo‘lsa, atigi 15 nafariga grant ajratish rejalashtirilgandi. U yerda ingliz tilidan imtihon topshirdim. So‘ng uyga qaytdim endi nima bo‘larkin, deb. Shu orada bilimimni oshirish uchun ingliz tilidan repetitorga borib yurdim. 23 aprel kuni tug‘ilgan kunimda kechki payt odatdagidek darsdan chiqib uyga qaytdim. Dadam yugurib kelib meni tabrikladi. Qarindoshlarimiz bilan bayramni nishonladik. Ular dasturda g‘olib bo‘lganimni bilisharkan, lekin meni xabarim yo‘q edi. Yangilikni eshitgach, xursand bo‘ldim, albatta. AQShga 15 kishi bo‘lib jo‘nab ketdik. Dastur bo‘yicha amerikalik mezbon oilalar bilan yashashimiz lozim edi. Hammamizni turli shtatlardagi oilalarga yuborishdi. Bizga biriktirilgan oila bilan yashadik, Amerika an'analari, madaniyati bilan yaqindan tanishdik. Men Shimoliy Karolinadagi mezbon oila bilan bir yil yashadim. O‘sha yerdagi maktabda o‘qidim. Bilimlarimni oshirdim. O‘zim uchun yangi dunyoni kashf qildim. O‘qishdan tashqari ko‘ngilli bo‘lib jamoat ishlarida qatnashdim. Kambag‘allarga ovqat, kiyim-kechak tarqatish, atrof-muhit tozaligiga ko‘maklashish kabi ishlarni bajarganmiz. Undan tashqari, O‘zbekiston haqida taqdimot tayyorlab berganmiz. Ularning hammasi qo‘shilib hisoblangan va oxirida faol qatnashganlarga AQSh prezidenti Barak Obama mukofoti berildi. Bir kuni maktabdan kelsam katta xat yotibdi. Qo‘rqdim qonun-qoidani buzdimmikan, deb. Keyin konvertni ochsam, Barak Obamadan xat va medal turibdi.
«Hayotimda tub burilish yasagan voqea»
O‘zbekistonga qaytib kelgach, Qarshidagi Beshkent kasb-hunar kollejida tahsil oldim. Shu bilan bir qatorda, o‘qishga kirishga tayyorgarlik ko‘rdim. Do‘stlarim bilan o‘quv markazi ochib, u yerda uch yil mobaynida o‘quvchilarga ingliz tilidan saboq berdik. Kollejni tugatgach, o‘zim yashagan shtat (Shimoliy Karolina)dagi kollejga hujjat topshirdim. Qabul qilinganimdan keyin Amerikaga ketdim. Elchi bo‘laman, deb yurardim. Lekin siyosatga qiziqmasdim. O‘qish davomida bu soha men uchunmasligini tushunib yetdim. Keyin o‘sha yerdagi mezbon oila a'zolarimdan maslahat so‘radim. Tibbiyot sohasiga talab kuchli, balki shifokor bo‘larsan, deb taklif qilishdi. O‘ylanib qoldim: tibbiyotga umuman qiziqmayman. Mendan qanday shifokor chiqishi mumkin? Tavakkal qilib ko‘r. Ajabmas, omading kelib qolsa, deyishdi. Aniq qarorga kelib, anatomiya va fiziologiya kursiga qatnay boshladim. U yerda bir semestr o‘qidim. Qarasam, juda qiziq. Bir kuni mezbon oilaning boshlig‘i menga kasalxonada volontyorlik qilib ko‘rishni, bundan ko‘p narsa o‘rganishimni maslahat berdi. Bordim. Yoshi kattaroq volontyordan shu sohaga qiziqishimni aytdim va operatsiya xonasiga kirib jarayonni kuzatishga ruxsat berishadimi, deb so‘radim. U ma'muriyatdan so‘rab ko‘rishini aytdi. 2 oy o‘tgandan keyingina ruxsatnoma olishga muvaffaq bo‘ldim. Shundan so‘ng operatsiya xonasiga kirib jarayonni kuzatadigan bo‘ldim. Operatsiyalardan birida anesteziolog hamkasblaridan meni bu yerda nima qilayotganimni so‘radi. Talaba ekanimni aytishganidan so‘ng, u meni oldiga imlab yaqindan kuzatishga ruxsat berdi. Birozdan so‘ng xonaga jarroh kirib keldi. Operatsiya vaqtida uning aniq qo‘l harakatlari, bir vaqtning o‘zida bir nechta kalkulyatsiyani bajarishi hayratlantirdi. Bu xuddi raqqosning bir maromdagi harakatiga o‘xshardi. Jarroh tananing ko‘krak qismini kesishga kirishdi va yanayam yaqinroq kelishimni aytdi. Keyin qo‘lini ko‘krak qafasiga qo‘yib ohistalik bilan yurakni ko‘tardi. Hayotimdagi bu voqelik meni jarroh bo‘lishimga sabab bo‘ldi.
«So‘nggi umid: Harvard tibbiyot maktabi»
2 yillik Forsyth Technical Community Collegeʼda va Winston-Salem State Universityʼda o‘qib yurgan paytimda ilmiy tadqiqot stipendiyalariga topshirib ko‘rdim. Bir joyda muqim qolishni istamadim. Boshqa tibbiyot maktablaridagi sharoit bilan tanishishni xohladim. O‘quv yili boshi (2018 yil sentabr)dan qaysi joyga hujjat topshirishni hal qildim. Hisoblab ko‘rsam, 40 ta joyga hujjatlarimni topshiribman. Birin-ketin elektron pochtamga rad javoblari yog‘ila boshladi. Bundan xafa bo‘lmadim, chunki hali oldinda o‘ttizga yaqin javob xatlari bor edi. Ko‘nglimni cho‘ktirmadim. Umid bilan kuta boshladim. 39-xat ham kutganimdek bo‘lmadi. So‘nggi javob xati kelishidan oldin ertalab Xudodan chin dildan niyat qilib duo qildim:
«Ey Allohim, musofir yurtda yuribmiz. Butun kuchimni, mehnatimni shu ishga sarfladim. Oz bo‘lsa-da mehnatim samarasini ko‘rsatgin. Onam otam o‘tgandan keyin ko‘ngli yarim bo‘lib qolgan. Onamga xushxabar aytib ko‘nglini ko‘tarishni xohlayman» .
Oradan 5-6 soat o‘tdi. Elektron pochtamga Harvard tibbiyot maktabidan so‘nggi xat keldi. Ochdim. Oxirgi satrlariga qaradim: «Xush kelibsiz» , degan yozuvni o‘qidim. O‘sha paytdagi quvonchimni tasvirlab berishim qiyin. Chin dildan, ixlos bilan niyat qilinsa, istalgan orzuni amalga oshirish mumkinligiga amin bo‘ldim. Tibbiyot maktabi tadqiqotim uchun mablag‘ ajratdi. Yaqin kunlarda ish jarayonini boshlayman. Ilmiy tadqiqotim mavzusi bakterial protein almashinuvi (Bacterial Protein Translocation).
«Professor-o‘qituvchilarimni O‘zbekistonga taklif qilmoqchiman»
Harvard tibbiyot maktabida tadqiqot olib borish uchun grant yutganimdan so‘ng shu paytgacha to‘plagan tajribamni boshqalar bilan baham ko‘rishni istadim. Ijtimoiy tarmoqdagi o‘zbekistonlik do‘stlarim bilan aloqa qilib turdim. O‘zbekistonga kelib Yoshlar Ittifoqi tomonidan tashkil etilgan uchrashuvlarda qatnashdim. Shu vaqt mobaynida «Buyuk kelajak» tashkiloti eksperti Nuriddin Parpiyev men bilan bog‘lanib ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib borayotganini aytdi va o‘z safiga taklif qildi. Tashkilotning maqsadi chet elda yurgan o‘zbekistonliklarni birlashtirib, turli loyihalarni amalga oshirish orqali yurt ravnaqi uchun hissa qo‘shishdir. Bu bo‘yicha bir qancha rejalarim bor. O‘zim tahsil olayotgan universitet professorlari va o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan tajriba almashish, mustahkam aloqa o‘rnatish uchun ko‘prik vazifasini bajarish niyatim bor. Ular bilan muzokara o‘tkazib ijobiy natijalarga erishamiz, nasib qilsa.
«Ufq» romani kim ekanligimni doim eslatib turadi»
O‘qish va ishdan ortib qo‘shimcha mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishga vaqt juda kam qoladi. Lekin bu meni mutolaa qilishdan uzoqlashtirolmaydi. Bo‘sh vaqtimda asosan motivatsion kitoblarni o‘qiyman. Eng sevimli kitoblarim quyidagilar:
«Ufq» trilogiyasi. Said Ahmad
«Ilon Mask: Tesla, SpaceX va fantastik kelajak so‘rovi» . Eshli Vans. (Elon Musk: Tesla, SpaceX, and the Quest for a Fantastic Future”by Ashlee Vance);
«Aqlli bo‘l» . Breyn Treysi. ( Get Smart by Brain Tracy);
«Muvaffaqiyatli insonlarning 7 odati» . Stifen Kovi. (The seven habits of highly effective people by Stephen Covey);
«Muvaffaqiyat qonunlari» . Ryuo Okava (The laws of success by Ryuo Okawa);
«Lahza qudrati» . Ekert Tolli. (The power of now by Eckhart Tolle).
Mana shu ro‘yxatdan «Ufq» romanini alohida ta'kidlamoqchiman. 3ta romanini ham o‘qib chiqqanman. Bu kitob menga kim ekanligimni eslatib turadi. U yerda o‘zbek xalqining haqiqiy hayoti ortiqcha bo‘yoqlarsiz tasvirlangan. Shuningdek, jahon yozuvchilarining asarlari, ayniqsa, Ilon Mask hayoti tasvirlangan kitob judayam yoqadi. Insonni yaratuvchanlikka undaydi.
«Tasavvur qiling, orzularingizga erishasiz»
Vizualizatsiyadan ko‘p foydalanaman, ya'ni o‘z orzularim haqida reallikka aylangandek tasavvur qilaman. Bu o‘z samarasini ham bergan. Harvard universiteti tibbiyot maktabi grantini qo‘lga kiritishni judayam xohlaganman. O‘qishga taklif xati, undagi ismim – hammasini oldindan tasavvur qilganman. Hattoki Harvard tibbiyot maktabi yozuvi oldida suratga tushishim haqida ko‘p xayol qilganman. Mana, niyatim amalga oshdi. Tajribam misolida vizualizatsiya kuchini his qildim. Shuning uchun o‘z oldingizga konstruktiv maqsadlarni qo‘yishdan va ularni amalga oshirishdan cho‘chimang. Muhimi, qo‘rqmay ildam qadam tashlang.
Muhabbat Ma'mirova suhbatlashdi